PAYKAL (turkiycha. pay — qism, ulush va fors-toj. kol — xandaq) — 1) marza, ariq, yoʻl va b. bilan ajratilgan katta ekin maydoni, sugʻoriladigan dalaning bir qismi; sholikorlikda pol; chek.
2) tarixiy-etnografik atama. Yozma adabiyotlarda dastlab Abu Abdulloh Xorazmiyning «Mafotih ul ulum» («Ilmlar kaliti») asarida suv oʻlchov birligi tarzida qayd qilingan. 1 P. 10 basta, basta esa eni va boʻyi 1 shair (taxm. 3 sm) boʻlgan teshikdan bir kechakunduzda oʻtadigan suv miqdori. Keyingi davrlarda sath oʻlchovi sifatida qoʻllanilgan. Mac, Quyi Qashqadaryoda 50 tanob yoki 12,5 ga yer 1 P. hisoblangan. Oʻrta Osiyoning bir qancha tumanlarda chek yerlarni shirkat (6—9 dehqon xoʻjaligi) boʻlib ishlash, yerga jamoa boʻlib egalik qilish shakli bulgan. Bunday Paykallar Jan. Oʻzbekistonda 20-a. ning 1-choragiga qadar mavjud boʻlib keldi.
Ochil Boʻriyev.