Bunga koʻp yillar boʻldi… Boshlangʻich sinfda oʻqirdim. Biroz boʻy choʻzgan boʻlsam kerak, birinchi sinfda kiygan kiyimlarim toʻgʻri kelmay qoldi. Onam shimimning bir joyiga yamoq solib bersa, ikki kun oʻtmay, boshqa joyidan yirtilib ketardi. Qishda katta opamning paltosini kiydim. Akamning eski oyoq kiyimi bilan sinfni zoʻrgʻa tugatdim. Xullas, ota-onam yangi kiyim olib beradigan boʻlishdi. Bozorga otlandik…
Bozor. Otam bilan kiyim-kechak rastasini qariyb yarim kun aylandik. Har bir sotuvchi yonidan uzoqlasharkanmiz, otam taassuf bilan bosh chayqardi. Koʻzimga qaramaslikka urinardi. Xullas, menga “toʻgʻri keladigan” kiyim topildi. Qizigʻi, otam olib bergan shim va koʻylak, oyoq kiyim ham ancha katta edi. Otam “Ikki-uch yil bemalol kiyasan”, deb qoʻydi. Oʻzimda yoʻq xursandman, erta-indin maktabga borib, sinfdoshlarimga maqtanishimni koʻz oldimga keltirdim.
Kiyim bozoridan chiqarkanmiz, dimogʻimga turli taomlarning hidi urildi. Ayniqsa, sixkabobning hidi ishtahani qitiqlardi.
– Shashlik olib bering, – dedim.
–…
– Ota, olib bering, qornim ochdi.
Bu soʻzni hech bir ota koʻtara olmasa kerak, nazarimda. Otamning bir qoʻlida mening yangi kiyimlarim, ikkinchi qoʻli esa choʻntagida edi… Oʻzicha nimalarnidir chamaladi, keyin meni tamaddixonaga boshladi.
– Yur, oʻgʻlim, seni bir shashlikka toʻydiray, – dedi. Balki kenja farzand boʻlganim uchun otam biror marta iltimosimni yerda qoldirmagandir. Oshpaz amaki bitta shappati non va ikki sixda kabob olib keldi. Likopchada piyoz ham qoʻydi. Men darhol hech narsaga eʼtibor qilmay, shoshgancha yeya boshladim. Bitta sixini tugatgach, otamga yuzlandim:
– Siz yemaysizmi?
– Sen yeyaver, oʻgʻlim, mening qornim toʻq, – dedi. Oʻzi esa shappati non bilan piyoz chaynab oʻtirardi.
Ikki six kabobni qoringa joyladim, otam esa achchiq piyozni nonga qoʻshib yedi…
Yillar oʻtsa-da, bu voqeani negadir esimdan chiqara olmadim. Otam bilan bogʻliq oʻsha voqeani yuragim ezilib eslayman. Chunki u paytlarda otamning menga har yili yangi kiyim olishga puli yoʻq edi.
Bugun bolalarimni istagancha kabobga toʻydira olaman. Xohlagan kiyimlarini kiyishadi. Choʻntakda pul tugaydi, degan xavotir yoʻq. Otam ham tirik. Yaqinda oʻsha bolalik iztiroblarimni eslab, otamga kabob olib bermoqchi boʻldim. Otam oldidagi qarzim uziladi, degan fikrdan butunlay yiroqman, albatta. Ammo insonda shunday hislar boʻladiki, ularga izoh berib boʻlmaydi. Shunchaki, yuragim shuni amr etadi.
Zamonaviy restoranda otam ikkimiz oʻtiribmiz. Dasturxonni uch-toʻrt xil kabob bilan toʻldirdim. Eng noyob taomlarga buyurtma berdim. Otam bitta sixini qoʻliga oldi-da, ancha vaqt tikilib qoldi. Bir chimdim yegan boʻldi.
Oʻzimcha oʻyladim, otam ham oʻsha voqeani eslayotganmikan?
– Oling, ota.
– Bolam, bularingni yeyishga tishim yoʻq-da, undan koʻra achchiqqina koʻk choy aytsang-chi…
Ichimda nimadir “chirt” etib uzilganday boʻldi. Otam oʻshandayam achchiqqina piyoz bilan qorin toʻygʻazgandi!..
Isomiddin POʻLATOV
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/otam-olib-bergan-sixkabob/