Post Views:
4 374
Har qanday etnonimning o‘z ma’nosi bor. Ko‘pgina etnonimlar juda qadimiy so‘zlar bo‘lganidan xalqlar etnogenezini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.. Odatda xalqlar, shuningdek qabilalar, yirik urug‘larning nomlari qadimiy bo‘ladi. Masalan, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq kabi millat nomlari, qo‘ng‘irot, mitan, qangli, uyshun, qorluq, xalaj kabi urug‘qabila nomlari haqida bir qancha fikrlar bildirilgan, lekin bu etnonimlarning etimologiyalari uzil-kesil hal qilingan emas. Ba’zan adabiyotlarda uchraydigan o‘zbek – «o‘zi bek», qirg‘iz – «qirq qiz», qozoq – «qochoq», mitan – «mo‘ytan» (serjun), qangli – qanqli (aravali), qorluq – «qorliq» (qorda qolgan), xalaj – «qol och» (och qolgan), qalmoq – «chetda qolgan» (islom diniga kirmay qolgan) degan ma’noni bildiradi deyish g‘ayri ilmiy, soxta etimologiyadir.
Etnonimlar tarix taqozosi bilan vujudga kelgan bo‘lib, informatsiya tashiydi. Etnonimlarni o‘rganish juda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Biron-bir hududda o‘tmishda qanday xalqlar yashagan? Muayyan etnonim qaysi xalq, elat, qabilani bildirgan? Masalan, X asrgacha tojik deganda O‘rta Osiyodagi o‘troq aholi bilan birga arab savdo ahlini ham tushunishgan. Ko‘pgina etnonimlar qadimda, sinfsiz jamiyatda va sinfiy jamiyatga o‘tish davrida paydo bo‘lgan.
Kishilar bir necha ming yillar davomida ayrim-ayrim holda urug‘ bo‘lib, keyinchalik esa hududiy-dialektal umumiylik hosil qilib, qabila-qabila bo‘lib yashagan. «Odam», «inson», «o‘zimizning kishilar» kabi ma’nolarni anglatgan ar (er), mann (men) tipidagi etnonimlar ana shu qadim davrlarda paydo bo‘lgan. Bir qancha etnonimlar «haqiqatan odam», «rostakam inson» degan ma’nolarni bildiradi. Tatar, hazar, majar, mishar, avar, bulg‘or kabi xalq va qabila nomlari tarkibidagi ar (er), ir qo‘shimchasi eroniy tillardan birida «odam» degan ma’noni bildirgan va keyinchalik turkiy tillarga o‘tgan. Ariy (oriylar), iron (osetinlarning bir qabilasi) va hatto Eron so‘zlari ham o‘sha ar (ir) «odam» so‘zidan tarkib topgan bo‘lsa ajab emas. Turkman, qaraman, aqman, sarman, quman kabi etnonimlar tarkibidagi mann qo‘shimchasini olimlar hind-yevropa tillaridagi man – men «odam» so‘zidan kelib chiqqan deydilar. Masalan, D.Ye. Yeremeyev va boshqalar fikricha, qipchoqlar tarixiy manbalarda qumanlar shaklida ham tilga olingan (boshqa fikrlarga ko‘ra, quman yoki kuban qipchoqlar tarkibiga kirgan qabila). Quman «qum-man», ya’ni «qum rang (och sariq) odam» yoki «quv (oq qush)-mann», ya’ni oq odam degan ma’noni bildirar ekan. Bu esa qipchoqlarning ruscha nomiga aynan to‘g‘ri keladi: polovets – sarg‘ish demakdir. Tarixiy manbalarning xabar berishicha, qipchoqlar (polovetslar, quman) ko‘zi ko‘k, sochi sariq kishilar bo‘lgan.
YAqin vaqtlargacha nemis etnonimi «gung, soqov», ya’ni «tilga tushunmaydigan» ma’nosidagi ruscha nem so‘zidan tarkib topgan deb hisoblanar edi. So‘nggi yillardagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, «nemis» so‘zi qadimgi germanlarning nemetes qabilasining nomidan olingan bo‘lib, «ko‘chmanchilar» degan ma’noni anglatar ekan.
