Panoh (hikoya). Xayriddin Sultonov


Post Views:
142

Hijriy to‘qqiz yuz yettinchi yilning qahraton qishida temuriyzoda hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ishlari taraqqiydan tanazzulga yuz tutgan edi. Kech kuzakning rutubatli, sovuq izg‘irinlari esa boshlaganda u uch oydan ortiq davom etgan qamal so‘ngida – ochlik, miskinlik, xor-zorlik nihoyasida, yer yuzining sayqali bo‘lmish shahri azim Samarqandni g‘addor dushmani Shayboniyxonga tashlab chiqdi. Saltanat va harbu zarb borasida hali achchiq tajribalar orttirib ulgurmagan yosh hukmdor omon qolgap yetmish-sakson chog‘li navkari bilan najot izlab ota yurti Andijonga otlandi. Ammo Samarqand sarhadlaridan chiqib ulgurmaslaridanoq Andijondan noxush xabar yetdi: Zahiriddin Muhammadning inisi Jahongir Mirzo toju taxtni egallab, og‘asini qilich yalang‘ochlab kutmoqda emish…

Kindik qoni tomgan bu viloyat endi ilgidan ketganini payqagan Bobur Mirzo Andijon ko‘hpoyalaridan boshpana topmoq umidida shu tomon yurdi. Biroq bu yerlarda qashqirdek izg‘ib yurgap Sulton Ahmad Tanbalning ta’qib-tahlikasi tufayli yana ortga – Maschoh va O‘ratepaga, undan esa tog‘ oshib Dahkat kentiga qarab chekinmoqqa majbur bo‘ldi.

Boburning bolalik osmonida bir vaqtlar juda erta balqigan shamsi saodat endi undan butkul yuz o‘girgandek edi…

– Chopar mahtal bo‘lib qoldi, amirzodam!

Bobur Mirzo Qosimbekning o‘ktam ovozidagi sezilar- sezilmas toqatsizlik ohangini payqab, xirgoh keragasidan ko‘zini oldi. Padari buzrukvorining xizmatida ham ko‘p saodatlar ko‘rsatgan bir qari, sohibtajriba bekning tulki tumoq ostidagi do‘ng qanshari asabiy tirishib turardi.

– Chopar mahtal bo‘lsa… ijozat bering-da, qo‘ying! – dedi Bobur to‘satdan keskin tovush bilan. – Arslonning mo‘ylabig‘a qo‘l cho‘zmoqdan ne murod, axir?!

Qosimbekning siyrak, sarg‘ish kipriklari pirpiradi:

– Anglamadim, amirzodam

– Nechun anglamaysiz? Yer ostida ilon qimirlasa biladigan sizdek zukko, tezfahm kishining anglamasligi… taajjub!

– Amirzodam afv etsinlar, biroq qulingiz hech vaqt tezfahmlik da’vosini qilg‘an emas! – dedi Qosimbek yupqa lablari gezarib.

– Chakki qilursiz! Arkoni davlatga, siyosat dag‘dag‘asig‘a mansub har kimsa beistisno tezfahm bo‘lmog‘i lozim, – dedi Bobur xiyol yumshab. – Zero, har ishning zaminida yuz ming mulohaza vojib. Bir bemulohaza hukm tufayli ne balolarga duchor bo‘ldik, endi ko‘zni ochmoq darkor.

Qosimbek andak taraddudlanib, so‘radi:

– Qaysi bemulohaza hukm, amirzodam?

– So‘rog‘ingiz ajib bir voqyeani xotiramga kelturdi, Qosimbek, – deya kulimsiradi Bobur. – Bir kuni Mir Alisherbek bilap Sulton Husayn Mirzo o‘rtasida bir suhbat o‘tdikim, Mirzoning tezfahmligiga va Alisherbekning mutaassirligig‘a dalildir. Alisherbek sirli so‘zlarni Mirzoning qulog‘iga pichirlab aytdi. So‘ng dedikim: «Siz bu so‘zlarni unuting». Mirzo shu ondayoq dedikim: «Qaysi so‘zlarni?» Alisherbek bisyor mutaassir bo‘lib ko‘p yig‘ladi…

Ko‘rdingizmi, Qosimbek, Mirzoning so‘rog‘i tezfahmlig‘ig‘a dalil bo‘lsa, sizning tajahhuli orifona (tajahhuli orifona-ko‘rib  ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olish) qabilidagi so‘zlaringiz buning aksidan dalolat beradir.

