Bella Ahmadulinaning ijod yoʻliga nazar
Bella Ahmadulina nomi rus sheʼriyatida oʻchmas iz qoldirgan. Dilbar va jozibali satrlar yetib bormagan koʻngillar yoʻq edi, desak adashmaymiz. U koʻplab esselari bilan ham adabiyot xazinasiga katta hissa qoʻshgan. U shaxsan oʻzi tanish boʻlgan ijod vakillari Vladimir Nabokov, Anna Axmatova, Marina Svetayeva va boshqalar haqida oʻz xotiralarini bitib qoldirgan. Aytish kerakki, Ahmadulina yigirmanchi asrning serqirra ijodkori edi: shoira, adiba, tarjimon. Bugungi sonimizda ijodkorning hayot va ijod yoʻliga nazar solamiz.
Bolalik yillari
Izabella Axatovna Ahmadulina 1937 yilning aprel oyida Moskva shahrida ziyoli va oʻziga toʻq oilada dunyoga keldi. Bellaning otasi ministr oʻrinbosari, onasi boʻlsa tarjimon boʻlib ishlardi. Unga Izabbela ismini buvisi qoʻygan. Bunga sabab 30 yillarda sovet davlatida Ispaniya va unga bogʻliq nomlar ancha ommalashgandi. Ispancha ism olgan rus qizi keyinchalik oʻz asarlari soʻngiga qisqacha Bella deb yozadigan boʻldi.
Bellaning qon tomirlarida turli millatlar qoni oqardi: tatar, rus, italyan. Uning tarbiyasi bilan asosan buvisi (ona tarafdan) shugʻullanar, sababi ota-onasi juda band kishilar edi. Aynan Nadejda buvi unda mutolaa va klassik adabiyotga boʻlgan muhabbatni shakllantirdi. U nabirasiga Gogol va Pushkin asarlarini tez-tez oʻqib berardi.
Sarson davrlar
Urush yillarida Bellaning otasi frontga joʻnadi. Qizchani esa Qozonga, narigi (ota tarafdan) buvisiga topshirishdi. Afsuski, Bella bu yerda buvisining eʼtiborsizligi tufayli sogʻligʻini yoʻqotdi, oʻlim toʻshagida yotganda onasi yetib keldi. Vaqtida berilgan yordam tufayli Bella yashab ketdi. Urush tugashi bilan Bella onasi bilan poytaxtga qaytdi va maktabga chiqa boshladi. Bella darslarni koʻp qoldirar, faqat adabiyot fanini sira oʻtkazib yubormasdi. U yoshiga nisbatan ijodga erta kirib keldi va kichikligidayoq hech qanday imloviy xatolarsiz insholar yoza boshladi.
Sheʼriyatga qadamlar
Uning ilk sheʼrlari aynan maktab davrida, pionerlar uyida tugʻildi. 15 yoshida oʻz uslubiga ega shoira maqomiga erishgan edi. Birinchi marta 18 yoshida adabiy jurnallarda sheʼrlari bosildi. Ikki yil oʻtib “Komsomolskaya pravda” gazetasida uning sheʼriyati tanqid qilindi. Satrlari oʻta eskicha ekani, sovet ruhiyati yetishmasligi taʼkidlandi.
Bellaning ota-onasiga uning adabiyot yoʻlidan ketishi maʼqul kelmadi – ular qizini jurnalist boʻlishini orzu qilishardi. Kattalar raʼyiga qaragan qiz jurnalistika fakultetiga xujjat topshirdi. Baxtiga imtihonlardan yiqildi. Shunga qaramay ota-onasining irodasi bilan “Metrostroyevets” gazetasiga ishga kirdi. U yerda nafaqat maqolalari, balki sheʼrlarini ham chop etardi.
Talabalik baxti
Kelasi yili esa oʻzi orzu qilgan Adabiyot institutiga oʻqishga kirishga muvaffaq boʻldi. Ammo 1959 yilda u ayrim sabablarga koʻra oʻqishdan haydaldi, Bella “Literaturnaya gazeta” nashrida faoliyatini davom ettira boshladi. Tez orada bosh muharrir Belladagi iqtidorni koʻrib uni institutdagi oʻqishini tiklashiga yordam berdi. Ahmadulina
1960 yilda diplom oldi.
Ketma ket chop etilgan kitoblar
Oradan ikki yil oʻtib Bellaning ilk sheʼriy toʻplami “Struna” Soz dunyo yuzini koʻrdi va koʻp oʻtmay maqtovlarga koʻmildi. Endi qizni ham ijodiy uchrashuvlarga taklif eta boshlashdi. Uning yengil, tiniq, shaffof satrlari yuraklarni egalladi. 1968 yilda ikkinchi sheʼriy toʻplami “Oznob” (Titroq) chop etildi. Bir yil oʻtib esa “Uroki muziʼki” (Musiqa darslari) nashrdan chiqdi. “Metel”, “Boʻron”, “Stixi” (Sheʼrlar), “Svecha” “Sham” sheʼriy toʻplamlari ketma ketlikni davom ettirdi.
70 yillarda Bella Ahmadulina Gruziyada boʻldi. Bu mamlakat unda katta taassurot qoldirdi. Natijada “Sniʼ o Gruzii” nomli sheʼriy toʻplami yaratildi. Shuningdek, u Galaktion Tabidze, Nikolay Baratashvili, Simon Chikovani kabi gruzin shoirlarining sheʼrlarini ruschaga tarjima qildi.
