Ota-onalar, tilimizga ehtiyot bo‘lamiz!

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

O`g`il va qiz bolalar tarbiyasining o`ziga xos jihatlari, farqlari bor. Ko`rinishdan bir xil tuyulsa-da, bu ikki qulfga tushadigan kalitlar biroz farqli.

Biz kundalik qo`llaydigan jumlalar, hatti-harakatlar murg`ak vujud va ruhiyat uchun katta ta`sir ko`rsatishini ko`pda o`ylamaymiz ham. Bu maqolamizdan keyin esa bolalarimizga aytayotgan jumlalarimizga xushyor bo`la boshlasak, ajab emas.

Qizlarga aytish mumkin bo`lmagan gaplar

«Bu o`g`il bolalarning o`yinchog`i, o`ynama»
Nega endi qiz bola mashina o`ynamasligi kerak, degan savolga tuzuk-quruq javob topib berish mushkul. Mashinachalarni yaxshi ko`rishi qiz bolaning kelajakda erkakshoda bo`lib o`sishidan dalolat bermaydi. Bu atrof-olamga bo`lgan sog`lom qiziqishning ifodasi, xolos. O`g`il bolalar uchun konstruktorlar, qizlar uchun esa qo`g`irchoqlar majmuasini sovg`a qilish orqali biz ularga yoshligidanoq «O`g`il bolalar uchun aql, qizlar uchun husn muhim» degan noto`g`ri aqidani singdiramiz. Kelajakda bu qizlar aqlli o`g`illarni tarbiyalashi kerakligini esa unutib qo`yamiz.
«Qizlar unday qilishmaydi…»
Daraxtga tirmashish, suvga kalla tashlash, karovat ustida sakrash yoki yoqtirmagan odamiga qo`pol muomalada bo`lishni qizlar uchun yot xislatlar deymiz. Lekin qizaloqlar ham jismonan sog`lom, egiluvchan, chaqqon, o`rni kelganda o`zini himoya qilishi (hech bo`lmasa so`z bilan) kerakligini unutib qo`yamiz. To`g`ri, bola sag`ligiga xavf soladigan ishlar bilan shug`ullanmasligi kerak. Ammo bu har ikki jinsdagi bolalarga birdek taalluqli. Shu sababli, qiz bola ekanini pesh qilmay, boshqa asosli dalillar bilan uni bu xavflardan ogoh etish kerak.
«Falonchi bir yigitning boshini aylantirib olibdi…»
Bu bilan yigitlar o`lja, qizlar esa ovchi, hamisha yaxshi o`lja ortidan ov qilish, yigitlarning boshini aylantirib olish kerak degan xulosalar kelib chiqadi. Qiz bola muhabbat otlig` sof tuyg`uni mana shunday jo`n, to`pori va shaxsiy manfaat nuqtai nazaridan tushunishi ortidan hayotda ko`p qoqilishi mumkin. Qizingizning kelajagini hozirdan buzmang, tilingizga ehtiyot bo`ling.
«Erkaklarga maza!»
Albatta, erkaklarga ko`p jihatdan oson, lekin bu qizaloq yoshligidan o`zini kamsitilgan, noqis his etib yashashi kerak, degani emas. Birinchidan, ayollarga ham oson joylari bor. Ikkinchidan, qiz bola o`ziga ishonsa, duch kelgan yigitning aldovlariga uchmaydi. O`ziga ishonishi uchun esa unga «Senga qiyin bo`ladi», «Attang, qizbola bo`lib tug`ilgansan-da» degan gaplarni umuman gapirmaslik kerak.
«Buncha semirib ketayapsan, ozishing kerak»
Ayniqsa, o`smir qizaloqlarga bunday demaslik darkor. O`smirlar shundoq ham o`zlariga ishonchi susayib, bundan siqilib, atrofdagilardan ko`p savollariga javob qidirgan, hayotdan ma`no izlayotgan bo`ladi. Onalar bu paytda ularning tashqi ko`rinishi va ichki olami borasida har bir so`zlarini o`ylab gapirishlari, qizlariga ruhan madad bo`ladigan, ularning kayfiyatini va o`ziga bo`lgan ishonchini oshiradigan so`zlarni aytishlari lozim. «Ozishing kerak» deganini ular hozir «Yoqimtoy emassan» degan ma`noda qabul qilishlari mumkin. O`smirlik davrida qattiq parhez qilishga tibbiyot qarshi, bu stress ruhiyatiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shu sababli qizlarni o`zlarini boricha sevishga o`rgatishimiz shart.
«Badavlat yigitga turmushga chiqishing shart»
Hozir ko`p qizlarning dardi shu bo`lib qoldi. Tashqi ko`rinishga haddan ortiq e`tibor berishlar, to`y-hashamlarda davradan chiqmay o`ynashlar, yigitlar e`tiborini tortish uchun ijtimoiy tarmoqlarga paydar-pay suratlar joylashlar… Nima qilib bo`lsa ham badavlat yigitga tegib olish. Kechirasiz-u, badavlat yigitlar yosh bola emaski, qo`g`irchoq o`ynasa. Chiroyli surat ortida mazmunli siyrat bo`lmasa, badavlat shahzodadan umid uzing. Ichki o`sish, ruhan va ma`nan boyish haqida o`ylang, qizlarjon. Obro` va qimmatingizni tushirmang. Shunda shahzodalarning o`zi siz tomon oshiqadi.
«O`zi o`g`il ko`rishni istagan edim…»
«…lekin sendek baxtni bergan Xudoyimga shukr» deya gapingizni yumshatmoqchi bo`lsangiz ham, baribir, unday demang. Іar bir bola tug`ilmasidanoq ota-onasi tomonidan sevimli, kutilgan, orzu qilingan farzand bo`lganini bilishi kerak. Ota-onasining qalbidagi va xayolidagi o`zi egallagan o`rin bola uchun juda muhim. Siz hamisha ana shu joyning naqadar katta ekanini namoyon etib turing.

O`g`il bolalarga aytish mumkin bo`lmagan gaplar

«Barakalla!»
Maqtov, olqish so`zlari o`g`il bolalar uchun juda kerak. Ammo maqtovga ijodiy yondashish lozim. Birinchi, ikkinchi marta «Barakalla», «Molodes!» degan alqovlarni eshitganda bolakay, albatta, yayrab ketadi. Lekin har safar avtomatik tarzda shu so`zni aytaversangiz, qadrini tushirib yuborasiz. Shuning uchun bir maqtovga yopishib olmang, o`g`lingizni har safar qilgan ishiga qarab turlicha tarzda maqtang va rag`batlantiring.
«Tez-tez bo`l!»
Bolalarning fikrlash, harakat qilish, umuman yashash shiddati kattalarnikidan farq qiladi. O`g`il bolalar esa ko`pincha qizlardan farqli ravishda chaqqon bo`lmaydilar, hayotlarining ilk davrida qizlar rivojlanishda o`g`il bolalardan ildamroq bo`ladilar. Shu sababli poyafzali bog`ichini singlisiga nisbatan kechroq bog`lagan o`g`lingizni buning uchun koyimang, singlisini unga ibrat qilib ko`rsatmang. Vaziyatni tushuning va munosib reaksiya ko`rsating. Shunda bolaning o`ziga nisbatan ishonchi so`nmaydi.
«Meni tinch qo`y!!!»
Bu turli shaklda aytilishi mumkin: «Xalaqit berma», «Nari tur», «Ish qilgani qo`yasanmi, yo`qmi?» va hokazo. O`g`il bolalar sho`x, tekturmas va onasiga yopishgan bo`lishadi. Ular har qanday ishni onasining «orbitasidan chiqib ketamagan» holda qilgilari keladi. Onalar esa buni tushunish va qadrlash o`rniga ularni o`zlaridan itaradilar. Albatta, ayrim ishlar diqqatni, xotirjam yondashuvni talab qiladi. Ammo buni bolaga qanday aytishni bilish kerak. Baland ovozda jahl bilan «Yo`qol!» deyish qaydayu «Bolajonim, ozgina sabr qilgin, tugatib olay, keyin birga o`ynaymiz» deyish qayda? Ikkinchi usulni qo`llasangiz, bolakayning ruhini cho`ktirmagan holda uni sabr qilishga o`rgatasiz.
«Asablarimni o`ynama! Ular temirdan emas!»
Hammangiz shunday deysiz-a? Bolalarga bunday deyish kerak emas, ayniqsa, onasining ahvoliga o`ta ta`sirchan o`g`il bolalarga. Ayrim onalar bir umr kasalliklari bilan bolani «shantaj» qilib keladilar. Bu kichkintoyning eng sof tuyg`ulari bilan o`ynashish, ulardan foydalanishdir. O`g`lingiz sizni aldamasligini, doim siz bilan ochiq va samimiy bo`lishini istasangiz, siz ham uni aldamang. Qolaversa, hadeb kasalman deyaverish, asablardan nolish bolani bu holga nisbatan ko`niktirib qo`yadi. Bir kun kelib chindan tobingiz qochganda ham u ishonmay qo`yishi mumkin. Doim shunday bo`ladi, baribir birpasda tuzalib ketadi oyim, deb o`ylaydi-da.
«Qani, jim!»
Tasavvur qiling, do`stingiz, hamkasbingiz yo aka-ukalaringizdan kimgadir shunday deya olasizmi? Yo`q, albatta. Bundan ular qattiq ranjishi va oradagi munosabatlar buzilishiini bilasiz. Xo`sh, nega bolangizga bunday deysiz? Nega o`g`il bolaning ishtiyoqini, shahdini so`ndirasiz, undagi jur`atni shu jumla bilan o`ldirasiz? To`g`ri, «Hoy» demasangiz, bu bolalar haddidan oshishi mumkin. Lekin siz ularni tartibga chaqirishning boshqa konstruktiv, ruhiyatiga ta`sir etmaydigan usulini topa olasiz, agar istasangiz. Birdan baqirib «Bas qil!» deyish esa muammoni bir muddatga echib bersa ham, uzoq muddatli natija bermaydi. Sizning g`azab oldida ojizligingizni ko`rsatadi, xolos.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x