Otalik burchi

Bertold BREXT

 

Janob Folkner bugun ishga bormadi. U farzandlariga bor yoʻgʻi oddiy ota emas, mehribon va eʼtiborli ota ekanligini isbotlashga intilganday tuyulardi. Hafsala bilan erta tongdan bolalarini maktabga eltib qoʻydi. Darslariga qatnashib oʻqituvchilaridan ularning oʻzlashtirish darajasini surishtirdi. Maktab vaqti tugagach, yana oʻzi ularni uyga olib keldi.

Hammasidan qizigʻi – ertalab Folkner Annaga shu darajada suykalandiki, koʻrganlar ularning qiliqlaridan yosh sevishganlar deb oʻylashi mumkin edi. Gap nimada ekanligini aqlga sigʻdirish juda mushkul. Nahotki, hammasi tamom deb aytish uchun shunchalik xushomad kerak boʻlsa? Anna bu harakatlardan faqat chuqur xoʻrsinar, azoblanar va samimiyati yoʻqolgan kishidan soxta tuygʻular burkangan izhorlarni tinmasdan qabul qilardi. Folknerning aybdor kulgisi, kechirim soʻrayotgan jilmayishi va soʻlgʻin nafas olishi Annani anchagina qiynab qoʻydi.

Barcha xursand va shodlanib, kechki dasturxon atrofida oʻtirishardi. Faqat bolalarning onasi Annaning kayfiyati chatoq. Ovqat ham yemadi. Yuzida soxta boʻlsa ham tabassumdan darak yoʻq. Ammo har-har zamonda eriga magʻrur va kibrli boqib qoʻyardi. Odatdagidek, ovqatdan soʻng oilaviy suhbat boshlanishi kerak edi. Boʻldi ham. Ammo farzandlar kutganidek maroqli emas edi. Folkner avvallari qanchalik erkin boʻlsa, bugun suhbat chogʻida shunchalar irodasiz va xafaqon edi. Biyron zabon har neni soʻzlar edi-yu, biroq oʻsha dilida tugilgan gapni aytishga iroda chidamasdi. Goh tepaga, goh pastga qarab boʻyinbogʻini toʻgʻrilardi. Dam-badam qulogʻini ushlab, uqalab, tirnab qoʻyardi. Oyoqlarini chalishtirar, boshini sarak-sarak qilib majburan zoʻrma-zoʻraki kulardi. Soʻng yana mavzuga dahli yoʻq gaplarni valaqlardi. Farzandlar uni jon qulogʻi bilan tinglashar va oxiri baxayr boʻlishidan umidvor ohangda otasiga qoʻshilib kulishardi. Chunki ota bugun nimadir muhim gap aytishi kerak. Boshqa hodisa boʻlishi ham mumkin emas.

– Ha, aytgancha. Azizlarim, aytish yodimdan koʻtarilib ketibdi. Men yangi haftadan oʻzim ishlaydigan korxonaga direktorman. Ha, endi mendan munosibroq odamni topisholmabdi. Qurilish va arxitektura sohasini mukammal tushunadigan boshqa odam yoʻq oʻzi, – dedi-da, iljayib qoʻydi.

Toʻngʻich farzand Anya oʻylardiki, otasining kimdandir katta miqdorda qarzi bor. Endi hammasini: uylarimizni, mashinalarimizni va bor-budimizni sotish kerak. Hech vaqosiz qolamiz. Otam hozir “pop” etib shu haqida gapiradi. Bizni xotirjam qilib qoʻyish uchun boshliq boʻlaman deb aldayapti, degan oʻyda edi. Soʻng jiddiy ohangda:

– Unda boyib ketar ekanmiz-da, – dedi-yu, Annaga yalt etib qaradi. Onasining asabiylashishi va jigʻibiyron boʻlishidan bildiki, haligi qarz haqidagi taxminlari toʻgʻri. Dovdir ota esa yanada joʻshdi. Soʻzni uzoqdan boshladi. Endi gapning indallosi tomon odimladi.

– Hali yoshsan, qizim. Bu dunyoda boylikdan ham muhim narsalar bor. Boyib ketish insonning qoʻlida. Astoydil harakat qilgan kishi unga erishishi mumkin. Ammo hamma xohlaganlar ham baxtli boʻlavermaydi. Mehribon insonlari bilan birga yashayvermaydi. Shunday ilojsizliklar boʻladiki, kishi istasa ham oʻzi xohlagan kishisi bilan birga boʻlmasligi mumkin. Aksincha, oʻzi xohlamagan kishisi bilan turishga majbur boʻladi, – dedi-yu, tomogʻiga nimadir tiqilib gapirolmay qoldi. Uni jon qulogʻi bilan tinglab turgan Anna boʻlsa, beixtiyor yigʻlab yubordi.

Oʻrtanchasi esa otasini ertaga uzoq safarga joʻnab ketadi-yu, xuddi qaytib kelolmasligini qanday aytishni bilolmayotganligini sezgandek boʻlardi. Bilʼaks, hech qanday majlis chaqirilmasa ham maktabga borardimi? Oʻqituvchilarga tayinlab kelgan-da. Bizning kelajagimizga qiziqibdi. Ammo nega tashlab ketmoqchi?

