Poeziya yoxud sheʼr umri

Soʻz – maxzanning nishonasi ham,

Maʼni durining xazonasi ham, – deb yozgan edi Munis. Sheʼr bir buloqdirki, unda soʻzlar qaynaydi, hislar mavjlanadi. Shoir borliqqa ruh koʻzi bilan qarar ekan, undagi yaratiqlardan oʻzini, oʻz ichki olamini, ruhiy holatini axtaradi. Bu – barcha ijod olamidagilarga daxldor boʻlsa-da, shoirlar boshqalarga qaraganda koʻproq koʻngli bilan “hisoblashish”ga majbur. Shoir bir paytning oʻzida, olamga rassom nigohi bilan boqishi va ayni damda dizayner kabi tuygʻularidan sheʼr “tikish”i lozim. Har qanday qofiyali soʻzlar tizmasiga sheʼr deb aytiladi, degan qoida yaratib olgan ayrim sheʼrparastlar qoralayotgan “rangsiz surat”lar bunday nigohdan butunlay holi. Asl sheʼr na zamon, na makon tanlaydi. Adabiyot – ulugʻ maktab. Ijodkorlar esa undagi oʻquvchilardir. Adabiyot maktabidagi sinflar esa undagi yoʻnalishlar boʻlib, buyuk maktabda poeziya alohida bir sinf. Bu muqaddas maskan millat ajratmaydi, yosh tanlamaydi. Faqat isteʼdod va teran nigoh talab etadi, xolos.

Buyuk asarlar oʻlmas gʻoya, oʻzgarmas falsafa va betakror tasvir asosida tugʻiladi. Klassik asarlarimizning abadiylikka daxldorligiga sabab ham ana shu qonuniyat asosida yaratilganligidir. Har bir narsada rivojlanish, oʻsish boʻlganidek, bugungi davr adabiyoti, xususan, sheʼriyatida modernizm yuz ochayotganini koʻramiz. Koʻpchiligimizga bu yoʻnalishda tushkunlik, qoralik atri ufurib turgandek tuyuladi. Shu bahona bilan ulardan voz kechmoqchi ham boʻlamiz. Ehtimol, tafakkurimizni zoʻriqtirgimiz kelmas.

Maʼlumki, adabiyotda, ayniqsa, sheʼriyatda tuygʻularni soʻzda chizish talab etiladi. Nasrdan farqli oʻlaroq poeziyada voqea emas, ruhiyat tasviri yetakchilik qilishini hisobga olganda, modernizmning bugungi sheʼriyatimiz uchun kerakligini tan olishimiz lozim. Modernizmning hayotda boʻlmaydigan mubolagʻali tasvirlash usuli eng nekbin kayfiyatni, inja tuygʻularni soʻzda chizish va undan kitobxonni zavqlantira olishi jihati bilan ahamiyatli va ayni paytda qadimiydir. Eng yaxshi sheʼr – eng yolgʻon sheʼr, degan naql esa goʻzal sheʼrning jimjimasiz boʻlmasligini taʼkidlaydi.

Klassik va modernizm sheʼriyatining oʻxshash jihatlari talaygina. Masalan, Navoiyning tillarda mashhur bir baytiga eʼtibor qarataylik:

 

Orazin yopqach, koʻzimdin sochilur har lahza yosh,

Oʻylakim, paydo boʻlur yulduz nihon boʻlgʻoch quyosh.

 

Mazmuni: Yorning yuzini yashirishi mening koʻzimdagi yoshlarning sochilishiga sabab boʻladi. Bu – xuddi quyoshning pinhon boʻlishi (botishi) bilan osmonda yulduzlarning paydo boʻlishi yangligʻdir. Naqadar goʻzal oʻxshatish! Bu bayt “sensiz kunlarim qorongʻu” degan joʻn bir gapning badiiy ifodasi, aslida. Biroq Adabiyot – oshkoralikdagi oshkorlik emas, shu jihati bilan reallikdan farqlanadi.

XX asr rus sheʼriyatining buyuk dargʻalaridan biri Konstantin Balʼmont “Shafaq gullari” sheʼrida nekbin kayfiyatini ifodalar ekan, “shafaq ranglar – qaytmas shuʼlalar”ga murojaat qiladi. Quyosh shuʼlasidan laʼl kabi qizargan bulutlar, dimiqqan kengliklar, hansiragan oʻrmonlarni “teran” hasratlar iskanjasida tasvirlaydi:

 

…Kengliklar dimiqar, oʻrmon hansirar,

Teran hasratlarga toʻlib bu mahal…

 

Ayni damda shoir lirik qahramonidagi ichki kayfiyatni “qizargan bulutlar”, “hansiragan oʻrmonlar” vositasida ifodalagan.

