— Endi katta qiz bo`lib borayapsan, bolam, — deyman kundan-kun durkunlashib, bo`yi bo`yimga etib borayotgan qizimga qarab. Rosti, undagi bu o`zgarishlar meni bir tomondan quvontirsa, boshqa tomondan xavotirga ham soladi.
Bunday hisni, aslida, har bir ona yuragidan o`tkazadi. Negaki, bolaning o`smirlik davri ota va ona zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi. Farzandimizning tabiati, fe`l-atvoridagi o`zgarishlardan boxabar bo`lgach, uning balog`atga etishi jarayonida nimalarga e`tibor qaratish kerakligini o`ylab shoshib qolamiz. Sir emaski, bunday paytda o`smir, ayniqsa, qiz bolaga do`stona maslahat zarur. Ammo onalar, ko`pincha, mazkur masalada qizlari bilan sirlashishga istihola qilishadi. Qiz bolaning opasi bo`lsa-ku, mayli, bu davrning “nozik” jihatlari haqida ogohlantirishi mumkin. Lekin bo`yi etayotgan qizning bunday maslahatgo`yi yo`q bo`lsa-chi? Unda quyidagi tavsiyalar asqotishi aniq.
“Qizil kunlar” nimadan darak?
Qiz bola 11-12 yoshga etganida u hayz ko`radi, ya`ni jinsiy a`zolaridan qon keladi. Qo`rqma, bu kasallik emas, balki ayol kishida har oy takrorlanadigan holat. Odatda, ona necha yoshda hayz ko`ra boshlagan bo`lsa, qizda ham xuddi o`sha yoshda yoki unga yaqin vaqtda ana shunday o`zgarish kuzatiladi. Tadqiqotlardan ma`lum bo`lishicha, qiz bolaning vazni 47 kg. ga etganida u hayz ko`rar ekan. Ya`ni, ozg`in qizlar, do`mboqlarga qaraganda kechroq etiladilar. Ammo yoshing 15-16 ga etib qolgan va haligacha hayz ko`rmagan bo`lsang, shifokor ko`rigidan o`tish zarur.
- • Ilk alomatlar
- • Og`riqlimi?
- • Shifokorga borishdan avval…
- • Tibbiy ko`rik qanday o`tadi?
- ◦ Necha yoshda hayz ko`ra boshlading? Ilk hayz necha kun davom etgan va so`nggi marta qachon bo`ldi? U har oyda bir vaqtda takrorlanadimi yoki bir necha oy hayz ko`rmaslik holatlari ham bo`lganmi?
- ◦ Hayz davrida og`riq his qilasanmi? Ko`p qon keladimi?
- ◦ Seni bezovta qilayotgan boshqa shikoyatlaring bormi?
- • “Ayollar shifokoriga bormayman!”
- • Hayz va sport
- • Hayz paytida cho`milish mumkinmi?
Hayz kelishidan bir necha oy avval qorinning pastki qismida biroz og`riq sezilishi, qindan rangsiz yoki oq ajralmalar kela boshlashi mumkin. Faqat bu ajralmalarda noxush hid borligini sezsang, albatta, onang yoki opangga aytishing lozim. Chunki, bu biror kasallik alomati bo`lishi ehtimoli bor. Ichki kiyimingda jigarrang ajralma izini ko`rsang, bilginki, bu birinchi hayz. Odatda, ilk hayzda bir necha tomchi qon keladi. Hayz har oy, ya`ni 28-30 kunda takrorlanadi va 3 kundan 7 kungacha cho`zilishi mumkin. Uning har oyda ma`lum bir vaqtda kelishi – salomatliging ko`rsatkichi hisoblanadi.
Oy ko`rishingdan bir necha kun avval qorinda pastga tortuvchi og`riq his qilishing mumkin. Unutmaki, juda qattiq og`riq tursa, qon miqdori ko`p bo`lsa, buni yaqinlaring (ona, opa, xola)ga bildirib, ginekolog shifokor ko`rigidan o`tish zarur.
Necha yoshda ginekologga borish kerak?
Agar seni hech narsa bezovta qilmasa, 13 yoki 15 yoshda ginekolog shifokorga ko`rinishing mumkin. Ginekolog nafaqat ayollar kasalligini davolaydi, balki qizlar u yoki bu kasallikka chalinishining oldini olish bilan ham shug`ullanadi. Kasallikni davolashdan ko`ra, uning kelib chiqishiga yo`l qo`ymaslik osonroq. Shu sababli yiliga bir marotaba ginekolog ko`rigiga borib turishing, salomatliging uchun foydalidir.
Ichki kiyimlaring toza bo`lishi kerak. Ertaga ginekolog ko`rigiga borishni rejalashtirgan bo`lsang, uyquga yotishdan avval tozalanish, jinsiy a`zolarni yuvish zarur. Ammo ginekologga borishdan bir necha soat avvalbunday qilish tavsiya etilmaydi. Nega deganda, yallig`lanish yoki shamollash alomatlari bo`lgan ajralmalar yuvilib ketishi mumkin.