Shu bilan bir qatorda, ko‘pgina etnonimlarning kelib chiqishi, etimologiyasi hamon ma’lum emas. Masalan, «o‘zbek» so‘zining kelib chiqishi to‘g‘risida turli fikrlar bor. Ko‘pchilik olimlar ko‘chmanchi o‘zbeklar Oltino‘rda xoni O‘zbekxon (1312-1342) ismi bilan atalgan deyishadi. Holbuki, O‘zbekxon Oltino‘rda (Ko‘ko‘rda)da xonlikka ko‘tarilgan vaqtdan oldin, o‘zbek termini Oqo‘rdada paydo bo‘lgan. Ya’ni XIV-XV asrlarda Eron hamda O‘rta Osiyo tarixchilari Oqo‘rdaning barcha turk-mo‘g‘ul qabilalarini o‘zbeklar deb atashgan. Bundan tashqari, o‘zbek ismi O‘zbekxondan oldin bitilgan asarlarda ham uchraydi. Demak, o‘zbek etnonimi O‘zbekxon ismidan kelib chiqqan, degan fikr to‘g‘ri emas. Bu so‘z «o‘zi bek» degan ma’noni bildiradi, deyish ham ilmiy dalil emas. O‘zbek o‘z qabilasi nomi bilan bog‘liq degan fikr ham isbot talabdir. Shunday qilib, «o‘zbek» so‘zining etimologiyasi hamon aniq emas.
O‘zbek urug‘lari nomlari (etnonimlar)ning o‘ziga xos kelib chiqishi tarixi bor. Jonivorlar, xususan, uy hayvonlari nomi bilan atalgan etnonimlar eng qadimiydir. Ular majusiylar davrida paydo bo‘lgan. Urug‘larning muqaddas hayvonlari (totemi) bo‘lib, kishilar o‘zlarini shu hayvonlardan tarqalgan, – deb hisoblagan, jilondi (ilonli), jilontamg‘ali (ilon-tamg‘ali), qulon, oqbura, qorabura (bura-buvra-bug‘ra – bichilmagan erkak tuya), qarg‘a, shag‘al (shaqal-chiyabo‘ri), echki, xo‘kiz etnonimlari shular jumlasidandir. Hayvon nomlari bilan atalgan etnonimlar ba’zan shu urug‘ ajdodining laqabi ham bo‘lishi mumkin.
Ko‘pgina etnonimlar urug‘-aymoq tamg‘asi nomi bilan atalgan, ya’ni har bir urug‘ning o‘z tamg‘asi bo‘lgan. Masalan, mollarini, otlarini boshqalarnikidan farq qilish uchun tamg‘alab qo‘yishgan. Bolg‘ali, kosovli, qaychili, taroqli, cho‘michli, qirg‘ili kabi urug‘larning tamg‘alari shaklan ana shu uy-ro‘zg‘or asboblariga o‘xshash bo‘lgan.
Etnonimlar orasida kishi ismlari ham uchraydi: amirtemir, bo‘ronboy, jalmat, olloberdi, fozil, chig‘atoy; joy nomlaridan kelib chiqqan etnonimlar ham bor: beshqo‘ton, buloqboshi, soylik, urganji, qayirma, qorbuloq, sharqiyalik (shoxruxiyalik – Shoxruxiya – Ulug‘bekning otasi Shoxrux nomi bilan atalgan shahar nomidan) va boshqalar. O‘zbek etnonimlarini semantik jihatdan bir necha guruhga bo‘lish mumkin, chunonchi, biron kasbhunar nomi bilan yuritiladigan etnonimlar: qirsadoq (sadoq- o‘qdon), iyarchi (egarchiegarsoz), gilambobli (gilambofli-gilam to‘quvchi), sayot (sayyod-ovchi), tulkichi, zargarlik, mirishkor, po‘latchi va boshqalar.
O‘zbek urug‘larining o‘ziga xos etimologiyasi bor. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz (shuni aytish kerakki, etnonimlar etimologiyasi haqida keltirilgan fikrlar turli manbalarga suyanib yozilgan; binobarin, uzil-kesil variantlar emas, chunki har qanday etimologiya ham nisbiydir).
Abdal urug‘i Hindiston, Afg‘oniston va xususan O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezida muhim rol o‘ynagan qadimiy xalq-eftalit, ya’ni haytallarning avlodidir. Haytallar (eftalitlar) Suriya, Yunon manbalaridayoq abdel deb atalgan.
