(1869–1923)
Arman realistik adabiyotining yirik namoyandasi, atoqli shoir, prozaik va dramaturg Ovanes Tumanyan Armanistonning Lori tumaniga qarashli Dsex qishlogʻida ruhoniy oilasida tugʻildi. Avval Jalologi qishlogʻida Tegran Davtyan maktabida, soʻng tiflis shahridagi arman diniy seminariyasida tahsil oldi. Toʻqsonichi yillarda “Murch” (“Bolgʻa”) va “Axbyur” (“Buloq”) jurnallarida hamkorlik qildi.
Ijodini sheʼr, masal yozishdan boshlagan Tumanyanning “Mushuk va it” (1886), “Maro” (1887), “Quyosh va oy” (1890), “Lorilik Sako” (1889) singari doston, sheʼr va masallari xalq ogʻzaki asarlariga xos motivlar bilan sugʻorilgandir.
Tiflisdagi adabiy muhit Ovanes Tumanyanning ijodiy faoliyatiga kuchli taʼsir qildi. Bu yerda u atoqli arman yozuvchilaridan Raffi, Shervonzoda, Sundukyan bilan yaqindan tanishdi. Bu tanishish natijasida u rus va dunyo adabiyoti klassiklarining ijodi bilan qiziqa boshladi. Shu davrda O. Tumanyan A. Pushkin, D. Bayron, V. Shekspir asarlaridan arman tiliga tarjimalar qildi. Ularga ergashib oʻzi ham “Artavaed II”, “Shoh Ovanes” singari tarixiy dramalarini yozishga kirishdi. 1901–1902 yillarda u “Timkaberd qalʼasining zabt etilishi”, “Parvona”, “Sosunlik Dovud” dostonlarini yaratdi, “Anush” dostonini qayta ishladi.
O. Tumanyan arman adabiyotida X. Abovyan va M. Nalbandyanning anʼanalarini izchillik bilan davom ettirgan, xalq ogʻzaki ijodi motivlaridan barakali foydalangan yozuvchidir. Uning koʻp hikoyalari, xususan, “Kukor” hikoyasi koʻp tillarga tarjima qilingan.
Ovanes Tumanyan ijodidan:
Ona yurt gʻami
Koʻrkam dalalaringning maftuniman azaldan,
Qalbimda zoʻr mehring bor chaqaloqlik mahaldan.
Ammo har gal tikilsam gʻamga toʻladi yurak,
Jafokash aziz elim, xunob boʻladi yurak.
Quvgʻinga duchor boʻlgan farzandlaring behisob,
Vayrona qishloqlaring, shaharlaring ham xarob:
O, afsus, oʻlkam,
Koʻp maʼyus oʻlkam!
Koʻrib turibman: dushman seni poymol etmoqda,
Gullar soʻlib, koʻrkingga bir-bir putur yetmoqda.
Qishlogʻu, shaharlarda yigʻi-sigʻi va nola,
Qoʻshigʻu kuylaring ham maʼyus, hasratga toʻla.
Zolimlarning doʻqidan kar ham boʻlgudek quloq,
Zulm zanjiri tufayli yosh toʻla koʻzlar buloq.
Bagʻri qon oʻlkam,
Jonajon oʻlkam!
Jarohating koʻp, biroq bardamsan, oʻlkam, hali,
Hali kuch bor taningda qaddingni rostlagali.
Oʻylaysanmi, yoʻldasan, safardasan-u, faqat –
Yolgʻiz xudodangina kutib turibsan madad?
Biz esa farzandlaring, quloqni senga tutib,
Amringni kutayapmiz, turibmiz farmon kutib.
Uygʻon, bas, oʻlkam,
Muqaddas oʻlkam!
Ishonchimiz komildir, payt kelib tong otadi,
Uyquda sogʻlom yurak qachongacha yotadi?
Ishonchimiz komildir, koʻtarganda bosh quyosh,
Keksa Araratdagi har bir giyoh, har bir tosh
Nurni xurram qarshilar hayotdan mamnun boʻlib,
Shoiring yangi qoʻshiq yaratar zavqqa toʻlib.
Saqlama sukut,
Istiqbolli yurt!
Akram UZOQOV
“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ovanes-tumanyan/