Otmagan tong

Shifokorning gapi samimiy va benihoya qatʼiy edi:

– Xorijga olib borish kerak. Ehtimol, u yerda ham davosi yoʻqdir, harholda maʼlum muddat umrini uzaytirishi mumkin. Men sizni koʻnglingizni koʻtarishim, yaxshi boʻladi, deyishim va umid bor, deb aytishim ham mumkin edi, biroq, oʻzingiz rostini soʻradingiz…

U karidorga chiqib derazadan tashqariga qaradi. Qizi oʻrindiqda oyogʻini osiltirib turar, sal narida bir ayol bolasiga nimanidir berilib tushintiryapti, bola goh daraxtlarga, goh qizchaga qarab qoʻyadi. Hali koʻrmaganday boʻlib ketasan, mana koʻrasan, bu doʻxtirlaringni gapi chikora, meni seni dunyodagi eng baxtli qizga aytlantiraman, deb erkak tashqariga yoʻnaldi. Qizini bagʻriga bosib darvoza tomon yurdi.

 

***

 

Baloniyam bilmaysan, nega oʻqiding, vijdoning bormi oʻzi, xorij emish… Nima oʻzimizda davolash qoʻlingdan kelmaydimi? Nega axir? Shuncha odam yashab yurgan dunyoda nega endi bu dard kelib-kelib jajji qizimga uchrarkan, nimaligini aytolmading-ku, yana doʻxtir emish…

Erkak toʻngʻillab deraza ostidagi uch qulochdan ortiq joyni ketmon bilan chopar, ahyon-ahyon peshonasini artar va bemahal, bir ogʻiz kasalman, deb aytmagan, ikki kunda oyoqdan, soʻng tildan qolgan xotini bilan xayolan gaplashardi: senam eshitdingmi, Niso, qizimizning dardiga davo yoʻq emish. Bu kasallikning nomi hali tibbiyotda aniqlanmagan, milliyondan bittagayam uchrarmish, topgan gapini qara, milliyontadan bitta. Shu, deydi oʻziga yarashmagan moʻylov qoʻygan, buyam kamday koʻzoynak taqib olgan doʻxtir, bemor indamay yuraveradi, balki oʻn yil, yigirma yil, balki uch kun, uch soat ham boʻlishi mumkin, biroq kutilmaganda, yiqiladi-da, avval oyoqdan, soʻng tildan qolarmish… Shuyam gap boʻldiyu, xotinim ham baloday yuruvdi, keyin… deb sening bu dunyoda yoʻqligingni aytsam, genitikayam boʻlishi mumkin, bu singari kasalliklar suyak surishi, avloddan avlodga oʻtadi, xuddi qand kasalligining bir turi-da, lekin qandga davo bor, deydi, Niso. Boʻladiganini gapir desam, xorij deydi, agar sen aytgan oʻsha xorijingga olib borsam, hech balo koʻrmaganday boʻlib ketishiga kafolat berasanmi, desam, men bir vositachiman, Xudo biladi uyogʻini, deya sigareta chekdi, tutuniniyam oʻxshovsiz chiqararkan, dod deb yuborasan. Pul… Oʻsha narsa yoʻq-da. Toʻyning dasturxoni – bir kun, azaniki – qirq kun derkanlar. Bor yigʻib qoʻyganim ketdi-da. Nusrat bova doʻxtirlar ogʻziga kelganini valdirayveradi, san yaxshisi gulzor barpo et, ana, shu gulzorni yaxshilab parvarish qilsang – qizing undan zavq olsa, koʻrmaganday boʻlib ketadi, deydi. Bilmadim, Niso, bilmadim, odamning boshiga tashvish tushsa xayoli oʻzida boʻlmas ekan: kim nima desa qilayapman. Sen ham yoʻqsan-da, boʻlmasa-ku, eh, bagʻri qattiq dunyo… Pul… Xabaring bor edi, Madaniyat uyining direktori ish vaʼda qilgan: xabar beraman, deganigayam haftalar boʻlib ketdi. Yo hovli-joyni, mol-holni sotib, xorijga ob ketsammikin, nima deysan, Niso? Axir, oʻzing bilasan-ku, shu yolgʻiz tirnoq uchun yigirma yildan ortiq sabr qilmadikmi… shu tirnoq uchun sen bechora qanaqa dashnomlarga chidading, kamsitishlarga, xoʻrlashlarga jimgina dosh berding, hatto tugʻmas baytal deyishgandayam gʻing demading-a, joning ham toshdan ekan, sen shoʻrlikni. Men-chi? Meni shoxi singan hoʻkiz deyishdilar-a? E, odamlar, odamlar…

