Pillapoya

Goʻzallik

 

U juda goʻzal qiz edi. Tashlab ketdi…

Yigit ikki yil oʻziga kelolmadi. Nihoyat, yaqinlarining qistoviga qarshilik qilishga kuchi tugadi. Uylandi.

Oradan besh yil oʻtdi. Yer aylanaverib odam-odam bilan uchrashar ekan-da. Restoranda sobiq sevishganlar bir-biriga termulib qolishdi. Qiz hamon oʻsha-oʻsha jozibali. Ammo xotinichalik goʻzal emas edi.

 

Pillapoya

 

Zinaga qadam qoʻyib, zabt eta boshlagan Sabr kichik odimlari bilan yuqorilab, maqsadiga yetdi.

Shoshqaloq esa uch-toʻrt zinani ortda qoldirib, sakray boshladi. Oqibat yarim yoʻlda toyib yiqildi. Qayta turolmadi.

 

Billur vaza

 

Hukm – ajralish.

Qarindoshlar kelinning narsa-buyumlarini yuk mashinasiga joylab, qudachilikdan qoʻllarini yuvib, qoʻltiqlariga artib ketishdi.

Qaynona boʻshab qolgan uyga kira solib, achinib, oʻksib-oʻksib yigʻladi. Achchiq koʻz yosh toʻkdi.

Quda taraf bexosdan qaynonaning qimmatbaho billur vazasini sindirib ketgan edi.

 

Yoʻl

 

Togʻ. Yolgʻizoyoq yoʻl. Pastda tubsiz jarlik. Shu yoʻldan bir odam pastga quladi. Bunga xurjun teshigidan tushgan bir tilla tanga sabab boʻldi.

Jarlik tubida chilparchin boʻlgan odam jasadi yotar, sal nariroqda esa bir dona tanga oftob nurida jilva qilardi.

Yolgʻizoyoq yoʻlda esa yarim xurjun oltin ortilgan eshak qaqqayib turardi.

 

Koʻlmak

 

U katta igʻvogar edi.

Ancha-muncha oilalar: aka-ukalar, qoʻni-qoʻshnilar, kelin-kuyovlar, doʻstu qadrdonlar uning igʻvolari sabab yuzkoʻrmas boʻlib ketishgan edi.

Bir kuni uni yomgʻirdan keyin yoʻl chekkasida paydo boʻlgan loyqa koʻlmakchadan topishdi.

Aytishlaricha, u choʻkib oʻlgan.

 

Tarjimai holim

 

Otamning aytishicha, men nafaqat qovun pishigʻida, balki barcha meva-cheva gʻarq pishganda dunyoga kelgan ekanman. Negadir bu yil xazonrezgi erta tashrif buyurdi.

 

Xiyonat

 

Yevropa mamlakatlaridan biri. Sud zali.

– Sizga “janob” deb murojaat etsam, qarshimasmisiz?

– Yoʻq, janob sudya.

– Janob! Nega turmush oʻrtogʻingizni oʻldirdingiz?

– Xiyonat qildi.

– Uni xiyonat ustida tutib olganingiz rostmi?

– Ha, janob sudya.

– Bu birinchi marta xiyonat qilishimi?

– Menimcha, shunday.

– Nega uni qonun ixtiyoriga topshirmadingiz?

– Endi baribir tuzatib boʻlmasdi uni.

– Nimaga asoslanib bunday fikrga keldingiz?

– Chunki uni… ayol kishi bilan tutib oldim. Endi bu yoʻldan qaytmaydi deb oʻyladim.

– Unda nega ajrashib qoʻya qolmadingiz?

– Siz buni umuman tushunmaysiz, janob sudya. Men erimni qattiq sevardim!

 

Ertak

 

Ertak, bu – moʻjiza.

Lekin u yoshligidayoq ertaklarga ishonmasdi. Ulgʻaygach esa – batamom. Moʻjiza haqida eshitsa, ichaklari uzilgudek kulardi. “Gʻirt ahmoqlar”, derdi nuqul.

Kechasi qattiq shamol turdi. Yozning qoq oʻrtasida sharros yomgʻir quyib, momaqaldiroq qoʻliga chaqmoqdan qilich tutdi. U lolu hayron edi.

Oʻsha kechasi uning qoʻshnilari osoyishta uxlab, tuni bilan yulduz sanab chiqishdi. Uni qaytib hech kim koʻrmadi.

U ertaklar olamiga tushib qolgan edi.

 

Sof sevgi

 

Qiz karavotga choʻkdi. Qiz aynan uning yoniga oʻtirganidan xursandchiligi ortdi. Fursatdan foydalanib dilidagi gapni izhor qildi.

– Men sizni juda qattiq yaxshi koʻraman.

– Bilaman. Men ham, – dedi va avval peshonasiga, soʻng yuziga issiqqina labini bosdi-da, oʻrnidan turdi. Qayrilib qaradi: – Endi uxlash kerak.

– Xoʻp, – dedi Bobur va xonadan chiqib ketayotgan bogʻcha opasiga jilmayib boqdi-da, koʻzlarini yumib, uxlab qoldi.

 

Soʻnggi kun

 

Eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Soat esa tungi oʻn birga zang urdi. Eshik ochildi. Ichkari kirgach, xotinini bagʻriga bosdi. Ayol hayron. Undan achqimtil ichimlik hidi anqidi.

– Meni qattiqroq quch, – dedi er. – Yanayam qattiqroq.

Er – xotin shu topda yagona vujudga aylangan edi.

– Men seni sevaman – dedi er.

– Men ham… Hq…

– Avval sevgansan.

Ayol hayron boʻlib kipriklarini pirpiratdi. Ammo qaytib na yuzi, na koʻzi hech qanday ifoda bermadi. Er juvonni bir qoʻli bilan juda qattiq quchdi…

Er sudya qarshisida marhuma xotinining qotili ekanligini tan oldi.

 

Shohrux NEʼMATOV

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi

 

Yoshlik”, 2017–4

https://saviya.uz/ijod/nasr/pillapoya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x