U guzardagi bozorchaning kiraverishida, tagiga pastak kursicha qoʻyib oʻtiradi. Oldida ikkita xalta. Bittasida pista, bittasida qurut. Qish paytlari yonboshida tagi mix bilan teshilgan paqirda choʻgʻ ham boʻladi: qoʻlini isitish uchun. Uning moli xuddi magazindagi singari qatʼiy narx bilan sotiladi. Chumchuqning tuxumidek qurutning ikkitasi oʻn tiyin, pistaning stakani yigirma tiyin. Stakan ham antiqa: bir kaft pista solishi bilan toʻlib chiqadi. Ertalablari uning kayfiyati yomon boʻladi. Kulrang koʻzlari siyrak qoshi ostidan odamga oʻqrayib qaraydi. Qurut sanayotganda, stakanga pista solayotganda qoʻli titraydi. Bilganlar u bilan savdolashib oʻtirmaydi. Mabodo biron xaridor molining qimmatligini aytsa, baloga qoladi.
– Menga oʻrgatma, oʻv! – deydi koʻzlari gʻazabdan yonib. Jahli chiqqanidan sariq moʻylovi uchib-uchib qoʻyadi. – Zakunni sendan yaxshi bilaman! Senga oʻxshaganlarni deb qon toʻkkanman! – U gapining isboti uchun tarashadek qotib qolgan, bukilmaydigan oʻng oyogʻining tovonini oʻtirgan joyida yerga urib-urib qoʻyadi. – Koʻrdingmi?!
Kechqurunga borib sal chiroyi ochiladi.
– Ja-a-areniy semichka! – deydi ovozini baralla qoʻyib. Oʻtgan-ketganga iljayib qaraydi. Silliqroq juvonlar oʻtsa sariq moʻylovini burib boshini sarak-sarak qilib qoʻyadi. Yaqinroq kelgan kishi ogʻzidan arzon vino hidi gupillayotganini sezadi…
Bu – Dalavoy. Bir vaqtlar dadam tomorqadagi daraxtni kesgani uchun qamatmoqchi boʻlgan, keyin pora soʻragan Dalavoyning oʻzi. Uni deyarli har kuni koʻraman. Har koʻrganda koʻnglimda gʻalati xotiralar uygʻonadi.
* * *
Dalavoy nalugchi boʻlganidan keyin ayniqsa quturib ketdi. Yaqin atrofda “Dalavoy kelyapti”, desa choʻchimaydigan odam yoʻq edi. U gijinglagan qizil jiyron minib yurar, yaraqlab turgan etigi ham, galife shimi, “poʻrim” qilib qoʻyilgan sargʻish sochi ham oʻziga xoʻp yarashgan edi. Yelkasidan oshirib tashlab olingan charm tasmali sumkasi, qoʻlidagi qamchisi kishida qandaydir qoʻrquvga oʻxshagan narsa uygʻotardi. Odamlar uni koʻrganda azbaroyi hurmat qilganidan emas, qoʻrqqanidan salom berardi.
Urush endi bitgan, hammaning ahvoli oʻziga maʼlum… Dalavoy nalugchi soliqni oʻz vaqtida toʻlay olmagan odamlarning hovlisiga toʻppa-toʻgʻri otda kirib kelar, adi-badi aytishib vaqtini oʻtkazib oʻtirmas, namat bormi, samovar bormi, xullas, yaroqliroq biron buyumni baholab olib ketardi.
Odatdagi yoz oqshomlaridan biri edi. Oyim echkini sogʻib boʻlib, “nasibasini” emsin, deb uloqchalarni qoʻyib yubordi-da, oshxonaga kirib ketdi. Biri qora, biri oq ikki uloqcha onasining yeliniga yopishgancha oldingi oyoqlari bilan choʻkkalab dumchalarini likillatib-likillatib emishar, echki uzun, oqish kipriklarini yarim yumib maza qilib kavshanar edi. Oyim oshxonada goʻja pishirar, havoda tutun aralash piyozdogʻ hidi kezar, akam bilan men supada turib kim uzoqqa sakrash oʻynayotgan edik.
Bir mahal koʻcha tomondan tuyoq tovushi eshitildi. Darvoza sharaqlab ochildi-da, qizil jiyronning jilovidan tutgan Dalavoy nalugchi kirib keldi. Akam bir zum angrayib turdi, keyin ovozi boricha qichqirdi;
– Oyi!
