“Oʻgʻulsizliq ichra koʻngulsizliqim”

(Ogahiy uy-muzeyidan reportaj)

 

Qadimiy Xivaga borsangiz, Ichan qalʼadan taxminan besh-olti chaqirim nari Qiyot qishlogʻiga yoʻlingiz tushsa, albatta, kirib oʻting, soʻlim bir maskan bor. Qishloqning bahavoligi, goʻzal manzarasi oʻziga xos. Ayniqsa, bu elning odamlari juda shirinsuxan, soʻzamol. Mehmonni obdon siylashadi. Soʻng ulugʻ oʻzbek shoiri Muhammadrizo Ogahiyning koshonasiga yetaklashadi.

Mana, Ogahiyning bogʻ-muzeyi. Yashillik koʻzga uriladi. Keng, tarovatli bogʻ. Oʻrtasida katta uy. Qarshisida ulugʻ shoirning haykali: nigohlari tiyrak, oʻychan. Darvozadan kirishimiz bilan, katta tut daraxtiga koʻzimiz tushadi.

– Ogahiy tuti, – deydi muzey xodimi Hamrobek Abdullayev. – Uni shoirning oʻzi ekkan.

Keksa tutdan sal narida yana boshqa nihollar oʻtqazilgan. Erta bahor boʻlishiga qaramay, barglari moʻrtaklashga ulgurgan.

Ularga tikilib turganimni koʻrib muzey xodimi izoh berdi:

– Tut nihollarini shu bogʻ-muzeyni barpo etishga bosh boʻlgan shoir Erkin Samandar ekkan.

Xayolimga dramaturg Erkin Samandar bilan muzey tarixi haqidagi suhbat keldi.

Mustaqillikdan oldingi yillar Erkin Samandar viloyat gazetasida bosh muharrir vazifasida ishlardi. Hukumat topshirigʻi bilan paxta ekiladigan maydonlarni borib koʻrar, ish rivojini kuzatar edi. Shunday topshiriq bilan Xivaga, Qiyot qishlogʻiga keldi. Ogahiy siymosini bagʻoyat qadrlagan shoir keksa tutni koʻrdi-yu, unga mahliyo boʻlib qoldi. Mahalliy aholi bu daraxtni Ogahiy oʻz qoʻllari bilan oʻtqazgani, qator tutlardan omon qolgani shu ekanini aytganda, quvonchini yashirolmadi. Qishloqdagi eng keksa kishi unga bolaligida Ogahiyni koʻrganini gapirib berdi: “Ikki yob (ariq) orasi “Miroblar oʻrami” deb atalardi, bu yerda faqat miroblar sulolasi – Ogahiyning qarindosh-urugʻlari yashardi, tutning yonginasida esa Ogahiyning uyi boʻlgan”. Suhbat soʻnggida qariya: “Ogahiy pastroq boʻyli, ammo chayir, oqsoqlanib yuradigan kishi edi. Vafotidan keyin uni oʻzining vasiyati boʻyicha Munisning qabri yoniga qoʻyishgan. Oldin obod joy edi, hozir xarobazor boʻlib qoldi”, deydi oʻksinib.

Erkin Samandar butunlay paxtazorga aylantirilgan “Miroblar oʻrami”ni koʻzdan kechirdi. Qariyadan uyning qaysi yerda joylashganini aniqlab oldi-yu, bu yerni Ogahiyning “oʻziga qaytarishga” bel bogʻladi. Bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaganlar koʻp boʻldi. Ularning yordami bilan shoir “Miroblar oʻrami”ni paxtazordan ajratib, katta boqqa aylantirdi. Ogahiyga oid barcha ashyoni yigʻdi. Rassomlar, usta-meʼmorlar qariyaning xotiralari asosida Ogahiy uy-muzeyini barpo etishdi. Ogahiy mangu qoʻnim topgan joy obod maskanga aylandi.