 

Zihi, hiloling oʻlub oy boshigʻa tigʻi balo,

Bir olmasiz ikki yorgʻon senu quyosh masalo, – deb yozar ekan Alisher Navoiy, yorni quyosh bilan bir butun olmaning ikki qismi deb tasvirlaydi. Bu oʻrinda soʻz sanʼatkori yorning yuzini quyoshga oʻxshatish bilan chegaralansa ham tashbih boʻlardi, ammo Navoiy yuqori darajali topilma yaratadi, endi yorning faqat goʻzalligi emas, balki “kuydirish” sifati ham qoʻshiladi va oʻquvchi bu baytdan bir necha maʼno uqadi. Yoki shoirning yana bir kashfiyotiga eʼtibor qilaylik:

 

Xazon sipohiga, ey bogʻbon, emas moneʼ

Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.

 

Ushbu baytda shoir umr naqadar oʻtkinchiligi, xazon lashkari, yaʼni, oʻlim kelgach, unga chora yoʻqligini uqtiradi. Yuqoridagi baytga hamfikr tarzda:

Toʻkilar oʻylarim qoʻlimdan qumdek,

Oyogʻim ostidan sirgʻalar yoshlik, – deb yozadi rus sheʼriyatining koʻzga koʻringan vakili Nikolay Rubsov.

Qatra su ichra, degaykim, bargu gulning aksidur,

Qatra qonim rangini kim koʻrsa ul paykon aro, – deb yozar ekan yana bir gʻazalida Navoiy, gul va uning bargi suvda oʻz aksini koʻrsatar ekan, mening qonimga boʻyalgan paykonni eslatadi va bu mening koʻz yoshimda aks etgan, demoqchi boʻladi shoir.

Dardning suratini, alamning aksini soʻzda chizgan Anna Axmatova esa:

Daryoda muz qarsillar nogoh,

Osmon goʻyo nedan zadadir… – deb yozadi bir sheʼrida.

Yevropa adabiyotida, xususan, rus sheʼriyatida ichki tuygʻularni tabiat tasviri bilan omuxta tarzda aks ettirish yetakchilik qiladi. Modernistik ruhdagi sheʼrlar ohang emas, soʻz deb atalgan buyuk quroli bilan qalb devorlarini buzib, undagi hislarni oʻqqa tutadi va yurakda gʻalayon – zilzila qiladi. Ana shu tuygʻular silkinishidan kitobxon lazzatlanadi, shirin ogʻriq tuyadi. Bu yoʻnalish oʻzbek adabiyotida Rauf Parfi, Shavkat Rahmon kabi soʻz ustalarining ijodida yanada gullab yashnadi. Shavkat Rahmon bir sheʼrida shunday yozadi:

 

…Maysalarni tarab, parvozga

Shaylanadi cheksiz dalalar.

Oʻspirinlar quchogʻida mast

Qirda asir tushgan lolalar.

 

Bogʻlarda oq alanga gurlar,

Telba qilar shamollar isi.

Gilos gulin kiygan koʻchada

Oqib borar qizlar kulgisi.

 

Dalalarning parvozga shaylanishi, koʻchalarning gilos gulini kiyishi, koʻchalarda qizlar kulgisining oqishi kabi tashbihlar bahorning naqadar shaddodlik bilan kirib kelishi va borliqni oʻz izmiga boʻysundirishi, olamni goʻzallikka burkashi kabi tabiat moʻjizasini soʻzda tarannum etar ekan, sheʼrxon bahor havosini soʻz tarovatida his etadi. Yana bir sheʼrida esa:

 

Oy gulladi. Osmon toqiga

Yulduzlarni kimdir qoqadi.

Oʻzanlarda sokin toʻlgʻanib

Tagʻin quyuq kunduz oqadi, – deb yozadi shoir. Oyning gullashi, yulduzlarning qoqilishi, quyuq kunduzning oʻzanlarda oqishi kabi tong otishi arafasidagi manzaraning jonli tasviri kishini hayratlantiradi. Bunday tasvirlar biroz gʻaliz yoki tushunarsizdek koʻrinadi, ammo jonlantirish va maʼno koʻchirishning bunday usullari real voqeaning obrazlarda jonli tasvirini yaratish imkonini beradi. Yoki Shavkat Rahmon “Insonlar ovozi” sheʼrida insoniyatni birdamlikka chaqirar ekan, oʻz oʻy-xayollarini “tikonli fikrlar ichra ruhimiz” deya jonli tasvirlaydi.

Rauf Parfi lirikasida ham SOʻZ oʻzgacha jaranglaydi:

 

 

Qalqib-qalqib qoʻyadi qarab,

Tabassumlar yozilgan tuproq.

