Buvijonim
Bagʻri issiq buvim bor,
Mehrlari koʻp bisyor.
Pazandalar juda ham,
Havas qilgudek biram,
Boʻlsa-chi, hayit bayram,
Dasturxonimiz chunon
Ketadi chiroy ochib,
Xushboʻy hidlar taratib.
Boʻgʻirsogʻu qushtili,
Shirin nonlar xilma-xil.
Koʻzimiz quvontirar,
Ishtahamiz uygʻotar.
Shirin holvaytarni-chi,
Pishiradilar tez-tez,
Chunki yaxshi koʻramiz,
Men va ukam – ikkimiz.
Koʻp ajoyib buvim bor,
Xoʻp gʻaroyib buvim bor.
Hammaga ham mehribon,
Soʻzlari asal biram.
Peshonam silaydilar,
Kamolim tilaydilar.
Oymomo
Oymomojon, oymomo,
Yerga tushgin bir zumga,
Yaqindan bir koʻraman,
Sen-la oʻrtoq boʻlaman.
Har oqshom koʻkdan boqib,
Yulduzdan marjon taqib,
Zulmatni yoritasan,
Meni maftun etasan.
Senga oshiq hamma joy,
Daryoyu koʻl, toshqin soy,
Osmonoʻpar togʻlar ham,
Keng dalayu bogʻlar ham,
Anglolmay sinoating,
Bardoshu qanoating,
Hamisha lolman, hayron,
Qalbda nuring charogʻon.
Oymomojon, oymomo,
Yonimga tush bir zumga,
Yaqindan bir koʻroyin,
Chiroyingga toʻyoyin.
Qoʻshni bola
Qoʻshni bola Ibrohim,
Oʻzi shoʻx, soʻzi shirin.
Bir gʻalva boshlar doim,
Sira bilmaydi tinim.
Tunov kuni koʻchada
Bir holda koʻrib qoldim,
Peshonasida gʻurra,
Qiziqib gapga soldim:
– Ha, toychoq, nima boʻldi,
Yo yiqilib tushdingmi?
Qogʻozdan kema yasab,
Yo osmonga uchdingmi?
Ibrohim der: – Akamga
Oʻynaylik, deb turvoldim.
Quvlayotib boshimni
Isitkichga urvoldim.
Oʻgʻlimning savollari
Jajji oʻgʻlim Bunyodning
Savollari juda koʻp.
Qoʻyib bersangiz bir zum
Qator qiladi toʻp-toʻp:
– Oyi, ayting qayda der,
Yulduzlarning otasi?
Qayda ekan ularning
Mehriboni – onasi?
– Qoʻshni bola Botirning
Sochlari nega sariq?
Xol akaning echkisi
Koʻp oʻt yesa ham oriq.
– Nega bogʻcha opamiz
Koʻp uxlatib qoʻyadi?
– Oʻyinchoqlar oʻynatmay,
Tek oʻtqazib qoʻyadi?
Oʻgʻlim boshin silayman,
Uzoq umr tilayman.
Savollarga bir-bir
Javoblarim ulayman.
Zahro HASANOVA
“Sharq yulduzi”, 2011–1
https://saviya.uz/ijod/nazm/oymomo-yonimga-tush/