Tarixchi Bal’amiy (X asr) fikricha, haytal so‘zi Buxoro tilida «pahlavon», «jasur odam» degan ma’noni bildiradi.
Shu bilan birga keyingi vaqtlarda abdal deganda «gadoy», «darvesh» kishi tushunilgan. Shuningdek, artistlar, sozandalar, qalandarlar, maddohlarning jargoni «abdal (abdol) tili» deyilgan.
Avshar – qadimiy urug‘lardan biri. Arab geograflari Buxoro yaqinida Avshar degan qishloqni tilga oladilar. Abulg‘ozi Bahodirxon avshar so‘zini «ishini ildam ishlamoqchi» deb izohlaydi.
Arg‘in – bu urug‘ O‘rta Osiyoda qadimda yashab kelgan va Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida qayd qilingan arg‘u qabilasining o‘zginasi bo‘lsa kerak. «Boburnoma»da, o‘zbek urug‘larning dastlabki yozma shajarasi hisoblangan va Mulla Sayfiddin Axsikandiyning «Majmuat-tavorix» asarida keltirilgan o‘zbek elatlari ro‘yxatida bu urug‘ arg‘un shaklida qayd qilingan. Bu etnonim mo‘g‘ulcha arg‘in (o‘zagi arg‘ – duragay) so‘zidan kelib chiqqandir. Arg‘in (arg‘un) so‘zi qirg‘iz tilida hozir ham ana shu ma’noni anglatadi.
Asaka etnonimi O‘rta Osiyoda qadimda yashagan sak (saka) nomi bilan aloqador bo‘lsa kerak. Ba’zi bir mulohazalarga ko‘ra, asaka «otliqlar» degan ma’noni bildiradi. Asaka so‘zi joy nomlari shaklida ham uchraydi. Masalan, Andijon viloyatidagi Asaka; Qoraqalpog‘iston hududida Asakaovdon botig‘i bor. Geologlar Asakaovdonning o‘rni yuqori to‘rtlamchi davrda ko‘ldan iborat bo‘lganligini aniqladilar (ovdon, to‘g‘risi obdon «suv ombori», «hovuz»).
Axtachi – qadimgi urug‘lardan biri. Bu urug‘ vakillarini Bobur ham tilga olgan. Axta mo‘g‘ul tilida, umuman «ot» (jumladan «bichilgan ot») demakdir. Axtachi esa «otboqar», «jilovdor» (xon oti jilovini ushlab yuruvchi kishi) ma’nosini beradi.
Bag‘anali – o‘zbek urug‘larining tarmog‘i. Bag‘anali «qorako‘l teri», «yosh qo‘zi terisi» demakdir. Bag‘ana so‘zining «stun» ma’nosi ham bor.
Barlos – O‘zbekiston hududida, asosan Qashqadaryo vohasida ko‘chmanchi o‘zbeklardan chig‘atoy ulusiga qo‘riqlash uchun yuborilgan 4 ta qabilalardan biri. Barlos so‘zi Abulg‘ozixonning fikricha «qo‘mondon», Alisher Navoiy asarlariga yozilgan «Badoyeullug‘at»ga ko‘ra «bahodir» degan ma’noni bildiradi.
Boyovut – respublikamiz hududida qadimdan yashab kelgan urug‘lardan biri. Rashididdinning «Jomeut-tavorix», Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai turk» asarlarida Chingizxon qo‘shinlari bilan birga kelgan qabilalar orasida ham boyovut urug‘i tilga olingan. Boyovut so‘zi «boy», to‘g‘rirog‘i «boylar» «mulkdor» demakdir.
Dug‘lar, Duvlat – dastlab mo‘g‘ul qabilasining nomi bo‘lgan. Dug‘latlar Duklan degan kishidan tarqalgan; duklan (to‘g‘risi – dokolan) mo‘g‘ul tilida «cho‘loq» degan so‘z, dug‘lat esa bu so‘zning ko‘pligidir.
Irg‘anoqli (erganakli) – irg‘oqli urug‘i ham qayd qilingan. Ehtimol, bu ikkalasi bir urug‘ning turlicha talaffuz qilinishidir. Irg‘anaq «katak», «shox-shabbadan to‘qilgan chavra». Demak, bu urug‘ning tamg‘asi katak shaklida bo‘lgan.