– Muzey bir necha xonadan iborat, – dedi muzey xodimi. – Bu birinchi xona – Ogahiyning asarlari lavhalaridan namunalar olib chizilgan suratlar bilan bezatilgan. Ikkinchi xonamiz Ogahiyning yoshligi haqida…

Muzey xodimi shoirning 190 yilligini nishonlash haqidagi qaror, muzeyni yaratishga hissa qoʻshgan insonlar, Ogahiy yashagan uy, yoshligi, shajarasi haqida gapirar, mening esa xayolim allaqachon oʻtmishda sayr qilib yurardi.

…Muhammadrizo otasining bagʻoyat suyukli farzandi edi. U keng bogʻda sayr qilishni yoqtirar, olamning goʻzalligi uni shodlantirardi. Ammo kutilmaganda boshiga ogʻir savdo tushdi: otasi mirob Erniyozbek vafot etdi. Shundan soʻng uni amakisi Shermuhammad Munis oʻz tarbiyasiga oldi. Amakisi xonning bosh mirobi boʻlishdan tashqari tarixchi olim, ajoyib xattot va shoir ham edi. Muhammadrizoni oʻz oʻgʻlidek suyar, bilim berar, ajdodlariga munosib er yigit boʻlishi uchun harakat qilar edi. Ogahiy keyinchalik “Taʼviz ul-oshiqin” devonida oʻzi haqida shunday yozgandi: “faqir aban anjad Xorazm mamlakati sultonlarining davlatxoh umarosi zubdalaridin va oʻzbekiya tavoifidin yuz dudamoni umdalaridin mirobligʻ mansabi oliysigʻa mansub va sadrnishinlik martabai mubtalosigʻa mansubdurman”. Yaʼni shoirning ajdodlari amirlar (xonlar) sulolasidan va oʻzbekning yuzlar urugʻidan, mirobligʻ mansabi oliysigʻa mansub va ulugʻ mansabdorlik martabasigʻa bogʻliq, deganidir.

Munis unga qancha mehr koʻrgizsa, shuncha bilimli va ilmli qilmoqqa ham urindi. Va uning mehnatlari zoye ketmadi. Ogahiy xuddi Munis istaganidek, buyuk shoir boʻlib yetishdi. Ustozi vafot etgach, xon bosh miroblik vazifasini Ogahiyga yukladi. Ogahiy tun-kun korizlar boshidan ketmas, odillik bilan xalqqa suv ulashardi. Xorazm tuprogʻi shoʻr boʻlgani sabab kech kuzdan erta bahorgacha toʻrt-besh marta yerning shoʻrini yuvishga toʻgʻri kelar, ariq oxiridagi oilalar yeriga suv bormay qolishidan qiynalishardi. Hatto sovchilikka borganda ham birinchi boʻlib hovlisi ariqqa yaqinmi yo uzoq – shu soʻralar, ariqqa uzoq oilalarga qiz berilmasdi. Bu jihatdan ayrim xonadonlar qiyin ahvolga tushib qolgandi. Ogahiy esa ariqqa uzoq, yeriga suv bormaydigan oilalarni suv boʻyiga koʻchirilish islohotini oʻtkazdi. Oddiy xalqqa nisbatan uning bu odilligi tillarda ovoza boʻldi…

Muzeyning navbatdagi xonasida Ogahiy davriga xos boʻlgan yuksak did bilan ishlangan roʻzgʻor buyumlariga koʻzimiz tushadi. Devor boʻylab ulugʻ shoirning asarlariga ishlangan kartinalar joy olgan. Ularga boqib Ogahiy nafaqat shoir, balki bilimdon siyosatchi, tarixchi ekaniga ham amin boʻldik. Bu yerda uning “Riyoz ud-davla”, “Zubdat ut-tavorix”, “Jome ul-voqeoti Sultoniy”, “Gulshani davlat”, “Shohidi iqbol” kabi tarixiy asarlariga suratlar ishlangan boʻlib, bu asarlarda Xiva xonlari Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammad Aminxon II, Sayyid Muhammadxon, Muhammad Rahimxon Feruz davridagi voqealar bayon qilingan.

