OʻLIM JAZOSI — oliy jinoiy jazo chorasi. Jazoning favqulodda turi sifatida faqat alohida ogʻir, inson hayotiga qasd qiladigan jinoyatlar uchun belgilanishi mumkin. Shoʻrolar davrida sud hukmi va maʼmuriy tuzilmalarning qarorlari, hatto «oliy rahbariyatning roziligi» bilan aksilinqilobiy faoliyatlari uchun 800 mingga yaqin hur fikrli aybsiz odamlar otib tashlangan edi.
Oʻzbekistonda Oʻlim jazosini jazolash tizimidan butkul chiqarib tashlash choralari koʻrilmoqda. Mustaqillikdan soʻng oʻtgan vaqt mobaynida Oʻlim jazosi qoʻllanilishi mumkin boʻlgan jinoyatlar tarkibi 33 tadan 2 tagacha qisqartirildi. Ayni paytda Oʻzbekiston qonunchiligida faqat terrorchilik va ogʻirlashtiruvchi holatlarda qasddan odam oʻldirganlik uchungina Oʻlim jazosi berilishi koʻzda tutilgan, xotin-qizlarga, voyaga yetmaganlar va 60 yoshdan oshgan shaxslarga nisbatan Oʻlim jazosi qoʻllanilishi man etilgan. «Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni (2005 yil 1 avg.)ga koʻra, 2008-yilning 1 yanv. idan Oʻlim jazosi oʻrniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy qilinishi nazarda tutilgan. Ushbu farmon insonning yashash huquqini eʼlon qiluvchi va mustahkamlovchi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga mosdir.
Oʻlim jazosi hozirda 58 mamlakatda bekor qilingan, 31 davlat qonunida koʻzda tutilgan boʻlsada, keyingi 15 yil davomida ularning aksariyatida hech kim bu jazoga hukm qilinmagan. Oʻlim jazosi 77 mamlakatda, shu jumladan, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va AQSHning 38 shtatida qoʻllanmoqda. Pokiston, Kongo, Nigeriya va Yamanda voyaga yetmaganlar ham Oʻlim jazosiga hukm etilishi mumkin.