Erkak jahd bilan yerga ketmon urar, kichkina kesaklar derazaga otilib chirs-chirs ovoz chiqarar, bunga sari uning gʻazabi toshardi. Talosh vaqtigacha yerni agʻdarib, ombordan sargʻish qopga solingan urugʻni olib chiqdi-da, menmas ustoz gulchilarning qoʻli deya, qorayib turgan yerga sepdi. Bu yerni shunday gulzor qilayki, qizim, xuddi shu yerda dardiga davo topadi. Doʻxtirlar ogʻziga kelganini valdiraydi-da, hali koʻrsatib qoʻyaman…

Ertasi tushlikka yaqin qizaloq deraza rahigacha koʻtarilgan osma karovatda yotib, otasi barpo etgan, sal kunda gulzorga aylanadigan, ayni damda mallatob tusdagi agʻdarilgan yerni tomosha qilib yotardi. Shunday gulzor qilamanki, uning muattar hidi yetti iqlimga taraladi, degan otasini kutib ahyon-ahyon darvoza tomonga qarab qoʻyadi qizaloq. Otasi bozorga ketgan: qoʻgʻirchoq olib keladi. Tugmachasini bossa yurarmish. Hozir oʻsha urf boʻlgan ekan. Qizaloq aqlli, qoʻrqmaydi – botir, mayli, kech qolsayam, qoʻgʻirchoq olib keladi-ku. Qizaloq kutadi, ishqilib qorongʻu tushguncha kelsin-da, u-ku, qoʻrqmaydi, lekin uxlab qolishi mumkin-da… Keyin otasi xafa boʻladi: hay, esi yoʻq qiz, men senga qoʻgʻirchoq olib kelsamu sen uxladingmi, deb koʻzi yoshlanadi. Ana, qizaloq otasining koʻzida yosh kelishidan qoʻrqadi. Shuning uchun u aqlli qiz – yigʻlamaydi.

Xayriyat, otasi qorongʻu tushmasidan keldi. Voy, buncha chiroyli boʻlmasa bu qoʻgʻirchoq. Bu senga dugona, hamma gapingni shunga aytaver, mana, qara, bu yerida diktafoni bor, lekin bitta chatogʻi bor ekan-da, bu faqat bitta gapni yozib qolarkan. Iloji yoʻq-da, deydi sotuvchi amaking, yana besh oltita gapni yozadigan topib ber desam. Hozirgi model deydi. Mayli-da, oʻzingga yoqqan biror gapni aytsang, maza qilib eshitib yurasan.

Oradan qirq kundan ortiq vaqt oʻtdi. Otaning boshi osmonda, qizning kayfiyati chogʻ: qorayib yotgan yerda gullar tizza boʻyi koʻtarib qoldi.

– Ona, qizim – deydi ota, – koʻrayapsanmi, qanday chiroyli gulzorimiz bor. Sen derazadan qarab tur, men sen uchun dunyoni gulzorga aylantiraman.

Qizaloq otasining aytganini qiladi: termuladi, termulaveradi. Gullar birin-ketin gʻuncha chiqardi: oq, qizil, sargʻish yana bir qancha ranglar. Qizaloq ularni biram yaxshi koʻradiki, xayolida oʻrnidan turib hamma-hamasini bagʻriga bosadi, erkalaydi, hatto oʻpib oladi. Keyin otasining dagʻal qoʻlini yuziga bosadi: rahmat otajon, deydi. Kundan-kun, haftadan-hafta oʻtib gullar qizaloqning boʻyidan ham uzun boʻlib qoldi. Derazaga bosh urayotganda qizaloq, buncha tez katta boʻlishdi, deya hayratlandi.

