O‘zbek elatining shakllanishi va uning rivojlanish bosqichlari


Post Views:
9 151

Ma’lumki, o‘zbek elatining shakllanish jarayoni boshqa turkiy zabon xalqlardan birmuncha farq qilgan. Jumladan: o‘zbek elatining ajdodlari tub yerli etnik birliklar asosida, ya’ni ikki til (turkiy va eroniy tillar) turkumidagi xalqlarning aralashuvi jarayonida vujudga kelgan.

Movaraunnahr va unga tutash mintaqalarda turg‘un yashovchi aholi so‘g‘diylar, xorazmiylar, turkiy zabon etnoslar o‘z hududlarida qadimdan yashab, bo‘lajak o‘zbek elatining poydevorini tashkil qiladilar[1].

O‘rta Osiyoning o‘troq voha aholisi so‘g‘diylar, xorazmiylar, baqtriyaliklar, parkanlar, chochliklar nomi bilan yuritilgan. Ular yashagan vohalarni o‘rab olgan dashtlarda esa chorvador ko‘chmanchilar yashar edilar. Ular Ahmoniylar bitiklarida saklar deb atalgan. Yunon manbalarida ular skiflar deb yuritilgan. Asosiy xo‘jaligi chorvachilik bo‘lgan bu aholi «Avesto»da turlar deb atalib, ularni yurti Turon[2] deb yuritilgan. Bularning har ikkisi ham o‘zbeklarni qadimgi etnik qatlamiga oid deb tushunmoq kerak. Bu bronza davriga to‘g‘ri kelib, bu davrda Movaraunnahrga birinchi bor turkiy zabon qabilalar kirib keladilar. Bu bosqichda zardushtiylik e’tiqodlari bo‘yicha inson hayotining mohiyati halol va poklik ekanligi, inson ezgu fikr, ezgu amal orkali yomonlik bilan kurashganlar. Bu davrdagi ajdodlarimiz yutuqlari Sharq (Xitoy, Hindiston) va G‘arb (Rum, Yunon) madaniyatiga ijobiy ta’sir qilgan. Keyin milodiy II-Sh asrlarda turkiy tilli etnoslarning iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti rivojlanib, milodiy IV-V asrlarda yangi Qang‘ar elati shakllanadi.

Turk xoqonligi davrida turk va so‘g‘d tilli xalqlarning o‘zaro yaqinlashishi, aralashish jarayoni davom etgan. Natijada ikki qardosh o‘zbek va tojik xalqlarining shakllanishiga iqtisodiy va etnomadaniy sharoitlar yaratiladi.

IX-X asrlarda K.Shoniyozovga ko‘ra o‘zbek xalqi elat bo‘lib shakllangan[3]. Ma’lumki,o‘zbek va tojik elatlari sak-massagetlar, baqtriylar, YUECHJILAR – qang‘arlar, xunlar, so‘g‘diylardan tomir olgan. Lekin ularni har biriga xos tili, o‘zligini anglashi kabi farqli xususiyatlari mavjud bo‘lib, har bir elat ana shu xususiyatlari bilan birbiridan farq qilgan.

XI asrda ham Mavaraunnaxr va unga tutash mintaqalarda yashovchi aholi etnik, iqtisodiy va madaniy jihatdan bir-biri bilan yaqinlashib, qorishib boradilar. Bu bosqichda Islom dini ta’sirida ilmu-fan, ma’rifat taraqqiy etgan. Imom Buxoriy, at-Termiziy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro tariqatlari ravnaq topadi. Ahmad Farg‘oniy, Al-Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn-Sino kabi vatandoshlarimiz jahon ilmu-fani, madaniyati va taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shganlar.

