Derazamning ostida tongda
Sayragan qush senmasmi, ota?
Yo toʻnimga koʻklam, mozorda
Yopishgan gul senmasmi, ota?
Oʻn yildir-ki dunyoda yoʻqsan,
Yuragimda qolgan firoqsan.
Koʻrmagansan mening oʻgʻlimni,
Erkatoyim, shoʻxim, toʻqlimni.
Men ham yoshim oshgani sayin
Boshimga oq tushgani sayin
Baʼzan qoʻmsab seni ich-ichdan,
Yurak titrab soʻnggi ilinjdan,
Otam deya, alqab oʻgʻlimni,
Koʻtaraman oʻzim koʻnglimni.
1982
Xurshid Davron.
https://saviya.uz/ijod/nazm/otam-xotirasiga/