Palagi nopok

Hali maktabga qatnamasdim. Oramizda “Yelim” laqabli bola boʻlardi. Tekkanga tegib, tegmaganga kesak otar, hatto yoshi katta bolalar ham undan uzoqroq yurishga harakat qilardi. “Yelim” laqabini olishiga sabab – u otasi urushga ketganidan keyin ikki yil oʻtib tugʻilgan, onasining aytishiga qaraganda, “qorniga yopishib qolgan” ekan.

Bir kuni Yelim yomon ish qildi. Qayerdandir oriqlab ketgan qora mushukni topib keldi. “Hozir senlarga tomosha koʻrsataman”, dedi-da, mushukning dumiga chizimcha bogʻlab, bigʻillatib, daraxt shoxiga ilib qoʻydi. Anhor boʻyidagi toshlardan koʻylagining etagiga toʻldirib keldi. Keyin besh-olti qadam orqaga chekinib, mushukka tosh ota boshladi. Bolalardan biri “unaqa qilma”, desa, “unda oʻzingni toshboʻron qilaman”, deb xezlandi. Yelim toshlarni shoshilmay, uzoq moʻljalga olib otar, mushuk har gal tosh tekkanda ayanchli miyovlar, tipirchilab, oʻzini u yoqdan bu yoqqa tashlar, ammo qutulib ketolmas edi. Oxiri bechoraning ogʻzidan qon kela boshladi. Biz bolalar dahshatdan qotib, qilt etmay turar, nima qilishni bilmas edik. Bir mahal mushukning koʻzidan yashil olov sachrab ketgandek boʻldi-da, soʻnggi bor miyovlab, tinchib qoldi…

Oʻsha kuni roʻy bergan voqeani ichimga sigʻdirolmay onamga aytib berdim. Onam otamga aytgan, shekilli, kechqurun adam bizni yoniga chaqirib tanbeh berdi:

– Oʻsha bola bilan oʻynasalaring, taʼziringni beraman! – Soʻng, bir zum oʻylab turdi-da, qoʻshib qoʻydi. – Balki bolada gunoh yoʻqdir. Palagi nopok…

Otamning gapini yaxshi tushunmagan boʻlsam-da, Yelimdan nariroq yuradigan boʻldim… U yettinchi sinfni bitirib, boshqa oʻqimadi… Universitetda oʻqib yurgan kezlarim Yelim odam oʻldirib, oʻn yilga kesilib ketganini eshitdim…

Oradan ancha vaqt oʻtdi. Bilmadim, oʻttiz yilmi-oʻttiz besh yilmi… Kuz kechalaridan birida darvoza taqillab qoldi. Chiqsam, telpak kiygan notanish odam turibdi.

– Tanimading-a? – dedi eski qadrdonlardek yelkamga qoʻl tashlab. – Men… Falonchiman.

Rostini aytsam, bunaqa ismli odamni eslay olmadim. Otini qayta soʻragan edim, iljaydi:

– “Yelim”man!

Shundagina “eski qadrdonim” yodimga tushdi.

– Senga bir masalada keldim, – dedi maqsadga koʻchib. – Oʻgʻlim arzimagan narsa bilan qamoqqa tushib qoldi. Tergovchi bilan gaplashsam, jaa-a “zarajat” qilib yuboryapti. Shunga bir yordam berib yuborsang…

– Men tergovchini tanimayman, – dedim rostini aytib.

– Sen ularni tanimasang, ular seni taniydi-ku! Sal tushsin-da, mundoq! “Koʻki”dan oʻn beshta soʻrayapti!

Ochigʻi, oʻgʻlining “arzimagan narsa bilan” qamalganiga ishonmadim. Bunaqa ishlarga aralashmasligimni aytdim. Yelim xafa boʻlmadi.

– Boʻpti, sen boʻlmasang, boshqasi topilib qolar, – dedi-da, ketaverdi…

Oʻgʻlining qismati nima boʻlganini bilmayman-ku, oradan tagʻin besh-olti yil oʻtib, noxush xabar eshitdim. Yelim xotin, bola-chaqasi bilan ajrashib, qoʻshni mahallaning chekkaroq koʻchasidan hovli sotib olgan ekan. Qish kunlarining birida uyiga oʻt ketibdi. Oʻt oʻchiruvchilar olovni oʻchirib, ichkari kirsa, Yelimning kuyib ketgan jasadi yotganmish. Negadir oyoq-qoʻli sim bilan chandilab bogʻlab tashlangan emish…

Bechoraga achindim. Otamning gapi yodimga tushdi: palagi nopok…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/palagi-nopok/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x