Otam aytgan rivoyatlar

1

Aka-ukalar, opa-singillar bir dasturxon boshiga yigʻilganimizda:

– Eng katta boylik nima, – deb soʻrardi otam rahmatli dabdurustdan.

Qay birimiz: “Mol-mulk”, boshqamiz: “Sogʻlik” deb oʻz taxminimizni aytardik. Otamiz boshini sarak-sarak qilardi-da:

– Eshitinglar, bir rivoyat aytib beraman, oʻzlaringiz maʼno ajratib olasizlar, – derdi.

“Rivoyat etishlaricha bir boyning uch oʻgʻli boʻlgan ekan. Boy umri davomida halol yashab, mol-mulkini oshirgan, boshi yostiqqa yetganda esa davlatidan farzandlari qanday foydalanishlarini bilish niyatida ularni huzuriga chorlabdi:

– Oʻgʻillarim, sizlarni xor-zorlik koʻrmasin degan niyatda mehnatdan boʻyin tovlamadim, yiqqan boyligim yetar deb harakatdan toʻxtamadim, endi ularni taqsimlab berish oson boʻlsin degan niyatda tilloga aylantirdim, mana, har biringizning ulushingiz, buning hisobidan har shaharda bir qalʼa solib kelinglar. Hayotda qanday oʻrin tutganlaringizni bilib, koʻnglimni orom toptirib soʻngra omonatimni topshirmoqchiman, – debdi.

Farzandlar uch tomonga qarab yoʻl olishibdi. Katta farzand oldidan chiqqan har bir manzilgohda mohir ustalarni yollab, koshona qurdirib ketaveribdi. Otasidan olgan ulushi tugagach, koʻnglini toʻq qilib iziga qaytibdi. Ikkinchi oʻgʻil ham akasidan qolishmabdi, oʻnlab kentlarda saroy qurdiribdi.

Kenja farzand yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi, oʻnlab kentlardan oʻtibdi. Bir shaharning karvonsaroyida hordiq chiqarib oʻtirganida ikki yoʻlovchining suhbatini eshitib qolibdi:

– Shu shaharda bir Hotamday saxovatpesha kishi yashardi. Maqsad-muddaosi ezgulik qilish, gʻariblarning dilini chogʻlash, kiyimsizning egnini butlash, ochlarning qornini toʻqlash edi. Yaqinda noshud xizmatkorning aybi bilan bor mol-mulki yongʻinda gʻorat boʻlibdi, – deb hikoya qilibdi birinchi yoʻlovchi.

– Bechora, endi nima ish qilayotgan ekan, – soʻrabdi ikkinchisi.

– Mehnatning aybi yoʻq, odamlarning eshigida xizmat qilib guzaronini oʻtkazayotgan emish. Lekin birni ikkiga aylantirish uning uchun mushkulot emas, hozir ham topgan toʻrt-besh chaqasini zarurmandlardan ayamayotganmish, hali koʻrasan, tagʻin uning boyligi hisobga sigʻmas boʻlishi shubhasiz, uni yaratgan egamning oʻzi qoʻllaydi.

Kenja oʻgʻil ertasi kuni oʻsha saxovatpesha insonni izlab topibdi, qarasa bir hasis boyning devorini urib berayotgan ekan. U bilan doʻst tutinibdi, asta-sekin oʻz boyligi evaziga uning savdo-sotiqni yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashibdi.

Xullas, kenja oʻgʻil qaysi shaharga bormasin, otasi bergan ulushni oʻziga bir umrlik doʻstlar orttirishga sarflabdi.

Vaqti yetib uch oʻgʻil ota huzuriga bosh egib kirishibdi.

– Qani, men bergan ulushni nimalarga sarfladingizlar, eshitib koʻnglim orom olsin, – soʻrabdi boy.

Katta va oʻrtancha oʻgʻil qaysi kentlarda saroy, qalʼa qurganlarini bir-biridan shoshib hikoya qilishibdi. Boy ularning aytganlarini eshitib uzoq sukutga ketibdi-da, soʻngra kenja farzandiga qarab:

– Siz nima qildingiz bolam? – debdi.

Kenja oʻgʻil oʻnlab shaharlardan orttirgan yuzlab doʻstlari, ularning xayr-saxovatli ishlari, bu ezgu aʼmollarga oʻzi qanday hissa qoʻshganligi haqida zavq-shavq bilan gapirib beribdi.