Oshxonadan achishgan koʻzini ishqalab oyim chiqdi. Dalavoyni koʻrdiyu shoshib qoldi.
– Voy, voy, aylanay, – dedi ovozi titrab. – Assalomu alaykum. Yaxshi oʻtiribsizlarmi, oʻrgilay? Kelinim eson-omonmilar?
Dalavoy indamay bosh irgʻab qoʻydi. Uning avzoyi buzuq edi. Kulrang koʻzlari qisilib turar, qoʻlidagi ilondek qamchisini oʻynatib-oʻynatib qoʻyar edi.
– Voy esim qursin. – Oyim endi hushini toʻplagandek jilmaydi. – Nimaga qarab turibman? Oʻtiring, oʻrgilay. Hali-zamon ovqatim pishib qoladi. Men hozir…
Oyim koʻrpacha opchiqish uchun boʻlsa kerak, uy tomonga yoʻnalgan edi, Dalavoy qatʼiy bosh chayqadi:
– Yoʻq, mundoq keling.
Oyim taraddudlanib hovli oʻrtasida toʻxtab qoldi.
– Xoʻ-oʻsh, – dedi Dalavoy maʼnodor qilib. – Bu, naluglar koʻpayib ketibdi-ku, bu yogʻiga nima qilamiz?
Oyim jilmayishga urindi:
– Bilmasam, opovsi. Uch kundan keyin adasi maosh oladilar.
– Unisi uch kun deydi, bunisi besh kun deydi! – Dalavoy jahl bilan sariq qoshini chimirdi. – Nima, mening jonim temirdanmi? Yuraveramanmi u eshikdan kirib, bu eshikdan chiqib!
Oyimning koʻzlari tashvish bilan javdiradi:
– Nima qilaylik, opovsi, oʻtgan safar barkashni olib ketdingiz…
Oyimning gapi negadir Dalavoyni gʻazablantirib yubordi.
Kulrang koʻzlari qisilib, allaqanday koʻkish oʻt sachrab ketgandek boʻldi.
– Nima, barkashingizni uyimga oborib qoʻyibmanmi? – dedi ovozi jaranglab. – Zakun bor, bildingizmi?
Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, allaqayoqdan gurji kuchugimiz paydo boʻldi. Xuddi hozir gʻajib tashlaydigandek toʻppa-toʻgʻri otning oyogʻiga yopishib ovozi boricha akillay boshladi. Jiyron yer tepinib pishqirdi. Boshini shiddat bilan koʻtargan edi, Dalavoyning jilov tutgan qoʻli siltanib qayrilib ketdi.
– Yoʻqol-e, padaringga laʼnat! – u jahl bilan jilovni tortdi. Itga qamchi oʻqtaldi. Kuchuk angillab qochdi. Biroq nariroqqa borib battar vovillashga tushdi. – Yeching anovini! – Dalavoy dagʻdagʻa bilan oyimga buyurdi.
Oyim bir zum koʻzlarini pirpiratib turdi-da, sekin, entikib soʻradi.
– Nimani, opovsi?
– Anovi govmish sigirni! – Dalavoy labining bir cheti bilan istehzoli kuldi. – Qoʻtir echkidan boshqa nimangiz bor oʻzi?
– Insof qiling, opovsi. Oʻzi bolalarning ogʻzini oqartirib turgan bisotimizda bor molimiz shu. Buniyam opketsangiz holimiz nima kechadi? Bir joylik odammiz-ku, oʻrgilay.
– Qanaqa gʻalcha odam bular oʻzi? – Jahli chiqqanidan Dalavoyning ingichka moʻylovi ucha boshladi. – Nima, sendaqalardan boshqa ishim yoʻqmi?! Davlat bor, zakun bor! Mana! – U qamchisini qoʻltigʻiga qistirdi-da, yelkasidan oshirib taqib olgan charm sumkasini ochdi. – Mana, – dedi oyimning burniga allaqanday qogʻozni tiqishtirib. – Oʻttiz kilo goʻsht, oʻn besh kilo yogʻ, yuz litr sut… Oʻqing, savod bormi oʻzi?
Oyim qogʻozga emas, Dalavoyning koʻziga termildi:
– Qoʻtir echki qanaqa qilib yuz litr sut bersin, opovsi, – dedi sekin.
– Iya! – Dalavoyning kulrang koʻzlari qisilib ket-di. – Hali davlatning zakuni bekor ekan-da! Tegishli joyda gaplashib qoʻymaylik tagʻin.
