Ozarbayjon adabiyoti

Ozarbayjon xalqi Kavkaz va Kavkaz ortida yashovchi xalqlar orasida qadimiy madaniyat tarixi va boy adabiyotga ega boʻlgan xalqlardan biridir (ozarbayjon tili turkiy tillar oilasiga mansubdir). Uning xalq ogʻzaki ijodi va yozma adabiyot formasida yaratilgan eng qadimgi namunalarida odamiylik, haqiqat va adolat uchun kurash, mehnatga muhabbat va qardosh xalqlarga hurmat singari olijanob tuygʻular oʻz ifldasini topgan.

Turli-tuman adabiy janrlarda yaratilgan xalq ishqiy-qahramonlik dostonlari, ertaklari, marosim va muhabbat qoʻshiqlari, shuningdek, xalq latifalari va maqollardan iborat folklor asarlari turli tarixiy davrlarda yaratilib, ogʻizdan-ogʻizdan koʻchib bizgacha yetib kelgan. Bulardan eng mashhurlari “Kitobi dada Koʻrqut” va “Koʻr oʻgʻli” eposlari, “Oshiq Gʻarib”, “Shoh Ismoil”, “Asli va Karam” ishqiy dostonlari, Melik-Mamed va Kal Ahmad sarguzashtlaridan hikoya qiluvchi kulgili ertaklar, insoniy muhabbatni olqishlovchi toʻrtlik-bayotlardir.

Ozarbayjon xalq ogʻzaki ijodi va qadimiy yozma adabiyoti bilan Oʻrta Osiyoda yashovchi oʻzbek, tojik, turkman, qirgʻiz va qoraqalpoq xalqlarining adabiyoti oʻrtasida bir-biriga oʻxshash juda koʻp anʼanalar mavjud. Keyinchalik ozarbayjon klassik adabiyoti va oʻzbek, tojik, turkman klassik adabiyotlarining yirik vakillari ijodida ham oʻzaro aloqa va taʼsir turli-tuman shakllari davom etib keldi.

Ozarbayjon adabiyoti tarixi mundarijasini biz Araks daryosining ikki qirgʻogʻida – hozirgi Ozarbayjon va Janubiy Ozarbayjon (Eron Ozarbayjoni) hududida juda qadim zamonlardan beri yashab ijod etib kelayotgan ozarbayjon xalqining bir butun milliy adabiyoti shaklida tasavvur qilamiz. Chunki bu bir butun milliy adabiyoti shaklida tasavvur qilamiz. Chunki bu adabiyot uzoq asrlar davomida Kavkaz ortida birin-ketin hukmronlik qilgan eron shohlari, turk sultonlari, arab va moʻgʻul istilochilariga qarshi olib borilgan kurash jarayonida shakllandi va rivojlandi.

Ozarbayjonda VII-VIII asrlarda arab tili, IX asrdan boshlab esa fors tili rasmiy davlat tili hisoblanganligi tufayli Ismoil Yassor (VII asr), Ahmad Tabriziy (X asr), Bahmanyor Alii Bokuyi, Xatib Tabriziy (XV asr) kabi oʻnlab ozarbayjon shoirlari oʻz asarlarini arab va fors tillarida yozishga majbur boʻlganlar. Keyinchalik bu anʼanani ozarbayjon shoirlaridan Hoqoniy-Shervoniy, Nizomiy-Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy va, qisman, hatto Mirzo Fatali Oxundovlar ham davom ettirganlar.

XII asr ozarbayjon poeziyasining gullab-yashnashi, shubhasiz Nizomiy-Ganjaviy nomi bilan bogʻliqdir. Chunki Nizomiy-Ganjaviy oʻz lirikasi va xamsachilikka asos solgan besh genial dostonida Sharq poeziyasi erishgan yutuqlarga yakun yasadi va roeziya taraqqiyotida uzoq asrlar salmoqli rol oʻynagan yangi anʼanani boshlab berdi.

Muhammad Fuzuliy ijodi ozarbayjon poeziyasining yuqori choʻqqisi edi. Fuzuliy lirikasining asosiy motivi insonga shodlik va quvonch, tashvish va alam bagʻishlovchi pok muhabbatdir. Shoirning fikricha, sevgi kishilarga adolat uchun olib boriladigan kurashda kuch bagʻishlaydi. Fuzuliy lirikasida ishq-muhabbat mavzui koʻpincha turli ijtimoiy-falsafiy masalalar bilan chambarchas bogʻlangan holda talqin etilar ekan, shoir zolim va farosatsiz hukmdorlarni, aldoqchi ruhoniylarni qattiq tanqid ostiga oladi. Buyuk adibning gumanizmi uning ozarbayjon tilida yaratgan genial dostoni “Layli va Majnun”da ham oʻzining yorqin ifodasini topdi. Bu asarda Fuzuliy oʻz ustozlari Nizomiy va Navoiy ijodidagi eng yaxshi anʼanalarni davom ettirib, pok insoniy sevgi, muhabbatni olqishlaydi. “Bang bilan boda”, “Sehat va maraz” deb ataluvchi tamsiliy asarlarda esa shoir oʻsha zamonning muhim ijtimoiy-ahloqiy masalalari haqida fikr yuritadi. Ozarbayjon adabiy tilining shakllanishida ham Fuzuliyning xizmati gʻoyat katta.

