Abdulla Qodiriy – oʻzbek mumtoz romanchiligiga asos solgan atoqli yozuvchi. Uning ayniqsa, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlari bir qancha tillarga tarjima qilingan.
Xususan, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida “Oʻtkan kunlar”ni Sadriddin Ayniy tavsiyasi bilan tojikistonlik ijodkor Abdusalom Dehotiy ham qancha mashaqqatu iztiroblar bilan oʻz tiliga oʻgirgan. Sababi, bu davrda asar muallifi “xalq dushmani”ga chiqarilib, aybsiz qoralangan.
1937 yilning dolgʻali kunlarida tarjimon doʻsti bilan telefon orqali gaplashib, mudxish xabar eshitadi. Maʼlum boʻlishicha, “Oʻtkan kunlar”ni uyida saqlaganni ham soʻroqqa tutishib, jazolashayotgan ekan. Shu bois, tarjimonning xavotiri ortib, halovati yoʻqoladi. Qoʻlyozmani yashirgan joyidan olib, yoqib yuboradi.
Roman keyinchalik Istad Qosimzoda tomonidan tojikchalashtirilgan. 2002 yili Abdulla Qodiriyning 110 yilligi munosabati bilan Dushanbening “Irfon” nashriyoti asarni chop etdi. Eʼtiborlisi, mazkur kitobning qayta nashri 2016 yili Toshkentda “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan “Roʻzgori mozi” nomi bilan oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.
Bu tojik kitobxonlari uchun oʻzbek xalqining azaliy urf-odatlari, qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Muhammad ShODIY
https://saviya.uz/hayot/nigoh/otgan-kunlar-qolyozmasi-nima-uchun-yoqib-yuborilgan/