Oyimning rangi quv oʻchib ketdi.
– Jon ukam, – dedi yalinib. – Iloyo martabangiz bundan ham ulugʻ boʻlsin. Koʻrib turibsiz-ku…
– E, nimani koʻraman! Mana bu yerga hammasini yozib qoʻyibman-ku! Mana! Mana!
U qogʻozni “mana” deb shahd bilan koʻtargan edi, jiyron hurkib ketdi. Qattiq pishqirdiyu suvligʻini shiqirlatgancha bir siltagan edi, jilov Dalavoyning qoʻlidan chiqib ketdi. Qoʻltigʻiga qistirilgan qamchisi tuproqqa tushdi. Ot dumini gajak qilgancha darvoza tomon yoʻrtdi. Dalavoy jaholatda otning ketidan yugurdi. Bir sakrab jilovdan tutib oldi-da, sudragundek boʻlib boyagi joyga olib keldi. Engashib yerdan qamchisini ol-di-yu, kuchi boricha jiyronning boshiga soldi. Ot jon achchigʻida boshini silkitib oldingi oyoqlari bilan yer tepina boshladi. Ammo Dalavoyning baquvvat qoʻli jilovni burab olgan, har gal qamchi vizillaganida ot pishqirib suvligʻidan koʻpik sachratar, koʻzlari olayib qulogʻini ding qilgancha yer tepinar, biroq jilovini boʻshatolmas edi.
Dahshatdan chinqirib yubordim. Akam hamon angrayib turardi. Oyim yugurib kelib Dalavoyning qamchisiga osildi:
– Urmang, jonivorda nima gunoh!
– E, nari turing! – Dalavoyning koʻzlarida rosmana vahshiy oʻt yonar, oʻzining labi ham xuddi otiniki singari koʻpirib ketgan edi. U aʼzoyi badani titrab turgan otni jilovidan siltab tortgancha hovli burchagiga qarab yurdi. Bir qoʻlida jilov tutgan koʻyi ikkinchi qoʻli bilan echkining arqonini qoziqdan yecha boshladi. Oyim chumchuqdek chirqillab, echkining arqoniga yopishdi.
– Bermayman! – dedi nafasi qaytib. – Oʻldirsang ham bermayman.
Dalavoy arqonni yechib torta boshladi. Boyadan beri yonimda indamay turgan akam supadan sakrab tushdi-da, chopib borib arqonga yopishdi. Dalavoy u yoqqa tortdi, oyim bilan akam bu yoqqa. Oyimning roʻmoli yechilib, yelkasiga tushdi. Sochlari yoyilib ketdi. Echki ham xuddi hammasini tushungandek toʻrtta oyogʻini yerga tirab orqaga tisariladi. Endi ovozi oʻcha boshlagan kuchugimiz tagʻin “ishga kirishdi”. Qandaydir ingichkalashib ketgan tovushda alam bilan akillagancha, koptokdek pildirab chir aylana boshladi. Faqat men dahshat ichida qotib turar, nima qilishimni bilmas edim. Dalavoy arqonni sal boʻshatgan edi, boʻyni choʻzilib ketgan echki boshini silkitib, boʻgʻilib yoʻtala boshladi.
Ichkarida uxlab yotgan ukam shovqin-surondan uygʻonib ketdi shekilli, ayvonga ishtonchan chiqib burni oqqancha yigʻlay boshladi. Oyim Dalavoyning arqonni boʻshatganidan umidvor boʻlib yana yalindi.
– Hech boʻlmasa mana shu qora koʻzlarni oʻylang. Iloyo siz ham shunaqa qoʻsha-qoʻsha oʻgʻillar koʻring, ukam, – dedi harsillab.
Dalavoy arqonni qoʻyib yubormadi. Ijirgʻanib yuzini oʻgirdi:
– E, shunaqa qingʻir-qiyshiq bolalar koʻradigan boʻlsam, koʻrmadim-e!
Oyim tarsaki yegandek birdan seskanib ketdi. Bir zum Dalavoyga tikilib turdiyu arqonni qoʻyib yubordi. Qalin lablari titray boshladi.
– Ol! – dedi ovozi qaltirab. Oʻsha zahoti koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. – Oʻzimni soʻksang soʻk, bolalarimni nimaga haqorat qilasan, imonsiz! – Keyingi soʻzlar boʻgʻzidan yigʻi aralash nido boʻlib chiqdi. – Iloyo u dunyo bu dunyo tirnoqqa zor boʻlgin, bildingmi! Iloyo xonadoning chaqaloq yigʻisiga zor boʻlsin!