Chapak chalib, sochini tarab

Bosh yuvadi bir hovuch yaproq…

 

Sheʼrni oʻqir ekansiz, undan yomgʻirdan soʻng tuproqdan taraladigan ajib tarovatli hid anqiyotganday boʻladi.

Zargar rangin taqinchoqlar hosil qilgani kabi “soʻz zargari” ham tuygʻularidan sheʼr “yasar” ekan, unga betakror tashbihlar, yangi topilmalar bilan jilo beradi. “Tuygʻular zargari“ – Oʻroz Haydarning jahon adabiyoti va klassik adabiyotimiz taʼsirida yuz ochgan lirikasida hislar oʻzgacha boʻy taratadi:

 

Havoni chaynayman – boʻgʻzim toʻla bugʻ,

Xayolda yulduzdan yasayman marjon.

Ogʻzim-qon, koʻksim – qon, zirqiraydi jon,

Ichimda hilpirar lekin qutlugʻ tugʻ.

 

Ishq tarannumi akslangan bu sonet parchasiga goʻyo ishq olovining choʻgʻi kaft bosgan kabi, misralardan yorqin oʻt zim-ziyo kechani yoritgani tasvirini tuyamiz. Boʻgʻizning bugʻlanishi – iztirobning kuchidan, ishq oʻtidan. Lirik qahramonning ogʻzi va yuragi qonga toʻlishini esa olovning yuqori qismi qizgʻish boʻlishi bilan izohlash mumkin. Oshiqning ichki olamida qutlugʻ tugʻning koʻtarilishi, shubhasiz, ishqning pokligi va magʻrurligidandir.

Yana bir sonetida:

 

Muhabbat oʻlponin banda toʻlolmas,

Ishq yurtida bizlar gʻarib fuqaro, – deb yozar ekan shoir, ishq oʻlkasiga insoniyat hamisha tobe ekanini taʼkidlaydi. Bu misralar aforizmga aylangan ushbu mashhur baytni yodga soladi:

 

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,

Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.

 

Ushbu tasvir oʻzini ojiz va notavon his etuvchi oshiq kayfiyatini ham ifodalagan.

Shoir ishqdan majnun qiyofasiga kelgan koʻngliga murojaat qilib:

 

Shabnam otashida tugʻilgay quyosh,

Muzlar erigaydir toʻkkaningda yosh-

Suv tubida toshlar oʻyinga tushur,

Samo raqqosasi hayratdan behush, – deb yozadi yana bir sonetida. Quyoshdan tomayotgan zarralar shabnamga singar ekan, ana shunda u ilk bor olamni koʻradi. Nurning tugʻilishi, aslida quyoshning tugʻilishi emasmi? Koʻngil sultoni boʻlmish oshiq koʻz yosh toʻkkanida, ishq haroratidan oqayotgan bu yoshlarning qaynoq tafti sovuqda qotgan muzni eritishga qodir. Hattoki, unda toshlar shunday raqs etadiki, samo raqqosasi behush yiqiladi – ojiz qoladi… Ishq surati naqadar betakror boʻyoqda chizilgan! Ishq – buyuk bir qudratki, ilondek bagʻringga kirib, soʻngra ajdardek vujudingga oʻt purkaydi. Ishqdan telba koʻngilgina ishqning siyratini bilishga qodir. Ishq haroratidan kuygan bu misralar koʻngilga simobdek oqib, qoʻrgʻoshindek qotishi shubhasiz.

Xulosa qilib aytganda, shoir qanday yoʻnalishda yozishidan qatʼiy nazar, avvaldan mavjud tuygʻularni mavjud boʻlmagan usul bilan, maʼlum boʻlmagan ranglarda soʻzda naqsh etishi lozim. Aks holda Choʻlpon nazarda tutgan “birxillik” davom etaveradi. Charens “Shoirlik ne?” sheʼrida uni “Harorat, harorat, harorat!” deya taʼriflar ekan, Shavkat Rahmon “Yosh shoirlarga” sheʼrida shoirlarga “chaqilmas toshlarday bir togʻlar qolsin!” deya xitob qiladi. Yaxshi sheʼr zamonlarning aravasi ostida yanchilsa-da, butun qolishi, yaʼni oʻz qimmati va sifatini yoʻqotmasligi lozim. Asl shoir esa sovuqdan “kuyish”i, issiqdan “muzlash”i kerak. Ana shundagina shoir nomi aytilganda kitobxon koʻz oʻngida sheʼrda chizilgan surat boʻlib shoir jonlanadi. Zotan, sheʼrda shoir yashaydi.

 

Zilola Namozova

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 6-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/poeziya-yoxud-sher-umri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x