Qosimbek og‘ir so‘lish olib, sovut-sadog‘ini tuzatib qo‘ydi.

– Ma’zur tuting, amirzodam, biroq qulingizdan bu achchiq kinoyalarga loyiq ne gunoh o‘tdi, bilmasman.

– Bu achchiq kinoyalar emas, Qosimbek, – dedi Bobur o‘ychan, – bu achchiq haqiqatlar, xolos. Sizga kinoya qilmoq xayoli xotirimg‘a ham kelgan emas. Axir, sizga tekkan kaltakning bir uchi albatta bizga ham tegur. Faqat, Sulton Ahmad Tanbaldek makkor tulkining shirin so‘zlariga inonib o‘tirganingiz bizni behad taajjubga solayotir.

– Amirzodam, fahmi ojizimcha, Sulton Ahmad Tanbalning sulhu saloh istagi chin ko‘rinadir. Hozir uning ham ahvoli bisyor tang. Loaqal muvaqqat tinchlik unga ham, bizga ham benihoya zarur. Mana, uzr so‘rab uchinchi bor elchi yuboribdir…

– Lafzsiz kimsalarning uzriga ne e’tibor! – dedi Bobur va forschalab qo‘shib qo‘ydi: – Uzrash battar az gunoh (uzri gunohdan battar)! Yo‘q, Qosimbek, ko‘nglim sezayotir, Jahongir Mirzoga ham, Tanbalga ham inonib bo‘lmas. Bu sargardonliqtin ko‘ra Toshkandg‘a, xon dodam qoshig‘a borg‘anim ma’qul. Xon dodam ham, tag‘oyilarim ham ish ko‘rgan, purtajriba kishilar. Shoyad Toshkanddan bir najot yetsayu bu sargardonliqlar tush kabi unut bo‘lib ketsa!

– Har ne so‘zingiz – vojib, amirzodam, – dedi Qosimbek shoshib. – Ammo Toshkand bormoqdan, nazdimda, bir ma’no chiqmas. Shu choqqacha hech kimsa mo‘g‘uldan muruvvat va yaxshilik ko‘rgan emas. Inoning, qulingizning xon dodangizga ham, tag‘oyilaringizga ham aslo g‘arazi yo‘qtur. Biroq mamlakatdorliq boshqa, qavmu qarindoshlik boshqa. Shuncha yillar mobaynida bormag‘an xon dodangiz qoshig‘a bu yanglig‘ g‘arib ahvolda emas, sha’nu shukuh bilan borsangiz yarashur. So‘ng e’timodli beklarning barchasi Andijon sari yurmoq tarafdoridirlar. Do‘st Nosirbek ham, Qanbar Alibek ham… So‘zlarimga shubha qilsalar, alarni chorlab, kengashib ko‘rsinlar.

* * *

– Muxtasar so‘z shul, beklar. Endi fikringizni ochiq aytingiz: qayon bormoq ma’qul – Toshkandmi, Andijon? So‘ylang, Do‘st Nosirbek!

– Andijon, amirzodam! Ko‘klam chiqqunga qadar ko‘hpoyalarda tahammul qilib turmoq lozim!

– Siz ne deysiz, Qanbar Alibek?

– Andijong‘a qaytmoq kerak, amirzodam. Sargardonliq jong‘a tegdi.

– Xisrav ko‘kaltosh?

– O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtimizda gado bo‘laylik, amirzodam!

– Xo‘p! Tanbalning so‘ziga inonurmisizlar?

– Inonurmiz!

– Elchi xudoning nomini o‘rtaga qo‘yib qasam ichdi-ku, amirzodam!

–Xo‘p! Yo‘l tadorigini ko‘ringizlar: baxtash tavakkal!.. Xo‘sh, Qosimbek, tag‘in ne deysiz?

– Amirzodam, xayolimg‘a bir g‘arib fikr kelib edi: elchilarni izzat-ikrom bilan kuzaturmiz, albatta. Biroq hamiyatga hamiyat bilan javob qaytarsak, xo‘b oqilona ish bo‘lur edi, deb o‘ylayman. Ya’nikim, alar bizga sulh, taklif qilibdirlar, siz ham nishonai tasdiq etib biror nimarsa yuborsangiz chakki bo‘lmas edi.

