Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev javob berdi.
Bu haqda Xalq so’zi nashri xabar bermoqda. «Qonunchilik palatasining ertangi yalpi majlisida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi taklifiga asosan, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Yalpi majlisda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyevning axboroti eshitiladi. Shuningdek, Qonunchilik palatasi qarori bilan koronavirusga qarshi kurash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasiga aholining bir qator qatlamlariga (13 xil qatlamga) koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash oʻtkazish lozimligini tavsiya qilishi kutilmoqda. Bugun OʻzLiDeP fraksiyasi yigʻilishida shu masala muhokamasi boʻlib oʻtdi va qaror boʻyicha bir qator eʼtirozlarimni bildirdim. Jumladan, maʼlum aholi qatlamlari uchun tavsiya etilayotgan “ommaviy emlash” ushbu aholi vakillariga emlanish majburiy ekanini anglatadimi? Agar bu emlanishni majburiy boʻlishini anglatsa, uning amalga oshirish mexanizmi qanday? Emlashdan bosh tortgan fuqaroga nisbatan qandaydir jarima, cheklov yoki jazo choralari qoʻllaniladimi? Afsuski, bu savollarni hech biriga qoniqarli javob olmadim. Qolaversa, Maxsus Komissiyaga aniq mexanizmlarsiz majburiy emlanish chora-tadbirlarini amalga oshirish vakolatini berish qanchalik toʻgʻri? Ertaga MK qarorlari joylarda “salla desa, kallani olib keladigan” ijrochilar tomonidan notoʻgʻri talqin qilib, fuqarolar huquqlari qoʻpol buzilmasligiga kim kafolat beradi? Tushunaman, favqulodda holatlar favqulodda qarorlar qabul qilinishini taqozo etadi, lekin bu qarorlar birinchi navbatda konstitutsion normalarni buzmagan holda amalga oshirilishi kerak. Shaxsan men ham aholi oʻrtasida vaksinalash surʼatini oshirish tarafdoriman. Lekin buni toʻgʻridan-toʻgʻri majburlash va vaksina olmaganlarga jarima yoki jazo belgilash orqali amalga oshirilishi tarafdori emasman. Aksincha, avval ham aytganimdek, aholi oʻrtasida vaksinalash surʼatini oshirish jarayonini ragʻbatlantirish va qoʻshimcha imtiyoz va harakatlarni cheklash vositalarini qamrab olishi kerak. Misol uchun, birinchi navbatda, fuqarolarga 2-3 xil turdagi vaksina tanlovini taqdim etish lozim. Ikkinchidan, vaksina olganlarga qimmatbaho pullik yutuqlar yutib olish yoki biror hammaga tegishli turdagi xizmatlardan imtiyoz olish imkoniyatini berish mumkin. Uchinchidan, vaksina olganlarga ishdan qoʻshimcha dam olish kunlari taqdim etish mumkin. Cheklov nuqtayi nazaridan, belgilangan muddatlarda vaksina olmagan 18 yoshdan yuqori fuqarolarga ichki havo va poyezd reyslarida xizmat koʻrsatishni cheklash yoki koʻpchilik toʻplanadigan jamoat joylari va tadbirlariga, deylik sport oʻyinlari, konsert, kinolarga borishni taqiqlash mumkin. Shuningdek, vaksina olmagan 18 yoshdan yuqori fuqarolarga asosiy boʻlmagan davlat xizmatlarini koʻrsatishni cheklash yoki faqatgina xodimlari vaksinalangan savdo va pulli xizmat koʻrsatish subyektlarga faoliyat koʻrsatishga ruxsat berishni yoʻlga qoʻyish mumkin. Yaʼni fuqarolarni toʻgʻridan-toʻgʻri majburlash orqali emas, balki ularni emlanishdan manfaatdor qilish orqali aholini ommaviy emlashga erishish kerak. P.S. Balkim adashayotgandirman, lekin menga ertaga qabul qilinishi kutilayotgan Palata qarori xuddiki «straxovka» sifatida ilgari surilayotgandek. Yaʼni vaksina olishni majburiy etib belgilash qarori jamoatchilik orasida keskin eʼtirozlarga sabab boʻladigan boʻlsa, goʻyoki majburiy emlash tashabbusi xalq vakillari tomonidan taklif etilgan va hammasiga deputatlarni aybdor etib koʻrsatish mumkin boʻladi».