– Dada, oʻqituvchimiz meni maqtadi-a? Oxirgi partada oʻtirgan boʻlsam ham, sizga qilgan tabassumidan men haqimda iliq narsalar aytayotganini angladim. Siz xursand boʻlganingizdan oʻqituvchimni quchib oldingiz, – dedi va hech kim xursand boʻlmagani va kulmaganidan oʻzi bemaʼni gap aytib qoʻyganini sezdi. Boshini egdi.

– Ha, albatta, Edi. Mening oʻgʻlim boʻlasan-u, yomon oʻqirdingmi. Sen yanada yaxshi oʻqishing kerak. Eduard ismiga munosib boʻlishing shart. Ism ota-onadan farzandga qoldirilgan yagona meros sanaladi, – sergap ota ancha oʻziga keldi. Ammo meros soʻzini notoʻgʻri ishlatib qoʻyganini sezmadi.

Kichigi Elif esa nuqul otasining yangi narsalarga oʻchligini payqardi. “Dadam yangi mashina olgan. Bugungi ziyofat va koʻngil olishlar mashina tufayli. Bizning oldimizdan oʻtadi va mashinasiga hech kimni yaqinlashtirmaydi. Biz esa eski mashina bilan ovunib qolamiz” deya oʻylardi.

Suhbat uzilib qoldi. Folkner oʻgʻliga umuman mavzuga daxli boʻlmagan soʻzlarni ayta ketdi.

– Bilasanmi, Elif. Sen kelajakda madaniyatli va oʻziga xos obroʻga ega inson boʻlishing kerak.

– Ha, – dedi oʻgʻil atrofdagilarga bir-bir qarab.

– Bilasanmi, buning uchun nima qilishing kerak? – dedi Folkner ogʻziga bir boʻlak goʻshtni solib.

– Bilmayman-da, – deb qoʻydi jilmaygancha Elif.

– Uning uchun, avvalo, shim kiyishni oʻrganishing zarur.

– Shiiim? Nega axir?

– Kiyganda ham uch narsaga amal qilishing lozim. Birinchidan, shimni kiyib boʻlgandan soʻng uning zanjirini oʻtqazishni unutma. Bu sening obroʻingni oshiradi. Ikkinchidan, shiming sening nuqsonlaringni oshkor qilmasin, yashirsin. Oʻzining chizigʻi silliqligini yoʻqotmasin. Uchinchidan, shimni kiygandan soʻng, oʻtirayotganingda lippasidan tepasiga koʻtarib qoʻyishni unutma. Bularning barchasi erkaklarning obroʻ va savlatini saqlovchi muhim mezonlar hisoblanadi, – deya ogʻzidagi goʻsht boʻlagini chaynashda davom etdi.

– Shu xolosmi, – hech narsaga tushunmaganidan Elif gapning mazmuniga ham eʼtibor bermasdi. Anglolmadi ham. Xoʻp. Anglaganda ham toʻqqiz yoshli bolaga ayni damda va shu vaziyatda shim kiyish falsafasiga ehtiyoj bormi?

Ishonmaysiz, Folkner gapni shunchalik aylantirdiki, agar xonaning burchagida sichqon boʻlganda, allaqachon zerikkanidan uxlab qolardi. Va nihoyat, ota portladi. Chaynala-chaynala maqsadga oʻtdi:

– Gap shundaki, men juda ham kichik, mehrga va otaga muhtoj boshqa bir bolaga kerakman. Uning onasiga ham. Shuning uchun olti yoki yetti yil ularning yonida boʻlishim kerak. Ammo, azizlarim, men ularni sizlardan ustun qoʻymayapman. Unga ham otaman. Vazifamni bajarishim kerak.

– Axir qanday qilib begona bolaga ham ota boʻlar ekansiz? Kim oʻzi u? – dedi qichqirib Elif.

– Axir shuncha vaqt ketish shartmi? Borib qoʻliga olti yilga yetadigan pul berib kelsangiz boʻlmaydimi? – dedi Anya jahl bilan.

– Ammo bizga ham otasiz. Ular ikki kishi boʻlsa, biz toʻrt kishimiz. Bizni shuncha vaqt tashlab ketishingiz adolatdanmi? Undan koʻra oz muddat biz bilan yashasin, keyin oʻzlari uyalganidan ketib qoladi. Chunki siz bizga ham keraksiz. Olti yil otasiz xonadonda uchalamiz onam bilan qanday yashaymiz, – dedi Edi tushkunlikka tushib.

Folkner uncha oʻyga tolmadi, chunki bu kabi savollar girdobida qolishini bilgandi. U oldida bundan boshqa toʻgʻri yoʻlni koʻrmadi. Ertaga ertalabdan bu xonadondan ketadi. Yangi bola oq-qorani taniydi. Maktabdek ziyo maskaniga qadam ranjida etganidan soʻng yana qaytadi. Axir ishonib boʻladimi, birgina otasiz oʻsgan bola tufayli butun boshli mamlakat parokanda boʻlib ketishi mumkin. Haytovur, katta bolalari maktabga borishadi. Ulardan havotir olmasa ham boʻladi…

 

Nemis tilidan

Dilobar ASLIDDIN qizi

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/nasr/otalik-burchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x