– Masalan? – Jahongir Mirzo – kichik, siz – ulug‘siz, kichiklardin ayb o‘tganda kattalardin afv lozim. Kiygan libosingizdan birini yuborsangiz, og‘alik-iniliq qayta qaror topqaniga bir ishora bo‘lur edi.

– Ha-a… Nima yuborsak manzur bo‘lur ekan?

– Kiyganingiz bo‘lsa kifoya, amirzodam.

– O‘zingiz sohibtajriba kishisiz, Qosimbek. Mana shu xos bo‘rkimni yuborsam ne deysiz?

– Ma’qul, amirzodam.

– Shoyad shu bilan…

– Inshoolloh, amirzodam. Endi Sulton Ahmad Tanbalg‘a ham biror nimarsa…

– Nima-nima?! Yo‘q, Qosimbek, u haromnamakka otimizning tezagini ham hayf bilurmen!

– Amirzodam, siyosatdorliq hamisha ham zo‘ru zarb bilan emas, ba’zan murosai madora bilan ham amalga oshirilajak. Shu bir arzimas iltifot bilan barchamizning eminligimizni ta’min etursiz.

– Eh, Qosimbek!.. Mayli, sadqai suxaningiz… Nima yubormoqni maslahat ko‘rursiz?

– Yarog‘laringizdan birini yuborsangiz, amirzodam. Ikki o‘rtada adovat tugab bitganiga, hamjihatlik va ittifoq barpo etmoqqa umidvor ekaningizga tasdiq bo‘lur edi.

– Xo‘p! Mana shu o‘guk yassi qilichimni ko‘ring-chi. Bultur Samarqandda o‘zim uchun yasattirib edim.

– O‘bdan keskir, nafis yarog‘, amirzodam. Samimiy tilakning bundan ortiq isboti bo‘lmas. Darvoqye, tug‘iga allanechuk kalima ham naqsh etilibdirmi? Ha-a, «Zahiriddin Muhammad bahodir!..»

– Samarqanddagi zafar xotirasig‘a ustalarg‘a buyurilib edikim, qilich tig‘iga bir tarix bitgaylar.

– Amirzodam, muruvvat va hamiyatingiz bundan ham rivoj topsin, omin!..

Kun bo‘yi gupillatib yoqqan laylak qor kechga borib tindi. Xuftondan so‘ng havo ochilib ketdi, osmonda baland, yorug‘ yulduzlar porladi. Izg‘irin battar kuchayib, yuz-ko‘zni o‘yib- chimchilab ola boshladi.

Raboti Ro‘zaq kentidan ikki yig‘och berida to‘xtab, xufton namozini o‘qidilar. Bobur Mirzo namozdan keyin tag‘in yo‘lga otlanmoqqa buyruq bermoqchi edi, navkarlarining horg‘in qiyofasini, yo‘l urib tashlagan otlarning abgor ahvolini ko‘rib, fikridan qaytdi.

Muttasil sargardonlik, sovuq va ochlik bir haftadan buyon askarlarning tinka-madorini quritgan edi, qurib-qovjirab yotgan po‘panak tol tagida yoqilgan gulxan tafti bir zumda barchani elitib, uyqu og‘ushiga chorladi. Hamma jim, charchoq tilu zabonlarga ham go‘yo qulf solgan, hech kimsaning gap-so‘zga toqati yo‘q edi. Pakana, mo‘g‘ul bashara o‘nboshi Sohibqadam kishi boshiga bir kaftdan mayiz bilan yarimtadan suvi qochgan kulcha ulashib chiqdi. Uch kun burun to‘qayda tasodifan otib olingan jayron go‘shti kecha tugagan, shu sabab bu oqshom qozon suvga tashlangan edi. Ahvolning tangligi, istiqbolning no- ma’lumligi yuraklarida g‘ashlik va qo‘rquv uyg‘otgan navkarlar istar-istamas kavshanib o‘tirishardi.

Sohibqadam beklar qurgan davraga yaqinlashib, ko‘k chorsida qolgan mayiz va kulchaning hammasini ular oldiga qo‘ydi-da, gulxan yonida biqir-biqir qaynab yotgan qumg‘onni olib keldi. Bobur boyadan beri uni jimgina kuzatib o‘tirar edi.