Otasi yaxshi odam. Tong sahardan to kechgacha gulzorda: yagana qiladi, begona oʻtlarni yuladi, suv quyadi. Qiziga qarab, qara, jon qizim, dugonamizga ayting kelsin, oʻynaymiz deyapti, deydi. Qizaloq ich-ichida xursand boʻladi, qiqirlab kuladi.

Bir kuni kastyum-shim kiygan, galustik taqqan bir odam keldi. Poʻlatboy, gulzorga aylantiribsiz-ku, deb, bitta gulni uzib koʻzini yumgancha hidladi. Ota qoʻlini koʻksiga qoʻyib, boshini egib turdi. Qizaloqning jahli chiqdi.

– Ish bitdi, ertadan boshlab siz endi ishli odamsiz, – dedi gulni hidlashda davom etib. Keyin otasiga bir nimalarni tushuntirdi. Uning ogʻzi qimirlaganda otasi jim turar soʻng negadir koʻzlari quvnab qizi tomonga mamnun qarab qoʻyardi.

– Ana, jon qizim, men ishli boʻldim, – dedi ota bir dasta gulni olib ketgan odamni kuzatib qaytib, gulzorning chetidagi tosh oʻrindiqda oʻtirarkan. Qizaloq bormang, gulzor nima boʻladi, demoqchi boʻldiyu, lekin aqlli qizligi esiga tushib, jilmayib qoʻydi. – Men endi menejerman. Buning maʼnosini bilasanmi? Yoʻqmi? Hay, attang, hozir tushuntiraman: ish boshqaruvchi, yaʼni qoʻshiqchilarning konsertlarini tashkillashtiraman. Direktorning aytishicha, tumanimizda boylar koʻp, agar qoʻshiqchilar bilan yaxshi tanishib olsang, oʻsha boylarning toʻyiga olib kelasan. Ham senga, ham menga pul, keyin qoʻshiqchiyam xursand, boy ham sendan minnatdor, deydi. Xoʻp, dedim, menga koʻp pul kerak, qizimni davolataman, xorijga olib ketishim kerak, dedim. Xudoning bergani shu-da, qizim, endi yanada tezroq tuzalib ketasan…

Ertasi qizaloq juda zerikdi. Gullarga qarab yotaverdi. Otasi tushlikka kelib ovqatlantirdi-da, yana chiqib ketdi. Bu hol uylariga Zulpin momo kelguncha davom etdi.

– Senga enagalik qiladi, men endi kech kelaman, olis qishloqlargayam konsert berishga toʻgʻri kelayapti, – dedi otasi. Keyin shu ketganicha ikki hafta kelmadi.

Momo gullarni yomon koʻrarkan.

Har kun uch mahal ovqatini beradi-da, uxlaydi.

Qizaloq behad zerikardi.

Asta-sekin gullar quriy boshladi.

Avvaliga bitta…

Ikkita…

Oʻnta…

Oradan sakkiz oyu ikki hafta oʻtgach barcha gul qurib… xazon boʻldi.

Bir tun otasi keldi:

– Boʻldi qizim, endi ketamiz, erta tong otsa yoʻlga tushamiz. Mana, Amerikaga bilet oldim. Mana bularni koʻrayapsanmi, – deb qora sumkani koʻrsatdi, – ichi toʻla pul. Hammasi dollor…

Ertasi ertalab ota qizining yoniga kirganda qizaloq uxlab yotardi. Uning qoshiga egilgan otaning koʻzi beixtiyor gulzorga tushdi va qotib qoldi: nahotki… Soʻng qizi quchib yotgan qoʻgʻirchoqni hissiz ushladi va undan: Dadajon, sizni yaxshi koʻraman, degan ovoz chiqdi…

Yana ertasi…

Yoʻq, ikkisidayam endi sira-sira ertaning keragi yoʻq edi…

 

Sanjar Tursunov

https://saviya.uz/ijod/nasr/otmagan-tong/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x