Dalavoy birpas bezrayib turdi-da, gʻudranib soʻkindi. Arqonni qoʻyib yuborib orqasiga burildi.
– Opket! – dedi oyim qatʼiyat bilan. – Erkak boʻlsang, soʻzingdan qaytma!
Dalavoy uch qadamcha yurgan joyida shartta burildi. Arqonni yulqib oldi-da, echkini eshik tomon sudrab ketdi. Echki hamon tixirlik qilib orqaga tisarilar edi. Boya onasini toʻyib emib olgan, endi hovlining allaqaysi burchagida yurgan uloqchalar dikonglab echkiga ergashdi. Akam jonholatda yugurib uloqchalardan birining orqa oyogʻidan ushlab qoldi. Uloqcha ayanchli maʼrab tipirchilar, akam qoʻyib yubormas edi. Dalavoy darvozaga yetganda ikkinchi uloqchani etigi bilan turtib ichkarida qoldirdida, bir qoʻlida ot jilovi, boshqa qoʻlida echki arqonini tutgancha eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Roʻy bergan voqeaning butun dahshatini endi tushungandek boʻldim. Echkim boʻlmasa, maydonchaga nima deb boraman? Vali bilan qanday oʻynayman? Toy bilanchi?
Oyim bir zum hovli oʻrtasida sochlari parishon turib qoldi. Keyin hamon yigʻlayotgan ukamning tepasiga keldi. Burnini etagiga artdi-da, koʻtarib uyga opkirib ketdi.
Qosh qorayganda darvozadan yugurgudek boʻlib dadam kirib keldi. Hamma gapni koʻchadan eshitgan shekilli, toʻppa-toʻgʻri uyga kirdiyu qoʻshogʻiz miltigʻini koʻtarib chiqdi.
Oyim dod solib miltiqqa yopishdi.
– Qamab qoʻyadi! – dedi chirqillab. – Nima qilmoqchisiz, qamab qoʻyadi!
– Qoch! – Dadam gʻazabdan qaltirab, tirsagi bilan oyimni nari surdi. – Bir boshga bir oʻlim!
– Kerakmas, Xudo xayringizni bersin, kerakmas.
Oyimning nolasi taʼsir qildi chogʻi, dadam holdan toygandek supaning chekkasiga oʻtirib qoldi. Tizzasi ustiga miltiqni koʻndalang qoʻygancha kaftlari bilan boshini changalladi…
– Davlatning odami bilan oʻynashib boʻladimi, – dedi oyim murosaga chaqirgan ohangda.
– Davlat unaqa deganmas! – dadam jahl bilan tizzasiga mushtladi. – Davlat, birovning oxirgi molini shilib kelasan, deganmas. Bu gap oʻsha piyonistaning oʻzidan chiqqan.
– Qoʻlida qogʻozi bor-ku, – dedi oyim yoshli koʻzlarini moʻltiratib.
– Tagʻin gapiradi-ya! – Dadam hammasiga oyim aybdordek yana tizzasiga mushtladi. – Hech kim unga unaqa qilasan, deb oʻrgatgan emas! Bu ablahning oʻzi davlatni odamlarga yomon koʻrsatib yuribdi. Shunga aqling yetadimi, yoʻqmi!
– Mayli. – Oyim yengining uchi bilan koʻzini artdi. – Ungayam boqqan balo bordir… Mayli, – dedi xoʻrsinib. – Shukr, urush bitdi, bu kunlar ham oʻtib ketar. Hademay bolalar katta boʻlib qoladi. – Dalavoyning boyagi gapi yana yuragini oʻrtab yubordi shekilli, oyimning ovozi titrab ketdi. – Oʻzimni soʻksa mayli edi, bolalarimni nimaga gapiradi…
…Onam aytganidek, oʻsha kunlar unut boʻldi. Turmush iziga tushib ketdi. Kunlardan birida oppoqqina, doʻmboqqina notanish xotin bir narsadan qoʻrqqandek hurkib darvozadan kirib keldi. Oyim aylanib-oʻrgilib unga peshvoz chiqdi. Notanish xotin oyim bilan koʻrisha turib hiqillab yigʻlab yubordi.
– Kuyovingiz yana urdi, – dedi sekin. Uning chap yuzi momataloq boʻlib ketganini endi koʻrdim.