Kino va sheʼriyat
Ahmadulina ikkita filmda suratga tushgan – “Shunday yigit mavjud” va “Sport, sport, sport”. Birinchi filmda u 22 yoshida jurnalist qiz rolini oʻynab chiqqan. Ikkinchi kartinada esa oʻz sheʼrlarini sportchilarga oʻqib bergan. Atigi ikki marta kinoda koʻrinish bergan boʻlsa-da, uning romantik sheʼrlari va qoʻshiqlari turli filmlarda tez-tez yangrab turardi. Masalan, “Taqdir hazili yoki qushdek yengil boʻling” filmida Bella Ahmadulina sheʼrlaridan foydalanilgan, uni Alla Pugachyova ijro etgan. “Ishdagi ishq” filmida ham Bellaning sheʼriy toʻplami rejissyorga asqotgan. Shoira koʻplab xalqaro adabiy festivallarda ishtirok etgan.
Birinchi muhabbat
Oʻn sakkiz yoshli dilbar shoiraga oshiqlar koʻp edi. Ular orasida taniqli shoir, yozuvchi, kinossenarist va aktyor Yevgeniy Yevtushenko ham boʻlib, u Bellani bir koʻrishdayoq sevib qolgandi. Yevgeniy oʻz xotiralarida uni birinchi muhabbati sifatida taʼriflar va goʻyo qiz bolaga emas, sanʼat asariga boqqandek qaraganini eslardi. Ularning sevgi qissasi bir roman boʻlgulik edi. Tez tez tortishar va darhol yarashib olardilar. Yevtushenko unga atab sheʼr bitishdan tinmasdi. Ularni tez-tez Moskva koʻchalarida sayr qilgan holda uchratardilar.
Juftlik 1955 yilda turmush qurdi. Bella suyganidan farzand koʻrishni juda istardi. Biroq Yevtushenko boshqa shoirlar singari bolalar ijod qilishga halal beradi va erkinlikdan mahrum etadi, deb hisoblardi. Ayolning koʻngli sindi. Yevgeniy bu istakni rad etib, suyumli rafiqasining mehridan ham ayrilayotganini oʻsha payt bilmas, keyinchalik esa afsus chekkandi. Oʻrtada jiddiy kelishmovchiliklar chiqmadi, ammo sevgi soʻndi. Yevgeniy Bellaning muhabbatini qayta qozonolmadi. Uch yillik turmush nihoyasiga yetdi. Keyinchalik bolajon Bella yetimlar uyidan qizcha asrab oldi. Turmushga chiqib, nihoyat azaliy orzusiga ham yetdi: qizli boʻldi. Biroq u farzandlarini azaliy muhabbati Yevgeniy bilan tarbiyalashni juda istagan edi.
Umr shomida
Shoira hayotining soʻnggi yillari ogʻir oʻtdi. U xastalanib qoldi. Bella paypaslanib bazoʻr yurar, sababi butunlay koʻz nuridan ayrilgandi. Sheʼr ham yozolmay qoldi. Jarrohlik amaliyotidan toʻrt kun oʻtib, 2010 yil 29 noyabrda Izabella hayotdan koʻz yumdi. Afsonaviy ijodkor bilan vidolashish marosimi poytaxtda, Markaziy adabiyot uyida kamtarona tarzda boʻlib oʻtdi. Unga faqat yaqinlari tashrif buyurishdi. Bellaning asrandi qizi Anna poligrafiya yoʻnalishida taʼlim olib, kitob bosmaxonasida faoliyat yuritadi. Oʻzining qizi Yelizaveta esa onasining izidan borib Adabiyot institutini tamomladi.
Sheʼr – umr mazmuni
Hamisha qora libos kiyadigan, ingichka barmogʻiga uzuk taqishni kanda qilmaydigan shoira osmonga tikilib mayin ovozda sheʼr oʻqishni yaxshi koʻrardi. Ahmadulinaning sheʼriyati oʻziga xos, ochiq-oydin boʻlib, ichki olamni tashqi olam buyumlari: yangi ixtirolar (magnitofon, samolyot, svetofor) va eskicha buyumlar (sham, hovli) bilan bogʻlab yozardi. Sheʼriyat – uning bor-yoʻgʻi edi, yoʻl-yoʻlakay uchragan arzimas holatlardan ham fantaziyasini ishga solib yangi obrazlar yarata olardi. Hamisha soʻz boyligini oshirish payida boʻlardi. Ahmadulina sheʼrlaridagi ritmda dinamika muhim rol oʻynaydi. 2013 yil 9 fevralda Rossiya federatsiyasi prezidenti V. Putin Ahmadulinaning sheʼrlarini adabiyot darsliklariga kiritish haqida farmon berdi.
Oʻzbek tilida
Shoiraning bir qator sheʼrlari mohir tarjimonlar mehnati bilan oʻzbek muxlislariga yetib kelgan. Jumladan, “XX asr rus sheʼriyati” abadiy-badiiy nashridan (Mirpoʻlat Mirzo tarjimalari) oʻn besh nafar zabardast rus shoirlari qatorida Bella Ahmadulinaning ham sheʼrlari joy olgan. Ahmadulinaning “Gunglik”, “Xayrlashuv”, “Oyparastlar”, “Gurji ayollarin ismlari”, “Sheʼriyat kuni”, “Mehr”, “Aprel”, “Boʻron”, “Kuz”, “Manzara” kabi sheʼrlari oʻzbek tilida ham dilbar va tiniq yangradi, oʻz muxlislariga ega boʻldi.
Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi
“Ijod olami”, 2017–4
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/osmonga-qarab-sher-oqigan-ayol/