Ko‘rpa, Ko‘rpali, Ko‘rpasoy, Ko‘rpaqishloq, Ko‘rpacha, Yangiko‘rpa kabi etnotoponimlarning «yopinchiq» ma’nosidagi asli forscha ko‘rpa so‘ziga hech qanday aloqasi yo‘q.
Qadimiy turkiy tilda ko‘rpa so‘zi bir necha ma’noni anglatgan. Tarixiy yodgorliklarda ko‘rpa so‘zining «bara o‘t», «yosh bola», «qo‘zichoq», «uloqcha», «buzoqcha», «kepak» ma’nolari borligi qayd qilingan. Lekin ko‘rpa so‘zining ko‘pgina ma’nolari unutilgan, shunga qaramasdan respublikamizning ba’zi joylarida bara bedani «beda ko‘rpa bo‘lib qolipti» deyishadi.
Urug‘lar hayvon nomlari bilan ham atalganini hisobga olsak ko‘rpa etnonimi «qo‘zichoq» degan ma’noni bildiradi. Chunonchi, mashhur tilshunos Abu Hayyon al Andalusiy (XIII asr) asarlarida ko‘rpa so‘zi ana shunday izohlangan.
Kerayt (Kerayit) – o‘zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. Turli manbalarda kerayit so‘zi «qora qo‘y», «qora odam» yoki «qarg‘a» deb izohlangan (to‘g‘risi ham qarg‘a), etnonim oxiridagi -«t» harfi ko‘plik affiksidir.
Marqa – yuz urug‘ining bir tarmog‘i. Marqa – «katta, ulkan» degan so‘z, marqa qo‘zi – ertaroq, martdan oldin tug‘ilgan qo‘zi, egiz qo‘zilarning oldin tug‘ilgani. Gavrilov fikricha, marqa (marqa yuz) – yuz urug‘ining eng katta tarmog‘i, urug‘ boshining katta xotini – boybichadan tarqalgan.
Naymanlar – mo‘g‘ul urug‘i deb hisoblanar edi; olimlar naim so‘zi mo‘g‘ulcha «sakkiz» ma’nosini anglatadi deydilar.
Etnograf N.A. Aristov nayman so‘zi Sibirdagi Nayma daryosi nomidan olingan degan fikrni bildirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra naymanlar asli turkiy qabila bo‘lib, sakkizo‘g‘uzlarni mo‘g‘ullar o‘z tiliga moslab nayman deb ataganlar.
Ochamayli (Achamayli) – yuz urug‘ining bir bo‘lagi. Ho‘kiz yoki qo‘tosga uriladigan yoki bolalar minishi uchun mo‘ljallangan egar ochamay deyilgan. Demak, bu urug‘ning tamg‘asi egar shaklida bo‘lgan. Etnograf N.A. Aristov ochamayli urug‘i och (ach) degan qadimgi qabila nomi bilan atalgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qiladi.
Solin – yuz urug‘ining bir tarmog‘i. Solinlar Zarafshon vodiysida, Jizzax viloyatining Jizzax, Zomin, G‘allaorol tumanlarida qayd qilingan. Quloqning ichki yumshoq qismi solin (solinchoq-solichak) deyiladi.
So‘loqli – yuz qabilasining tarmoqlaridan biri. So‘loq so‘zining bir necha ma’nosi ma’lum – 1) qora jigar, taloq; 2) qo‘y-echki qulog‘ining biron joyini kesib em solish, tamg‘alash usullaridan biri – quloqning oldingi tomoni o‘yib kesilsa, oldingi so‘loq, keyingi tomoni o‘yib kesilsa keyingi so‘loq deyilgan; 3) aravaning o‘qiga solinadigan temir.
Tobin – mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib, «ellik» demakdir. Umuman turk-mo‘g‘ul qabila va urug‘larida raqam (son) bilan ataladigan nomlar uchraydi. Masalan, yuz, ming, do‘rmon (do‘rbo‘n – mo‘g‘ulcha do‘rt – «to‘rt») va hokazo.
Tobin urug‘idan bo‘lgan qozoqlar XIX asrda Sirdaryo bilan Ustyurt yaylovidan Tobol daryosi va Orenburg dashtlarigacha bo‘lgan hududda yashaganlar. Tobinlar, shuningdek, o‘zbeklar, boshqirdlar va boshqa turkiy xalqlar tarkibida ham uchraydi.