– To‘xtang! – dedi u barmog‘ini tepaga nuqib. So‘ng chorsidan bir siqim mayiz bilan yarimta kulcha oldi-da, Sohibqadamga yuzlandi. – Bizni ham bir navkar deb biling, o‘nboshi! Barchaga barobar taqsim qiling!

* * *

Tong qorong‘isida hamma Qanbar Alibekning jonholatdagi qichqirig‘idan uyg‘onib ketdi:

– YOg‘iy yetti, qo‘pung!

Bobur Mirzo jangi jadallarda ham, sayru sayohatlarda ham hamisha sovut-sadog‘ini yechmay, qilichini belidan qo‘ymay uxlar edi, sapchib o‘rnidan turdi-yu:

– Qorovul qani?! Qosimbek, qaydasiz?! Jangdovul qayda?! – deya xirgohdan otilib chiqdi.

Tashqarida… qirg‘in-qiyomat boshlangan, otlarning kishnashiyu qilichlar jarangi, yaradorlar nolasi yeru ko‘kni tutib ketgan edi.

– Amirzodam, otga mining! Amirzodam! – Allaqayoqdan yetib kelgan Sohibqadam Boburni chetroqqa tortdi.

Bobur egarga mingan zahoti yuz qadamcha naridagi u to‘rtta dushman suvoriysi go‘yo uni kutib turganday, balo-qazodek yopirilib keldi. Oldinda, zulukdek ingichka qorabayirda Sulton Ahmad Tanbal dahshat solib kelardi!

– Ortga buring, amirzodam! Ortga! – deb qichqirdi Sohibqadam oti bilan Boburning bedovini zo‘r berib chetga surarkan.

Bobur ot jilovini bir siltab tortdi. Bedov achchiq kishnab ko‘kka sapchidi, dushman qilichi Boburning naq qulog‘i ostidan shuvillab o‘tib ketdi. U otga qamchi bosib, ro‘parasidagi qiyg‘och ko‘zli, girdig‘umdan kelgan navkarga kamondan o‘q uzdi, ammo g‘animning yuztuban qulaganini ko‘rmadi – boshi uzra ko‘tarilgan qilichni payqab, shartta so‘l tomonga burildi. Shu asno ko‘zlari Sulton Ahmad Tanbalning yovuz o‘t yonayotgan qisiq ko‘zlari bilan to‘qnashdi, so‘ng esa naq peshonasi oldida qilichning sovuq tig‘i yarqiradi. Tanish qilichni ko‘rgan zamoni Bobur alamdan qichqirib yubordi.

– Ah, it emgan Tanbal! Ko‘ppak Tanbal, haromnamak ekansan! – deb qichqirdi u va shu ondayoq dubulg‘asi boshidan uchib ketdi… Qurshovdan omon chiqqanlar qochgandan qochib, qosh qorayganda chor-devor bir qo‘rg‘onga yetdilar. Ko‘pdan buyon inson qadami tegmagan bu vayrona qo‘rg‘onda boyqushlar sovuq huhular, atrofni qorong‘i zulmat bosib kelar edi.

– Shunda tunarmiz! – dedi Bobur bo‘g‘iq tovush bilan.

Otdan tushdilar. Sohibqadam shu zahoti Bobur Mirzoning jarohatini sinchiklab ko‘zdan kechirdi, xurjunidan qandaydir qo‘lansa malham olib surdi-da, shohi qiyiq bilan asta tang‘ib qo‘ydi.

– Xudoyim bir asrabdi, amirzodam. Anchayin manglayingizni yalab o‘tibdi. Ko‘zning egasi bor, deganlari rost ekan, bir bahya qolibdi! –dedi u bosh chayqab.

– O‘z qilichimni o‘z bag‘rimga sanchdilar! – dedi Bobur uh tortib. – Shundoq xiyonatdan so‘ng inson zotig‘a inonib bo‘lurmi?!

Qirg‘in-barot janglarda qo‘rquv nimaligini bilmagan Qosimbekning rangi quv o‘chgan, siyrak mo‘ylablari titrab, ko‘zini yerdan uzolmas edi.

– Umrim bino bo‘lib bundoq nomardlikni ko‘rmagan edim, amirzodam, – dedi u bazo‘r. – Bu qilich mening boshimni emas, boshimdagi xom xayollarni chopib tashladi, – dedi Bobur ohista.