“Ogahiy, dilsoʻz nazmingni eshitsa ahli ishq,

Boʻyniga taʼvizdek aylarlar ashʼoringni band”, –

deb yozadi Ogahiy “Taʼviz ul oshiqin” asarida. Kartinaga boqib turib, asarning butun mohiyatini anglagandek boʻlasiz, dilingizda esa shu asarni topib oʻqish istagi paydo boʻladi. Yana tasvirlarda ariq, kanal yoʻllarini kengaytirayotgan xalq, daryo boʻyida yurgan otliqni ham koʻramiz. Beixtiyor koʻz oldimizga qazuv paytida otdan yiqilib shakarlang boʻlib qolgan shoir keladi. U shu sabab miroblik mansabidan ketib, butun hayotini ijodga bagʻishlaydi…

Keyingi xonaga oʻtar ekanmiz, shoirning kundalik turmush tarzi haqida maʼlumot olamiz. Bu yerda oʻsha davrga xos gilam, oʻchoq-qozonlar, roʻzgʻor buyumlari, ust-bosh kiyimlar, dutor, Ogahiy mutolaa qilishni yoqtirgan kitoblar, lavh, uning ustida Firdavsiyning “Shohnoma”si – barchasi shoir istagandek joylashtirilgan, goʻyo. Qulogʻimizga ajib bir navo eshitilgandek boʻladi. Nazarimda, shoir musiqani sevgani sabab, bulbullar bu hovli atrofida doim charx urishadi. Yana ichkarilarkanmiz, Xiva va Ogahiyni chin dildan sevganlarning ular haqidagi kitoblariga koʻzimiz tushadi. Did bilan terilgan bu kitoblarning barchasi shu siymo va shu elni suygan kishilarning asarlari edi.

Bu yerda shoir Matnazar Abdulhakimning Ogahiy gʻazallari tahliliga bagʻishlangan “Mangulik jamoli” kitobidan to Erkin Samandarning shoir hayotiga bagʻishlangan “Quyun izlari yoxud Ogahiy” asarigacha, Aziz Qayumovning “Nazm va tafakkur quyoshi” kitobi-yu Otabek Ismoilovning “Soʻz martabasi” asarigacha topiladi.

Uy-muzeyning ajoyibotga toʻla xonasi eng ichkarida ekan. Xona devoriga butun boʻyicha chizilgan suratlar sizni xuddi Ogahiy zamoniga eltib qoʻyadi. Bogʻda, xayolga choʻmib marsiya yozayotg an shoirning holati beixtiyor sizga ham yuqadi:

“Bilinturmas erdi oʻgʻulsizliqim,

Oʻgʻulsizliq ichra koʻngulsizliqim”

deb yozadi shoir.

U bu marsiyani suyukli shogirdi Muhammad Yaqubxoja vafoti munosabati bilan yozar, ayni paytda oʻgʻli yoʻqligi, uni oʻgʻlidek koʻrgani, endi esa undan ham ajrab qolganidan kuyunardi. Ogahiy yonida uning qalamidan toʻkilayotgan baytlarga tikilib oʻtirar ekansiz, qoʻshni bogʻdan qaynonasiga goʻdagini tutqizgancha yosh kelinchak yurgizayotgan qoʻl tegirmoni ovozini eshitasiz. Soʻng esa katta yoʻldan ot choptirib oʻtayotgan suvoriyning hayqirigʻi, sal naridagi bogʻdan kelayotgan surnay navosi, “Lazgi”ga raqs tushayotgan raqqosalarning qoʻlidagi qayroq ovozi, toʻyga borayotgan moʻysafidlarning gangur-gungur gurunglari qulogʻingiz ostida jaranglaydi…

Muzeydan chiqar ekanmiz, bino oldidagi shoir haykaliga nigohimiz uriladi. Endi u qoʻlidagi kitobdan koʻzini uzib, biz tomonga qaraydi. Nigohlarda esa shunday maʼno uqamiz: “Koʻrdingmi, eshitdingmi, endi oʻqi”.

 

Goʻzaloy MATYOQUBOVA,

Toshkent – Xiva – Toshkent

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ogulsizliq-ichra-kongulsizliqim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x