Tortuvli – Tortuvli urug‘i qo‘ng‘irot urug‘ining ajdodi Qo‘ng‘irot otaning kichik xotinidan tarqalgan ekan; Qo‘ng‘irot ota keksayganda uning kichik xotini o‘g‘il tug‘ib, tortuv (tortiq – sovg‘a) qilgani uchun, undan tarqalganlar tortuvli deb atalgan ekan.
Uyaz (uyas) marqa urug‘ining 16 tarmog‘idan biridir. Uyaz boshqa urug‘lar tarkibiga ham kirgan. Masalan, solin urug‘ining bir shoxi uyazsolin deyiladi. Uyaz (uyas) joy nomlari shaklida ham uchraydi. Qadimiy tilshunos olimlardan Abu Hayyon al-Andalusiy va Jamoliddin Tusiy asarlarida uyaz so‘zi «pasha, chivin» deb izohlangan.
Chinoz (asli chinas, chinos) – mo‘g‘ullar hukmronligi davrida bo‘lgan qabila. Chin-mo‘g‘ul tilida «bo‘ri» demakdir; -«s» esa ko‘plik qo‘shimchasi bo‘lib, bo‘ri chinoslarning totemi hisoblangan.
O‘zbekistonda, xususan Buxoro vohasida Chandir degan qishloqlar uchraydi. Mahalliy xalq qishloq nomini «chodir» (chayla), «chandir teri» degan so‘z deb izohlaydi. Aslida esa chandir turkman urug‘i bo‘lib, o‘zbeklar tarkibida ham tilga olingan. Abu Hayyon chandir so‘zini «duragay, qurama» deb izohlagan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, ko‘pgina etnonimlar, chunonchi, qalmoq, arg‘in «duragay, qurama» degan ma’noni anglatgan. Aslini olganda boshqalar bilan aralashib, chatishib ketmagan bironta ham xalq yoki qabila yo‘q – barcha ellar, urug‘lar bir-birlari bilan aralashib, qo‘shilib ketgan.
O‘tarchi – bir qancha ro‘yxatlarda, chunonchi Mulla Sayfiddin Axsikandiyning «Majmuat-tavorix» asarida qayd qilingan urug‘. O‘tarchi so‘zi qadimiy turkiy tilda «vaqtincha yashovchi» (ko‘chmanchi) ma’nosini anglatgan. Bu so‘zning «Sinchi», «Ot tabibi» degan ma’nolari ham bor.
Qalmoq – qalmoqlar ko‘chmanchi o‘zbeklardan oldin ham Movaraunnahrda yashagan va turkiylashgan mo‘g‘ul qabilalarining avlodlari bo‘lsa kerak. Muhammad Solihning «Shayboniynoma»sida aytilishicha, qalmoqlar Shayboniyxonga qarshi Buxoro hokimi Boqitarxon tomonida turib jang qilganlar.
Qalmoq so‘zi turkiy «qolmoq» fe’lidan olingan, bu so‘z islom dinini qabul qilmasdan majusiylar holida qolgan o‘yrotlarni anglatgan, deyilgan. V.P. Darbakova qalmoq so‘zi mo‘g‘ulcha «duragay», «aralash», «qurama» degan ma’nodagi xalmig so‘zidan kelib chiqqanligini aniqladi. Haqiqatan ham aslida o‘yrotlardan ajralib chiqqan qalmoq urug‘i juda ko‘p urug‘-qabilalar aralashmasidan iborat bo‘lgan.
Qarapchi urug‘i ba’zi bir ro‘yxatlarda 92 bovli o‘zbek urug‘laridan biri qatorida tilga olingan; Surxondaryo viloyatida qarapchi 16 uruqqa bo‘linadi, ba’zan esa yuz urug‘ining katta bir bo‘lagi sifatida qayd qilingan. Ba’zi olimlar fikricha, qarapchi so‘zi qarovchi nozir, nazorat qiluvchi deganidir, chunki qarapchilardan biylar, beklar, qo‘mondonlar ko‘p chiqqan ekan. Qadimiy tilshunos olim Abu Hayyon al-Andalusiy qarapchi so‘zi «qashshoq», «kambag‘al» degan ma’noni bildiradi.