Agar seni hech narsa bezovta qilmayotgan bo`lsa, shifokor suhbat jarayonida quyidagi savollarni berishi mumkin:
Ginekolog ushbu savollarga bergan javobingdan kelib chiqib, ko`krak bezlarini tekshirishi mumkin. Shuningdek, seni tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun maxsus ginekologik kresloga chiqishni buyuradi. Albatta, bu seni biroz xavotirga solishi tabiiy. Ammo yodingda bo`lsin, bu og`riqli jarayon emas, biroz yoqimsiz, xolos. Bundan tashqari, turmushga chiqmagan qizlarni shifokor ultratovush tekshiruvi yordamida ham tekshirishi mumkin. Shifokor a`zolarning qanchalik to`g`ri rivojlanayotgani va shamollash bor yoki yo`qligini ko`radi. Mabodo, ginekolog ko`rigi paytida og`riq his qilsang, buni darhol shifokorga bildirishing kerak.
Ginekolog shifokor ko`rigi sen tasavvur qilganingdek dahshatli hodisa emas. Shifokor salomatligingga zarar etkazadigan hech qanday harakat qilmaydi. U jinsiy a`zolar qanchalik to`g`ri rivojlanayotganini nazorat qilib, biror salbiy o`zgarish yo`qligiga ishonch hosil qilish uchun uni ko`zdan kechirishi lozim. Bu to`g`ri tashxis qo`yish uchun zarur va tekshiruv uzog`i bilan 2-3 daqiqa talab qiladi, xolos. Qo`rqma. Bordi-yu, hayajoningni enga olmasang, oyingdan qo`lingni ushlab turishini iltimos qilishing mumkin.
Yodingda tut: Ginekolog shifokor ko`rigiga borganing va qandaydir muolajalar olayotganing to`g`risida hatto eng yaqin dugonangga ham aytma. Qizlar bu kabi kichik sirlarning begonalar qulog`iga etishidan ehtiyot bo`lishlari kerak.
Hayz davrida qattiq og`riq his qilmasang va ko`p qon kelmayotgan bo`lsa, sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanish mumkin.
Bunday paytda shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy amal qilish zarur. Ertalab va kechqurun iliq suv bilan jinsiy a`zolarni yuvish, ichki kiyimlarni yaxshilab dazmollanganiga almashtirish shart. Shuningdek, o`zingga tegishli alohida sochig`ing, sovun va mochalkang bo`lishi lozim. Hojatga chiqqaningdan keyin (yoki kechki payt), albatta, jinsiy a`zolarni to`g`ri yo`nalishda: old tarafdan orqaga qarata yuvish kerak.
Onalar uchun!
Qizingiz bo`yi etib, katta bo`lib qoldi. U bilan tengquridek bo`lmasa-da, yaqin insoni sifatida gaplashishingiz, maslahat berishingiz har ikkingiz uchun ham foydalidir. Chunki, siz bu bilan qizingizni bezovta qilayotgan muammolardan boxabar bo`lasiz va unga to`g`ri yo`l ko`rsatasiz. Bolangizning hali hayotda tajribasi bo`lmagan o`zi kabi dugonalari maslahatiga quloq tutib, ish ko`rishi to`g`ri emasligini unutmang.
Odatda, o`smir yoshdagi qizlar onasining kayfiyatini osonlik bilan o`ziga “yuqtiradi”. Va bu yoshda onalar farzandlaridan faqat o`zlariga ma`lum sabablarga ko`ra, uzoqlasha boshlaydilar. Natijada, yosh qiz o`z muammolari bilan yolg`iz qolib ketadi va o`ziga nisbatan ishonchi yo`qola boshlaydi. Shu bois, qizingizning bo`yi cho`zilishi bilan o`zingizning o`smir yoshingizni yodga oling. Farzandingizda ro`y berishi mumkin bo`lgan o`zgarishlarning tabiiy hol ekanligini unga tushuntiring. Qizingiz o`zini qiynayotgan barcha savollarga sizdan javob ola bilishini his qilsin. Va uning savollariga ortiqcha hissiyotga berilmay, vazminlik bilan javob qaytaring. Shu bilan birga qarshi jins vakillari bilan munosabatlarda ehtiyot bo`lishi kerakligini ham aytib o`ting.
Shu bilan birga o`smir yoshdagi qizingizni bolalar ginekologi ko`rigidan o`tkazish uyatli emas. Albatta, uni ko`rikdan o`tkazayotganingizni birovga ovoza qilishning hojati yo`q. Ammo, shu bilan birga, o`smir yoshdagi qizingizning to`g`ri rivojlanashi uning kelajak hayoti, homilador bo`la olishi, sog`lom farzand dunyoga keltira olishi uchun esa muhimligini unutmang. Shu sababli yilda bir bora bo`lsada, qizingiz bilan bolalar ginekologi ko`rigidan o`tib turish tavsiya qilinadi.
Maqola bolalar ginekolog shifokori Yoqut NURMUHAMMEDOVA bilan hamkorlikda Madina ZARIF tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz