Ota uy – vatandir

Aniq esimda: maktab paytlarim edi. Adabiyot fani oʻqituvchimiz sinfdoshim Nuriddindan “dadang aka-­ukalar ichida eng kichigi, bobong kim bilan yashayapti?” deb soʻrab qoldi. Nuriddin:

– Bobom bizning uyda yashayapti, – dedi bobosi bilan yashayotganidan emas, xuddi unga yolgʻiz oʻzi gʻamxoʻrlik qilayotgandek magʻrurlanib.

Oʻqituvchimiz unga tikilib turdi-da:

– Yoʻgʻ-e, balki sizlar bobongizning uyida yashayotgandirsiz? – dedi.

“Gur” etgan kulgu xonani bosdi. Nuriddin sariqdan kelgan bola emasmi, bir zumda qip-qizil boʻldi-qoldi.

***

Ota hovli boshqa uy-joy qilib ketgan farzandlar uchun ham doimo aziz va qadrli. Oilaviy yigʻin va tadbirlar boʻlsa, u, albatta, ota uyda oʻtadi. Ota uyda qoladigan farzand yelkasida katta masʼuliyat bor. Garchi otaning boshqa bolalari boʻlsa-da, uy chirogʻini yoqib oʻtiradigan oʻsha. El koʻproq shu farzand iqboliga qarab, sulola taqdiridan soʻz ochadi.   

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 11-sonida Olim Jumaboyevning “Uy” qissasini oʻqidimu, maktab davrlardan xotira boʻlib qolgan oʻsha voqea xayolimda qayta jonlandi. Qissada asar voqealari birgina qarovsiz va egasi “yoʻq” uy atrofida kechadi. Aslida-ku uyning egasi bor. Ammo ovuldagilar uyni “beega” deb hisoblaydi. Aniqrogʻi, shunaqa boʻlishini istaydi. Aynan mana shu uyning beega boʻlib qolishi, ovul ahlining uydan qandaydir ulush olish istagi asar qahramonlari xarakterini ochib beradi. Aslida ham biror kutilmagan voqea-hodisa roʻy bermasa, yon-atrofidagilar u inson xarakterini hatto yuz yil oʻtsa-da bilolmasligi mumkin.

Oʻylashimcha, yozuvchi qissaga nom berishda rosa boshi qotgan, “nima deb nomlasam ekan?”, deb qattiq oʻylagan yoki umuman oʻylamagan. Bunday fikr yuritishimizga sabab shulki, butun boshli voqealar bir eski uy atrofida kechayotgani bois shunchaki “Uy” deb qoʻya qolgan. Garchi asar mavzusini oldindan “sotib” qoʻysa-da, qissaga “Ota meros” deb nom berish ham mumkin edi. Yo boʻlmasa, ramziy maʼnoda “Oʻchmagan chiroq” nomi ham maʼquldek, nazarimizda. Chunki uzoq tortishuv va muzokaralardan soʻng otaning uyi baribir bir avloddan tarqagan sulola vakili Murodjonga tegadi-ku. Bu esa ota uy chirogʻi oʻchmaganini bildiradi.

Ota uyning ulugʻligi, azizligi haqida oʻy surar ekansiz, uning ona Vatanga ishora qilinayotganini sezasiz. Vatan ostonadan boshlanadi, degan gap ildizi ham shunga borib taqalsa, ajab emas. Chindan ham Vatan mana shunday seviladi, ardoqlanadi. Yoʻqsa, u oʻzgalar tomonidan talon-taroj qilinadi. Xuddi ovuldoshlar jam boʻlib, Shodmon otaning uyini buzib, bor-budini orqalab, yelkalab, qoʻltiqlab ketgani kabi.

Qissada uy soʻzining yigirmadan ortiq sinonim koʻrinishlarini uchratasiz. Birgina shu soʻz oʻzida qanchadan-qancha maʼnolarni jam qilganini koʻrib, his etib, bu sezimni bergan muallifga tahsin oʻqiysiz. “Uyni buzganning oʻzi buzilsin”, “Momo boshqa uy qurmagan”, “bir mushtga uy buzilib ketaversa…”, “momoni soʻnggi yoʻlga kuzatib, tuynugi yoʻq uyga qoʻyib keldik” kabi xalqona iboralarni har bir bobda uchratish mumkin. Bu ham muallifning xalqqa juda yaqinligi, xalq bilan mahorat ila tillasha va dillasha olishini koʻrsatib turibdi.

Asar tili haqida ikki ogʻiz gap. Oʻzbek adabiyotida oʻz soʻzi va uslubini yarata olgan yozuvchi Togʻay Murod asarlarini sevib mutolaa qilmaydigan kitobxon topilmasa kerak. Yozuvchining tili xalqimiz ruhiyatiga shu qadar yaqin ediki, unga nafaqat kitobxon, balki yosh-yosh yozuvchilar ham mahliyo boʻlib qolgan edi va afsus­ki, adabiyotimiz vakillaridagi bu mahliyolik hamon davom etayotganini ham koʻrib turibmiz. Natijada Togʻay Murodga oʻxshatib yozaman, degan qanchadan qancha qalamkashlar oʻz yoʻlini topolmay, ikki qoʻlini qoʻtarib, hali kirmagan eshik ostonasidan ortlariga qaytib ketdi. Bu xuddiki Muhammad Yusufning sodda va samimiy sheʼrlariga taqlid qilib qalam tebratgan, xalqimiz va adabiyotimiz esa ikkinchi, uchinchi, va hokazonchi Muhammad Yusufini tan olmagani kabidir. Olim Jumaboyev ana shunday ijodkorlar ichida oʻz yoʻli va uslubini, tilini topib borayotgani bilan ham adabiyotimiz uchun qadrlidir. Toʻgʻri, qissani oʻqish jarayonida gap qurilish­larida uchraydigan baʼzi juzʼiy kamchiliklarga ham koʻzingiz tushadi. Qissa bayonchisining(muallifning) bir xil koʻrinishga ega boʻlgan gap qurilishlaridan koʻp foydalangani oʻquvchini biroz zeriktiradi. Ammo bularning bari muallifning asardan asarga oʻtish jarayonida sayqallanib, yoʻqolib ketadigan kamchiliklaridan.

Adabiyotshunoslikda “soʻzga xasis” degan ibora mavjud. Bu voqea va holatni oʻquvchiga toʻlaqonli ochib berish jarayonida qisqalikka, kamgaplikka amal qiladigan yozuvchilarga nisbatan qoʻllanadi. “Uy”ning ham baʼzi oʻrinlarida shunday holatni uchratamizki, buni yaxshilikka yoʻyamiz. Sababi – yozuvchi asar ustida tinimsiz mehnat qilgani, oʻziga yoqmagan jumla va hatto butun boshli boblardan ham voz kechgani, umuman, asarga sangtaroshdek sayqal bergani sezilib turadi. Shu nuqtai nazardan baʼzi boblarning bir-biriga bogʻlanmay qolganiga ham qoʻzingiz tushadi.

   Qissada voqea-hodisa, qahramonlar holati shunchaki aytib oʻtilmaydi. Yozuvchi bu usulni juda joʻn va sodda, deb biladi. Boyni boy, kambagʻalni kambagʻal, yaxshini yaxshi-yu, yomonni yomon deyish yoʻlini tanlamaydi. Masalan, Murodjonlar oilasi nochorlikda kun kechirishini birgina holat ochib bergan: “Tagi yedirilgan kovushda avaylab qadam bosardim”.

Eʼtibor beradigan boʻlsak, asarda deyarli biror bir personajning portreti batafsil chizilmagan. Bu balki badiiy asar talablariga ziddir. Ammo muallif bu ishni oʻquvchining oʻziga qoldiradi. Yaʼni, qissani oʻqigan kishi oʻz dunyosida va yon-atrofidagi insonlardan oʻz Oʻljaboyi, Suyari, usta Nizomi, Suluvxoli va Esonboyini qayta kashf etib boraveradi. Bu shunday qiziq jarayonki, oʻzingizni asar qahramonlari bilan birga his eta boshlaysiz. Bunda, albatta, hikoyachi siz boʻlasiz va avval Otaning uyi buzilishiga qarshilik qilasiz, xayolingizda uyga qoʻshilib butun boshli sulola tarixi ham xuddi uy kabi nurab, yoʻq boʻlib ketayogandek boʻladi, soʻng “dadangiz”da uyga egalik istagi paydo boʻlganida, qiynalasiz. Oʻsha ikki enlik xat sabab oʻzingizni aybdor sanaysiz va oxir-oqibat uy sizga nasib qilganida bunga oʻzingiz ham koʻnikasiz, koʻnasiz. Kunlar oʻtib, Suyarning uy daʼvosi bilan ovulga qaytishidan, u bilan yuzma-yuz kelishdan hadiksirab yurasiz va oʻz hayotingizga razm solib, birdan oʻylab qolasiz: xoʻsh, men shunday qilarmidim, qalbimdagi tuygʻular mana shunday evrilishlarga uchrarmidi? “Men”ingizni shu kabi savollar bilan soʻroqlay boshladingizmi, demak, muallif oʻz maqsadiga erishgan. Oʻzidagi tuygʻu va sezim taʼmini oʻquvchiga ham tottira olgan. Hamma gap shunda!

Qissada personajlar portreti batafsil chizilmagani hisobiga qahramonlar xarakteri yaxshigina ochib berilgan. Voqea-hodisalar taʼsirida inson qalbida roʻy beradigan oʻzgarishlar chiroyli va topilma tasvirlar orqali asarning badiiy qiymatini yanada oshirgan. Elga qoʻshilib, Ota uyidan oʻziga ulush olgan Murodjon ovuldoshlariga qoʻshilib qaytar ekan, machit oldida uchratgani – Suyardan uyalgani, uyi buzilgani haqidagi xabarni eshitgan “otasining qirqidan buyon qorasini koʻrsatmagan olifta”ning ahvolini his qilib, ich-­ichidan qiynalishi va unga rahmi kelishi birgina gap bilan ifoda etiladi. Shu gapning oʻzi ming gap oʻrnini bosadi: “Uyga qaytarkanman, daraxtlarning yalangʻoch tanlari qattiq qaltirayotgandek tuyulardi”.

Qissa xalq tilidagi ibora va qochirmalar, soʻz oʻyinlari va holat tasvirlariga juda boy. Muallif oʻzi tanlagan qahramonlarni majburlab gapirtirmaydi, qiyin vaziyatlarda sabru bardoshini sinamaydi. Hammasini epizodlarning oʻziga “qoʻyib beradi”. Shunchaki oddiy odamlarni kuzatadi, koʻrgani va his qilganini xalq badiyati bilan oʻquvchiga tortiq etadi. Aynan mana shu jihat qissaning oʻqishli boʻlishini taʼminlagan.

 

 

Islomjon QOʻChQOROV

 

1993 yili tugʻilgan.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universtetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ota-uy-vatandir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x