Besh yildirki armon bagʻrim ezadi,
Tuygʻularim toʻzon kabi toʻzadi,
Sizni izlab togʻu toshni kezadi,
Izingizni sogʻinaman, onajon.
Joningizni nisor aylab jonimizga,
Bir oʻzingiz yaradingiz oʻnimizga.
Toʻyolmasdan ketgan nurli kunimizga,
Koʻzingizni sogʻinaman, Onajon.
Issiq kulcha hidi dimogʻdan ketmas,
Sizsiz shirmoy nonlar tomogʻdan oʻtmas,
Hamon keliningiz tandiri bitmas,
Tuzingizni sogʻinaman, onajon.
Xayolimdek chuvalanar zolim tun,
Tor doʻppida boshdan oʻtib ketar kun,
Goh soydek quvnoq, gohida mahzun,
Yuzingizni sogʻinaman, Onajon.
Alqovlar koʻp, orasida chini kam,
Hech kim sizdek doʻst boʻlolmas chinakam.
Ogʻir damda boʻlgan dardimga malham,
Soʻzingizni sogʻinaman, Onajon.
E voh, koʻp boʻlarkan yetimga hujum,
Sizsiz yogʻam vayron, koʻylagim gʻijim,
Jonsiz suratingiz koʻzga surtib jim,
Oʻzingizni sogʻinaman, Onajon.
Komil SINDAROV
https://saviya.uz/ijod/nazm/ozingizni-soginaman-onajon/