XVI-XVII asrlarda turk sultonlarining Ozarbayjonga qilgan hujumi natijasida mamlakat yana xarobaga aylanib, adabiy hayot inqirozga yuz tutdi. Yozma adabiyotda diniy gʻoyalar hukmron edi. Biroq xalq ogʻzaki ijodida vatanparvarlik, xalqlar doʻstligi gʻoyalarini targʻib etuvchi bir qancha qahramonlik dostonlari yuzaga keldi. Bu asarlarda ozodlik va mustaqillikka intilish, bosqinchilarga qarshi gʻazab va nafrat motivlari ozarbayjon, arman va gruzin xalqlari oʻrtasida doʻstlikka chorlovchi kuylarga hamogʻang boʻldi.

Oshugʻlik poeziyasining keng quloch yoyib taraqqiy etishi bilan folklorning klassik adabiyotga taʼsiri kuchaydi. Klassik poeziya xalq ogʻzaki ijodi mavzulari bilan boyidi, realistik tasvirga intilish ortdi. Sheʼriy asarlarda muhabbat mavzui bilan bir qatorda davrning ijtimoiy-siyosiy voqealarga aloqador masalalar ham koʻtarib chiqiladigan boʻldi.

Vidodiy bilan Voqif XVIII asr xalq poeziyasining eng yaxshi xususiyatlarini oʻz ijodiga singdirgan atoqli oʻzarbayjon shoirlari edilar. voqelikni haqqoniy aks ettirish, xalq orzu-umidlariga yaqinlik hamda sheʼrni nihoyatda sodda va xalqchil uslubda yozish bu ikki doʻst va maslakdosh shoir ijodining fazilati edi. Har ikkala shoirning ham lirikasi xalq ogʻzaki ijodining boy xazinasidan oziqlandi.

Ozarbayjon maʼrifatparvarlari orasida XIX asrning buyuk dramaturgi va mutafakkiri Mirzo Fatali Oxundov (1812–1878) oʻziga munosib faxrli oʻrinni egallaydi. Yoshlikda eski maktabda savodini chiqargan, bir necha tilni mukammal egallagan va adabiyotni chuqur bilgan M. F. Oxundov Tiflis shahridagi rus-tatar bilim yurtida rus tili va adabiyotini zoʻr havas bilan oʻzlashtiradi. U genial rus shoiri A. S. Pushkin asarlarini mutolaa qildi. Uning fikricha, ozarbayjon xalqining ayanch ahvolda yashashiga sabab, birinchi navbatda, keng mehnatkash ommaning savodsizligidir. Shuning uchun u zoʻr berib maʼrifat tarqatish, mehnatkashlar bolalarini oʻqitish, ularni savodxon qilish uchun jon kuydiradi. Oxundev arab alifbesini lotin grafigi asosida qayta tuzib chiqdi.

M. F. Oxundov ozarbayjon realistik adabiyotining asoschisidir. Chunonchi, u ozarbayjon adabiyotida realistik komediyalar yaratib, ozarbayjon milliy teatrining shakllanishi uchun zamin hozirladi. Uning “Mulla Ibrohim Xalil kimyogar” (1850), “Xasis kishining sarguzashti” (1852) va “Tabiatshunos Musye Jordan” (1850) komediyalarini feodalizm jamitidagi hukmron doiralar ustidan chiqarilgan aybnoma deb atash mumkin. Bu sahna asarlarida dramaturg achchiq va oʻtkir hajviy kulgini farosatsiz va oʻtaketgan xasis pomeshchik Hotam ogʻa, uning qizi Sharafniso, xotini Shahribonularga qarshi (“Tabiatshunos Musye Jordan”), zargar Mashadi Jabbor, ruhoniy mulla Salmon, pomeshchik Safarboy va shularga oʻxshash hukmron doira vakillariga qarshi olib boruvchi va ilgʻor gʻoyalarni targʻib etuvchi Hoji Nuriy singari kishilar obrazini yaratishga alohida eʼtibor beradi. Bu jihatdan Oxundov yaratgan dramaturgiya bilan buyuk rus adibi Griboyedov dramaturgiyasi oʻrtasida bir qadar yaqinlik mavjudligi diqqatga sazovordir. Griboyedovning “Aql dastidan dod” komediyasidagi Chatskiy obrazi Oxundovning “Kimyogar Mulla Ibrohim Xalil” asaridagi shoir Hoji Nuriy obrazini eslatadi.

M. F. Oxundov shoir sifatida ham rus poeziyasining eng yaxshi anʼanalarini Sharq klassik poeziyasining ajoyib anʼanalari bilan bogʻlab rivojlantirdi. U oʻz sheʼrlarida rus va ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni tasvirlagan boʻlsa, 1837 yilda yozilgan “Sharq poemasi”da “sheʼriyatning soʻnmas quyoshi” Pushkin obrazini yaratdi.

M. F. Oxundovning folklor materiallaridan keng foydalanib yozgan yirik nasriy asari – “Aldangan yulduzlar” povesti oʻsha davrda realistik prozaning paydo boʻlayotganligidan dalolat berar edi.

Ozarbayjon xalqi bilan Oʻzbekistonda yashovchi xalqlar oʻrtasidagi adabiy-madaniy aloqalar qadimiy tarixga ega. Buyuk Nizomiy-Ganjaviyning “Xamsa”si oʻzbek xalqi orasida mashhur boʻlganidek, Alisher Navoiyning gʻazal va dostonlari ozarbayjon madrasalarida oʻqitilgan.

XX asr boshlarida M. F. Oxundov, A. Sobir singari ozarbayjon demokrat yozuvchilarining ijodi ilgʻor oʻzbek intelligensiyasining shakllanishida muhim rol oʻynadi. Oʻz navbatida Hamza Hakimzoda Niyoziy, S. Ayniy, M. Oybeklarning dramaturgiyasi va baquvvat prozasi ozarbayjon adabiyotida dramaturgiya va proza janrlarining taraqqiy etishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozarbayjon-adabiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x