– Kunora uradi. “Qisir sigirsan”, deydi. Boʻyimda boʻlmasa, nima qilay, opajon. “Seni ming taloq qoʻyib onasi oʻpmagan qizni olaman”, deydi. – Notanish xotin hoʻng-hoʻng yigʻlar, oʻpkasini tutib ololmasdi. – “Seni deb odamlarga yomon koʻrindim”, deydi. Nimani qoyil qipti? Topganini ichadi. Kecha mast boʻlib sizni gapirdi. “Shuyam qargʻagan edi”, deydi. Mahallaga qoʻshilolmasam, birovga hasrat qilolmasam. Burchak jinnisi boʻlib oʻtiribman. Kimga dardimni aytsam kuladi. Taʼnadan boshim chiqmay qoldi, aylanay opajon.
Bu – Dalavoyning xotini ekanini endi tushundim. Hayron boʻlib goh onamga, goh Dalavoyning xotiniga qarab turardim.
– Voy, gapingiz qurmasin! – oyim uning yelkasiga qoqdi. – Qoʻying-e, nima, men paygʻambar boʻpmanmi? Jahl ustida aytgan boʻlsam, ming marta qaytib oldim, oʻrgilay! – U choy quyib uzatdi. – Shuni oʻylab yuribsizmi hali? Qoʻying, oʻzingizni bosing. Meni aytdi dersiz, opovsi, ichingiz toʻla bola. Hali shunaqa qoʻsha-qoʻsha oʻgʻillar koʻrasizki, ogʻziga kuchi yetmaganlar uyalib qoladi, aylanay!
Dalavoyning xotini oyimga termilib turarkan, yoshli koʻzlari bilan jilmaydi:
– Aytganingiz kelsin, – dedi pichirlab.
Ammo Dalavoy aytganini qildi: xotinini qoʻyib yuborib, “onasi oʻpmagan” qizni oldi… Teshik munchoq yerda qolmaydi deganlari rost ekan. Dalavoyning avvalgi xotini Abdi degan aravakashga tegdi. Ora-chora bir bolasini koʻtarib, birini yetaklab oyimning oldiga kelib qolar, ikkovlari uzoq-uzoq chaqchaqlashib oʻtirishar edi.
Dalavoyning ikkinchi xotini ham tugʻmadi. Lekin bunisi “zakunni” bilish bobida oʻzidan qolishmas ekan. Dalavoy uni ham “qisir sigirsan”, deb bir marta urgan ekan, “tegishli joy bilan gaplashib qoʻydi” shekilli, nalugchilikdan boʻshatishdi. Biroq, Dalavoy otdan tushsa ham egardan tushmasdi. Hamon jiyronini gijinglatib “poʻrim” kiyinib yurar, faqat endi yelkasiga osib yuradigan charm sumkasi yoʻq edi.
Falokat qosh bilan qovoqning oʻrtasida turadi degan gap bor. Dalavoy bir kuni mast boʻlib kelayotganida ot hurkib sudrab ketibdi, degan gap tarqaldi. Beli bilan oyogʻi sinib kasalxonada yotdi. Uzoq yotdi…
…Hozir uni deyarli har kuni koʻraman. Guzardagi bozorchada oʻtirib pista sotadi:
– Ja-a-reniy semichka!
Bilganlar u bilan savdolashib oʻtirmaydi. Bilmaganlar sal jigʻiga tegishsa, tayoqdek qotib qolgan oʻng oyogʻining tovonini yerga urib-urib qoʻyadi. Gʻazabdan sariq moʻylovi uchib-uchib xirillaydi:
– Menga qara, oʻv! Zakunni sendan yaxshi bilaman. Senlarni deb qon toʻkkanman!
Har gal uni koʻrganimda gʻalati tuygʻular qiynaydi. Bir jihatdan achinaman. Ehtimol, u oʻz vazifasini bajargandir. Ehtimol, oʻsha paytda shunday qilish kerak boʻlgandir. Ammo insonning feʼli gʻalati. Yaxshi narsa esidan chiqsa-chiqadiki, yomonlikni unutishi qiyin. Ayniqsa, bu – bolalik xotirasi boʻlsa… Uni har koʻrganimda koʻz oʻngimda onamni haqorat qilgani xayolimga kelaveradi. Onamning jiqqa yosh toʻla koʻzlari tasavvurimda jonlanadi.
Oʻtkir HOSHIMOV
“Dunyoning ishlari”dan
https://saviya.uz/ijod/nasr/pistachi/