– Bu qilich sizning Tanbaldek qari tulki bilan bog‘lagan hamjihatlik rishtalaringizni ham butkul uzib tashladi, Qosimbek!

Qosimbekning yalpoq yuzlari bo‘zarib, zalvarli kaftini ko‘ksiga qo‘ydi:

– Iqrorman, amirzodam, sizni bu musibatli yo‘llarga gumroh qulingiz boshlab edi. Murtad Tanbal bizni tuzoqqa ilintirmoq qasdida ekan, g‘ofil qoldim.

– Mayli, Qosimbek, endi afsus-nadomatdan hech naf yo‘qtur, – dedi Bobur dubulg‘asini boshiga kiyarkan. – Tangrining irodasi. Faqat o‘shanda so‘zimizga ko‘nganingizda edi, bu ma’nisiz chopqin ham bo‘lmas, shundoq yovqur navkarlarimiz ham behuda juvonmarg bo‘lmas edi… Bu ko‘rgilik ham bizga achchiq bir saboq bo‘lg‘usidir. Shoyad, basir ko‘zlarimiz ochilsa!.. Xo‘sh, beklar, endi ne deysizlar, qaydin najot topurmiz? Fikrimcha, Toshkanddin o‘zga joyda bizga panoh qolmadi!

Allanechuk sarosima ichra bo‘shashib turgan beklar xomush bosh irg‘ab qo‘ydilar.

* * *

Ikki haftadan so‘ng, chahorshanba kuni, namozshom chog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo yupungina kiyinib, bechorahol qurollangan o‘ttizga yaqin navkari bilan Toshkentning sharqiy darvozasi oldiga kelib to‘xtadi. Darvozalar yopilgunga qadar shaharga yetib olmoq niyatida yeldirib kelingan otlar oppoq ko‘pirib ketgan, betoqat pishqirib turar edi.

– To‘xtang! Kimsiz?! – deb hayqirdi minora tepasidagi soqchiboshi.

– Andijondin Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo hazratlari xon dodalarining muborak dargohlariga tashrif buyurdilar! – deb qichqirdi Qosimbek uzangiga oyoq tirab.

– Uronni (parol) ayting! – deb buyurdi soqchiboshi pinak buzmay.

Qosimbek sarosimalanib, yon-veriga alangladi. Navkarlar ham taraddudlanib, bir-birlariga qarab olishdi. Bundan xavotirga tushgan soqchiboshi o‘q-yoyini to‘g‘rilab:

Uronni ayting! deb battar dag‘dag‘a qildi. Uron!

Shu ondayoq ko‘hna devor ortida shovqin-suron boshlanib, tor shinaklardan yuzlab o‘q-yoy otlarga qarab o‘qtaldi. Bobur Mirzo tagidagi arabi bedovni o‘ynatib, uch-to‘rt qadam olg‘a chiqdi-da, ko‘zlarini xiyol qisib soqchi-boshiga tikildi.

– Sayram! – dedi u qat’iy, keskin ohangda. – Sayram!

Soqchiboshi birdan bo‘shashib, o‘q-yoyini yerga qo‘yarkan, pastga qarab po‘ng‘illadi:

– Darvozani oching‘!

…Darvoza yonida jimgina kutib turarkanlar Qosimbek xiyol engashib, Boburga shivirladi:

– Tasanno, amirzodam! Xon dodangiz ishni o‘bdon puxta qilg‘an ekanlar. Ammo siz ko‘pdin buyon bunda bo‘lmag‘on ersangiz, o‘ronni qaydin bilursiz!

– Nechun bilmayin? – deb jilmaydi Bobur. – Toshkand – onam Qutlug‘ Nigorxonimning ota yurti-ku! Toshkand – mening ona shahrim-ku, Qosimbek!.. Qani, marhamat!

Shu asno horib-tolgan, qosh-ko‘zini to‘rt enli chang bosgan quvg‘indi suvoriylar qarshisida Toshkentning ko‘hna mis darvozasi zalvar bilan asta ochildi…

 “TOSHKENT” DEYA ATALUR……

Metodik-bibliografik qo‘llanma
© Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008 y.

https://shosh.uz/uz/panoh-hikoya-xayriddin-sultonov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x