O‘tish davri: O‘smirlarni tarbiyalashda qo‘l keladigan tavsiyalar

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Balog‘at yoshidagi bola bilan muloqot qilish qiyinlashayotgandek, o‘rtada devor paydo bo‘layotgandek tuyiladi.

Jismoniy va ruhiy o‘zgarishlar kuzatilayotgan bir vaqtda o‘smirlar bilan qanday til topishish mumkinligiga to‘xtalib o‘tamiz.

Vaqt ajrating, birga shug‘ullaning

Ota-ona farzandi 10-12 yoshga yetganidan keyin unga oldingidek vaqt ajratmaydi. Avvallari qo‘lidan turib maktabga yetaklab borgan, uyquga yotishidan avval ertak o‘qib, jarohatlanganida tinchlantirgan o‘g‘il yo qizingiz 5-6 sinfga o‘tganidan keyin sizdan uzoqlashib borgandek tuyuladi. Maktabda ham darslar — mashq va vazifalar boshlang‘ich sinfdagidek emas, qiyinlashgan. Bir ikki yil avval birga o‘tirib masalalar javobini topishga yordamlashgan ota-ona endi fizika va kimyodan nima qilinishi kerakligini kitobdan o‘qib olish kerakligini aytadi. Taom pechda, pechenye shkafda, kompyuterni o‘zing yoqib ol, kap-katta bo‘lib qolding. Men ishlayapman, xalaqit berma degan javobni eshitish farzand uchun yangilik bo‘lmay qoladi.
Oddiydek tuyulgan kundalik munosabatlar bilan farzandingiz uzoqlashishiga sababchi bo‘lasiz va oqibatda nima uchun 13 yashar “odamcha” bo‘sh vaqtini siz bilan o‘tkazgisi kelmayotganidan hayratlanasiz. Bu siz voyaga yetayotgan farzandingiz ovqat yegunicha tepasida o‘tirishingiz kerak degani emas. Shunchaki u uchun vaqt ajrating, uning qiziqish va xohishlariga befarq emasligingizni ko‘rsating. Masalan, qaysi kasb bilan shug‘ullanasiz, ish joyingiz qayerda ekanligini bolangizga tushuntiring. Farzandingizni bir kun ish joyingizga olib boring, faoliyatingiz nimalardan iborat ekanini ko‘rsating. Nimalarga qiziqasiz va xobbiyingiz bilan bo‘lishing.

Qiziqishlariga befarq bo‘lmang

Farzandingiz musiqa, sport yoki rasm chizishga qiziqishi mumkin. Qiziqishlari bilan shug‘ullanishiga imkon yaratish bilan birga u shug‘ullanayotgan mashg‘ulot haqida savollar bering. Maslahat berish bilan birga uning qo‘lidan kelayotgan ishni boshqalar eplay olmasliklari mumkinligini ham bildirib qo‘ying. O‘smir farzandingiz nimanidir qoyillatsa, uning yutug‘ini e’tirof etish bolaga motivatsiya beradi, samimiy munosabatlar yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Maslahat berishda me’yorni biling

Bola bilan gaplashish kerak, lekin o‘smir bola bilan hammasi boshqacharoq. Maslahat ham berib turish kerakligi rost, lekin me’yorida. Masalan, o‘zingiz amal qilmaydigan qoidalarni bolaning miyasiga quyishingizning keragi yo‘q. Chunki birinchidan, qush inida ko‘rganini qiladi, ikkinchidan so‘zlaringizga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Gaplashing, tinglang vaziyatga qarab reaksiya qiling, lekin baholashga yoki maslahat berishga oshiqmang. Muhokama qilishingiz va noto‘g‘ri tushunishingizdan qo‘rqib sizdan uzoqlashishi sirlashgisi kelmay qolishi mumkin.
Nafaqat o‘smirlar, balki hamma ham gaplashishni, fikrlari bilan bo‘lishishni kimdir tinglashi, his qilishi va quvonishni istaydi. Agar siz tinglashni bilsangiz va uni tuyg‘ularini ustidan kulmasangiz farzandingizni o‘zi sizdan maslahat so‘raydi.

Xato qilishiga imkon bering

Farzandingiz xato qilishiga, xatosini tushunishi va uni hal qilishiga qo‘yib bering. Agar ma’lum vaziyat yuzasidan jim turish mumkin bo‘lmasa, bunday yo‘l tutsa nimaga olib borishi va nima bilan yakun topishi haqida qanday o‘yda ekanligi bilan qiziqing. 20 yosh kichik inson qarori va yechimi bilan o‘zingizni solishtirmang. Sizda tajriba yetarli, lekin vaqtida o‘zingiz ham xato qilganingiz va qoqilganingizni yodga oling.

An’analarni shakllantiring

Oilaning o‘z qadriyati, qoidalari va barcha amal qiladigan an’analari bo‘lishi kerak. Bolalar amal qilishi kerak, kattalarga mumkin degan tushuncha hosil bo‘lmasin. An’analar hamma uchun bir bo‘lishi va oila a’zolarini birlashtirib turishi kerak. Masalan, juma kuni kechki ovqatdan keyin telefon va gadjetlarni o‘chirib qo‘ying, oilaviy kitob o‘qing — yakshanbagacha smartfonlardan birgalikda dam oling. Shanba tongi uchun birga nonushta tayyorlang, bir vaqtda ovqatlaning, shahar kezing, sport bilan shug‘ullaning, xullas, birga vaqt o‘tkazing. Ammo bu qoidaga o‘zingiz va turmush o‘rtog‘ingiz ham amal qilsin. Telefonni yig‘ishtiramiz deb, o‘zingiz Instagram yoki Telegram’da o‘tirmang. Qoidaga kattami kichik barcha birdek amal qilishi kerakligiga farzandingiz uchun namuna bo‘ling.

Farzand bir kun yoki bir yilda tarbiyalanib qolmaydi

Birgina maslahatingiz yoki u qilgan xatosi bilan hech nima o‘zgarib qolmasligi mumkin. Bir kun dars qoldirgan bolaga baravariga hamma baqirishi, jazolashi emas u bilan gaplashib vaziyatni kattalardek muhokama qilinishi, tushuntirilishi kerak. Ammo bu o‘tib ketadi deb tashlab qo‘yish va befarq bo‘lish ham yaramaydi. Asosiysi bolangiz kelajagi uchun qanday fundament qo‘yayotganingiz va uning mustahkamligiga e’tibor bering. Unutmang, farzandingizda muvaffaqiyatga erishishi va baxtli bo‘lishi uchun yordam beradigan kuchli fe’l-atvor shakllanishi sizga, oiladagi munosabatlar va tarbiyaga bog‘liq.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x