Qiyot Abulg‘ozi Bahodirxon fikricha, mo‘g‘ulcha «tog‘dan oqqan sel» ma’nosidagi qiyon so‘zining ko‘pligidir. Bu fikrni V.V. Radlov ham isbotlaydi. Bundan chiqadiki, qiyonni (qiyonli) urug‘ining etimologiyasi ham o‘sha mo‘g‘ulcha qiyon so‘zi bilan ma’nodoshdir.
Qovchin – o‘zbek urug‘laridan biri; ba’zi bir fikrlarga ko‘ra qovchin, qutchi yoki qushchi bir urug‘dir. Akademik V.V. Bartold fikricha, qovchin so‘zi dastlab urug‘ yoki qabila nomi bo‘lgan emas, balki «qo‘shin qo‘mondoni» yoki «qo‘shin» ma’nosini anglatgan. Qovchin so‘zining «xo‘jayin», «mehmon» degan ma’nolari ham bor. Qovchin joy nomlari shaklida uchraydi. Chunonchi, Yangiyo‘l shahrining oldingi nomi Qovunchi ham aslida qovchin bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shuningdek, Samarqand tumanida Qovchinon (Qovchinlar) nomli qishloq ham bor.
Qurqozon – o‘zbeklarning bu urug‘i Samarqand va Jizzax viloyatlarida qayd qilingan. Qurqozon asli qoraqozon bo‘lgan, degan fikr bor. Qoraqozon so‘zi ikki ma’noda ishlatilgan: 1) bir necha qishloqni o‘z ichiga olgan jamoa, bu qishloqlar hashar, ariq tozalash kabi ishlarni birgalashib bajarishgan; 2) harbiy xizmatga chaqirilgan kishi. No‘kar (navkar)lar muntazam armiya hisoblangan, qoraqozon (yoki qora cheriklar) esa harbiy xizmatdan tashqari o‘z qo‘mondonlarining ekish-tikish ishlariga yordam bergan, mollarga qaragan.
Zambarakning qadimiy, kalta bir turi qozon deyilgan. Bobur «qozon qurdik», «qozon bilan tosh otdi» deganda ana shu to‘pni nazarda tutgan («Boburnoma» tarjimoni Salye ham bu so‘zni rus tiliga ana shu ma’noda tarjima qilgan).
Biz yuqorida etnonimlar haqida, etnonimlarni o‘rganadigan etnonimika fani to‘g‘risida, O‘zbekistondagi ba’zi bir urug‘-qabilalar geografiyasi va ayrim etnonimlar etimologiyasi, ma’nosi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdik. Har qanday etimologiya, xususan aksari qadimiy so‘zlar bo‘lgan etnonimlar etimologiyasi murakkabdir. Tobora unutilib borayotgan urug‘-aymoq nomlarini to‘plash, yig‘ish, shu etnonimlar bilan atalgan joy nomlarini, etnonimlar bilan toponimlar munosabatini aniqlash, ya’ni etnonimlardan nom olgan toponimlar bilan birgalikda urganji, qo‘qoni (qarapchi) kabi joy nomlaridan kelib chiqqan etnonimlarni alohida qayd qilish etnonimika oldida turgan vazifalardandir.
Tarixiy manbalarda dalvarzin qabilasi tilga olingan. O‘zbekistonda Dalvarzin degan joylar ko‘p (Toshkent, Andijon, Surxondaryo viloyatlari). Xo‘sh, bu joylar etnonimdan joy olganmi yoki aksinchami? Bu etnonimning ma’nosi nima? Dalvarzin asli termin. Bunday deyish uchun quyidagilarga asoslanamiz. Qozog‘istonda va Qirg‘izistonda Do‘rbo‘ljin degan joylar bor. Afg‘onistondagi tarixiy bir joy Dilberchin deyiladi. Sirdaryo bo‘yidagi Dalvarzin cho‘lini tojiklar Dilvarzin deyishadi; bu cho‘lning mahalliy talaffuzi ham asli Delbarzin. Ana shu joy nomlarining hammasi mo‘g‘ulcha do‘lbo‘rjin, ya’ni «choldevor» (shahar xarobasi) so‘zidan kelib chiqqan deb hisoblaymiz. Demak dalvarzin qabilasi joy nomi bilan atalgan.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Etnonimika ana shu kabi muammolarni hal qilishga ko‘maklashadi.
A.H. Arifbayev, S.Q. Qorayev (Geodeziya va kartografiya milliy markazi)