Xastalik toʻshagida yotgan boyning yuziga nur enibdi:

– Barakallo oʻgʻlim, haqiqiy, men istagan qalʼani sen bunyod etibsan. Saroylar buziladi, qalʼalar yemiriladi, ammo dunyoda inson uchun sirini ishonadigan, dardini boʻlishadigan doʻstdan ulugʻroq, azizroq qalʼa topilmaydi, – deb kenja oʻgʻlini olqishlabdi”.

Shu xususda xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan hikmatli naqli ham bor: “Doʻsting mingta boʻlsa-da oz, gʻaniming bitta boʻlsayam koʻp”.

2

Padarimiz yolgʻiz farzand edi, tugʻishganlari yoʻqligidan koʻngliga kamlik olardi. Bir gal akam bilan opam gʻijillashib qoldi. Hammasi arzimagan tortishuvdan chiqdi. Akam oʻqiyotgan kitobni opam dugonasiga berib qoʻyibdi. Gap talashishning nihoyasi kaltak yegan opamning koʻz yosh toʻkishi bilan nihoyalandi. Olis yaylovlardagi choʻpon-choʻliqlardan xabar olib qaytgan otam opamning qizargan koʻzini koʻrib soʻradi:

– Koʻzingga nima qildi?

Opam hiqillashga tushdi.

– Bularingiz bir kitobning ustida yoqa boʻgʻishdi, – voqeani gapirib berdi onam.

Otam chuqur xoʻrsindi, akamga norozi nigoh tashladi:

– Yigit kishi boʻlib qiz bolaga, tagʻin singlingga qoʻl koʻtarishga uyalmadingmi?

– Oʻzi-da, maqtanchoqlik qilib hali oʻqib tugatmagan kitobimni dugonasiga berib yuboribdi, kim biladi yirtib keladimi.

– Qiziqqan odam kitobni yirtmaydi, bir-ikki kun kechikib oʻqiganingda nima qilardi?

– Qachon qaramang shu bijildoq qizingizning yonini olasiz-da.

– Eh-h, bolam, hali yoshsan, aka-uka, opa-singilning qadriga yetarmiding, hali ularning oʻrni qariganingda bilinadi. Qani edi mening ham aka-ukam, opa-singlim boʻlsa. Mayli, ikki oyogʻi shol, koʻzlari soʻqir boʻlsa ham uyimning toʻriga oʻtkazib, atrofida parvona boʻlardim. Ayniqsa tugʻishganing ayol boʻlsa, unga eʼtiborli boʻlish kerak. U sendan mehr kutadi, ularni Goʻroʻgʻlibek bejiz nochor atamagan:

Otni tablaga bogʻlagan,

Kesib jigarin dogʻlagan,

Oʻlganda zorin yigʻlagan,

Nochor kerakdir yigitga…

Keyin otamiz kuyidagi rivoyatni misol keltirdilar:

“Bir nochor ayolning ukasi, eri, yolgʻizgina oʻgʻli oʻgʻrilik ustida qoʻlga tushib, elning xoni ularni qatl etish toʻgʻrisida farmoni oliy chiqaribdi.

Oraga oqsoqollar tushibdi, xon amridan qaytmabdi. Shunda ayol:

– Hukmdorning huzuriga oʻzim boray, zora koʻz yoshlarim taʼsir qilib, yaqinlarimni jazodan ozod etsa, – debdi.

U aytganiday boʻlib chiqibdi. Xon onaizorning nolalariga beparvo qarolmabdi.

– Ey, mushtipar ayol, yaqinlaring katta jinoyatga qoʻl urgan, har uchalasini birdaniga jazodan ozod etolmayman, ammo onaliging haqqi-hurmati, ulardan birini tanla, jallod qoʻlidan qutqarib qolay, – debdi.

Ayol yigʻilganlarni lol qoldirib, ukasining afv etilishini soʻrabdi. Xon bu sinoatdan hayron boʻlibdi:

– Yaqinlaringdan birini afv etishga vaʼda berdim, nega sen orzu-umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan eringni yoki yolgʻizgina dilbandingni tanlamading?

