Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonida “Zihiy, har lahni bulbul savtining zotinggʻa isbote” deb boshlanuvchi bir gʻazal bor. U devonga 576-raqam bilan joylashtirilgan. Unda shoir behad murakkab va chuqur mazmunli timsollar bilan Ollohning zot va sifati hamda soʻfiyona komillik haqidagi falsafasini bayon qiladi. Gʻazal yetti baytli boʻlib, quyidagi maqtaʼ bilan nihoyasiga yetadi:
Navoiy zikri otingdur, umidi ulki, qutqarsang
Ani ot istamakdin, balki andinkim, boʻlur ote.
Baytning asosiy mazmunini oʻzida jam etgan, mazmuniga mazmun qoʻshgan soʻz ot soʻzidir. U baytda uch shakl va uch maʼnoda uch bor takrorlangan: oting, ot, ote. Navoiy zikri otingdur der ekan, shoir bu bilan Haq taologa murojaat qilib deydiki, Sening oting, yaʼni noming, isming zikri muttasil tilimdadir. Zikr, maʼlumki, Haq ismini yodda tutish, uni tilu dil bilan tinimsiz takrorlashdir. Keyingi qismda shoirning maqsad-muddaosi bayon qilingan: ey, Parvardigor, Sening otingni muttasil zikr etar ekanman, umidim shuki, meni ot istamakdan qutqarsang. Ot istamak nom chiqarishga intilish, oʻz nomini ulugʻlash, u bilan faxrlanish deganidir. Ot istamakning ulugʻ shoir ijodida nangu nom degan koʻrinishi ham bor. Ot istamak yoki nangu nom maʼnaviy-ruhiy kamolot yoʻlidagi eng qalin va eng baland toʻsiqdir. Ey hushi joyida boʻlganlar, – deydi shuning uchun ham shoir bir baytida nangu nom egalariga murojaat qilib, – mayxona oldida turmang yoki men kabi joynamozingizni may uchun garovga qoʻyib, yaʼni koʻnglingizni Haq ishqi bilan pok etib, tarki nangu nom aylang:
Ey salomat ahli, oʻt mayxonadin, yo men kibi,
Maygʻa sajjodang garav qoʻy, tarki nangu nom ber.
Maʼlum boʻladiki, shoir meni ot istamakdan qutqarsang, der ekan, xudparastlik, nom kibri kabi illatdan xalos boʻlishni istaydi. Ammo shoirning maqsadi shugina emas, u nom kibridan qutulmoq bilan qanoatlanadigan inson ham emas. U balki andinkim, boʻlur ote der ekan, juda yuksak maqomni koʻzlaydi. “Ote” ham nom, ism maʼnosidagi “ot”ning bir shakli. Uning tarkibidagi “e (e)” birlikni bildiruvchi qoʻshimcha boʻlib, “ote” bir ot, biror ot maʼnosida kelgan. Shoir nafaqat ot istamakdin qutulmoq, balki undan biror ot – nom-nishon qolishini ham istamaydi. Bu komillikning oliy choʻqqisi – otsizlik maqomidir. Otsizlik maqomining tasviri shoirning koʻpgina asarlari, jumladan, “Farhod va Shirin” dostonida ham bor: Xusrav Arman mulkiga lashkar tortib, uni qamal qilgan chogʻda Farhod baland bir tosh ustida chiqib qoʻrgʻonni himoya qilishga chogʻlanadi. Farhod siymosiga jo boʻlgan fayzu shukuh Xusrav koʻksiga oʻtkir xanjardek sanchiladi. Ammo shunday boʻlsa ham, uni bir gado deb bilib, takabburlik bilan undan otini soʻraydi. Farhod javob qaytaradiki, ot ahli emasmen:
Ichimga ishq oʻtidin tushkali dud,
Ne otim, balki zotim boʻldi nobud.
Meni ot anglamakdin ishq etib yot,
Men otdin yotu mendin yot oʻlib ot.
Shu oʻrinda “Lison ut-tayr”dagi bir hikoyat ham yodga keladi: Ibrohim Adham Balx sultoni edi, ammo toju taxtdan kechib, suluk yoʻliga kiradi va Nishopur shahri yaqinidagi bir vayronada qattiq riyozatga beriladi. U muttasil roʻza tutar, kun boʻyi ranj chekib, bir quchoq oʻtin terar, oʻtinni bozorga eltib sotar, puliga iftorlik olar edi. Bir kuni aqtobi zamon – bir guruh komil pirlar sultonning yoʻlini toʻsib, uning sulukda qay darajaga yetganini bilish uchun imtihon qiladilar. Suluk peshvolari unga shunday deydi: Eyki, Ibrohimi Adham, shohi Balx… Ibrohim Adham ularga shunday javob qaytaradi: “Onikim, sen tilaysen, qoldi ul, Balxdin men bu taraf tutqonda yoʻl”. Bu javobni eshitib, ular shunday xulosaga keladilar: “… notamom ermish hanuz!” Chunki otu mulki hali ham yodidan chiqmabdi. Oradan bir yil oʻtib, shu hol yana takrorlanadi. Bu safar deydilarki: “… suluk ichra ishi boʻlmish tamom”. Chunki savol berganlarida: “Chiqmadi bu qatla sultondin nafas!” Yaʼni Farhod soʻzlari bilan aytganda, u otidan, oti esa undan butunlay yot boʻlgan edi.
“Ot” yoki nangu nom, “Navodir ush-shabob”ga kiritilgan 307-gʻazalning quyidagi baytida aytilishicha, shoir falsafasida gʻoyat muhim oʻrin tutuvchi oʻzlik tushunchasining oʻzgacha otidir:
Menmen oʻzluk yukidin emdi xalos,
Negakim qolmadi nangu nomim.
Oʻzlik yukidin xalos boʻlmoq – foniy boʻlmoq, boshqacha aytganda, komil insonlik maqomiga koʻtarilmoqdir. Shunday ekan, shoirning Alloh otini muttasil zikr qilib, ot istamakdin, balki oʻzlik yukidin xalos boʻlishga intilishi ajablanarli emas.
Abdulhamid QURBONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/otsizlik-maqomi/