Ajdodlarimiz asarlarini G‘arb mamlakatlarida tarqalishi Ovropa madaniyatiga ta’sir etib, Ovro‘pa uyg‘onishi – «Renessanisi»ni vujudga keltirdi, ya’ni Yevropani ming yillik «uyqu»dan uyg‘otdi. O‘zbek xalqining shakllanish jarayonining yakunlovchi bosqichi XIasrning o‘rtalaridan to XII-asr o‘rtalarigacha davom etib, elatga xos etnik belgilarning rivojlanishi me’yoriga yetadi.

Bu davrda «O‘zbek» atamasi vujudga kelib, bu so‘zning tom ma’nosi «o‘z» va «bek» so‘zlaridan iborat bo‘lgan, «Asl bek» demakdir[4]. Bu o‘zbeklar XVI asr boshlarida o‘z sardorlari bilan Movaraunnahrga kirib keldi va sulolaviy hukmronlikni temuriylardan tortib olib, bu o‘lkaga o‘zbek nomini olib keldi. Bu nom bugungi kundagi o‘zbek xalqi etnik nomiga aylandi.

Ming shukurlar bo‘lsin-ki, mustaqilligimiz tufayli o‘zbek «o‘ziga bek» va o‘ziga-o‘zi «Xo‘jayin» bo‘lib, dunyo xaritasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Eng yangi etnografik tadqiqotlarga asoslanib, o‘zbekni quyidagicha ta’riflash imkoniyatiga ega bo‘ldik: «o‘rta gavdali, bug‘doy rang, sochi qora, va qizg‘ish-qo‘ng‘ir, soqoliqora, ba’zida kul rang, burni kichkina va to‘g‘ri, lablari qalin, tishlari oq va sog‘lom, peshonasi to‘g‘ri, qosh usti kam bo‘rtib chiqqan, qoshlari yoysimon, iyagi yirik, yuzi serqirra, qulog‘i katta va ajralib turadi, oyoq-quli mehnatda toblangan, gavdasi risoladagidek» bo‘lgan[5].

Shu bilan birga o‘zbeklar boshqa millatlardan ochiq ko‘ngilliligi, mardligi, jiddiyligi, vatanparvarligi, insonparvarligi, mehr-murruvatligi, mehmondo‘stligi, kechirimliligi, mehnatsevarligi, ona va ayollarni e’zozlashi, otalarni hurmatlashi, yaxshilik qilish kabi qadimiy an’analarni saqlab qolishi bilan ham farqlanadi. Shu bilan birga o‘zbeklarning «oilaviy munosabatlarini» asl namuna deb hisoblasa bo‘ladi deb yozib qoldirgan Xerman Vamberi[6].

Mamlakatimizda bugungi kunda ta’lim to‘g‘risidagi, kadrlash tayyorlash milliy dasturi asosida boshlangan ma’rifiy isloxatlar o‘ylaymiz-ki, IX-XII asrlardagi ma’rifat taraqqiyot «g‘ildiragi»ni aylantirib yuborganidek, millatimizni ma’naviy yaxshilashga poydevor bo‘ladi. Lekin ma’naviyatni iqtisodiyotdan ajratish mutlaqo xato bo‘lgandek, bugungi kunda milliy salohiyatimizni rivojlanishida ekologik omillarni zarurligi millat ravnaqiga o‘z ta’sirini o‘tkazmokda.

X. Tangirova, F. Tojiyeva (Urganch Davlat universiteti)

[1] Shoniyozov K. O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. –Toshkent, 2001 y. 86-bet

[2] Asqarov A. O‘zbekiston tarixi (Eng qadimgi davrlardan eramizning V asrigacha). – Toshkent, 1994 y. 123-bet

[3] Shoniyozov K. O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent, 2001 y. 98, 313, 318-betlar

[4] O‘zbegim. – Toshkent, 1992 y. 115-bet

[5] O‘zbegim. – Toshkent, 1992 y. 120-bet

[6] O‘sha manba. 122-bet

https://shosh.uz/uz/o-zbek-elatining-shakllanishi-va-uning-rivojlanish-bosqichlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x