– Men ayol kishiman, yaratganning irodasi, xohlasam yana turmush qurishim, boʻlgʻusi erimdan bola koʻrishim mumkin, onamning dunyodan oʻtganlariga esa ancha yil boʻldi, endi menga ukani kim tugʻib berardi…

Xon ayolning donoligiga tan berib, uning eri va oʻgʻlini ham dor ostidan qaytargan ekan…”

3

Yaqinlarimizdan biri yaxshigina pul topardi. Oʻsha davrda halol yoʻl bilan buncha pul topish oson emasligini hammamiz bilardik. Ammo toparmanligi oshgani sayin, uning kibr-havosi ortib borardi.

– Erishgan ozgina yutugʻing bilan qanoatlanib, manmanlik botqogʻiga botsang aslo yaxshi nom qozonolmaysan, – dedi bir kuni otam unga maslahatomuz ohangda. – Maqsadga erishishning kaliti mehnat, halolga havas, haromdan hazar qilishdir.

Soʻngra quyidagi rivoyatni aytib berdi:

“Qadim zamonda chol va kampirning yagona oʻgʻli boʻlib, uni yeru koʻkka ishonishmas, qoʻlini sovuq suvga urdirishmas ekan. Buning oqibatida oʻgʻil dovdir va takasaltang boʻlib oʻsibdi. Yillar oʻtib chol madorsiz qolibdi. Oʻgʻlini yoniga chorlab:

– Endi men ogʻir mehnatga yaramayman, roʻzgʻorni tebratish yuki senga qoldi, ishlab bir kunimizga yetadigan pul topib kel, – debdi.

Oʻgʻil hayron, “ishlash, pul topish degani nima”, “qayerga boshimni ursam boʻlarkin”. Shu oʻy-xayolda koʻchaga chiqsa, bir gala odam qimor oʻynab oʻtirgan ekan, u ham toʻdaga qoʻshilibdi, omadi yurishibdimi, har qalay kechga tomon bir dasta pul koʻtarib uyiga qaytibdi.

– Mana ota, shu pul bir kunimizga yetadimi?

Chol indamaygina pulni olibdi-da, dastasi bilan yonib turgan oʻchoqqa tashlabdi. Yigit pinagini buzmabdi:

– Istasam, bundan ham koʻproq topaman, – debdi u.

Ota oʻgʻlidan ranjibdi:

– Bu puling choyni ham qaynatolmadi, boshqa topib kel.

Ertasiga oʻgʻil sayoq doʻstlari bilan koʻcha kezib, yoʻltoʻsarlik qilib oldingisidan ham koʻp pul topib kelsa-da, otasini quvontirolmabdi. Uchinchi kuni xomush yurib, tegirmon oldiga kelib qolibdi.

– Ey yigit, – murojaat etibdi unga tegirmonchi. – Nega parishonsan?

Yigit xoʻrsinib, hasrat qilibdi:

– Otam “endi er yetib qolding, oilamiz qora qozonini qaynatadigan pul topib kelish sening bayingga tushadi” degandi. Ikki kun mobaynida qancha pul topib borsam ham u kishining koʻnglini topolmayapman.

– Ish topmayotgan boʻlsang bugun menga yordam beraqol, haqingni ortigʻi bilan toʻlayman.

Yigit noiloj rozi boʻlibdi. Kuni bilan tegirmonga kelganlarning donini tushirib, unini uloviga yuklab beribdi. Ogʻir mehnatga oʻrganmagan yigitning qoʻllari qavarib, yelkasi yagʻir boʻlibdi. Kechqurun tegirmonchi bergan ish haqini olib uyiga qaytibdi. Chol tagʻin pulni bepisand qoʻliga olib, olovga tashlabdi. Kun boʻyi halol mehnati evaziga topgan sarmoyasi yonayotganiga chidolmagan yigit oʻchoqqa tashlanibdi. Oʻgʻlidagi bu oʻzgarishni koʻrgan chol xursand boʻlib:

– Ana shunday pul topsang, xonadoningda doim iliqlik boʻladi, – debdi.

Chol shunday qilib oʻgʻlining qalbida urchigan manmanlik, kibr, dangasalik kabi illatlarni oʻldirgan ekan…”

…Otam vafot etganiga chorak asrdan oshdi. Hali-hanuz u kishi bilan bogʻliq xotiralar qatiga koʻp nazar tashlayman va yodimda saqlanib qolgan har bir soʻzi, xatti-harakatlaridan yangidan-yangi hikmatlar kashf etaveraman.

 

Abdunabi ABDIYEV

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/otam-aytgan-rivoyatlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x