O‘rta Osiyo etnogeografiyasidagi ba’zi-bir dolzarb muammolar


Post Views:
409

Antik va ilk o‘rta asrlarning boshlarida O‘rta Osiyo jumladan, O‘zbekiston Yevroosiyo materigida yuz bergan “xalqlarning buyuk ko‘chish” davrini chorrahasiga aylanadi. Bu yerda tarixiy yilnomalarda tilga olingan yirik qabilalar uyushmasining va ular bilan bog‘liq bo‘lgan xalqlarning sharqdan g‘arbga, janubiy-g‘arbga va janubga, shimoldan janubga va shimoliy-g‘arbdan janubiy-sharq tomon ko‘chishlari yuz bergan. Ulardan ba’zilari O‘rta Osiyohududlarida qolgan bo‘lsa, boshqalari yerli xalqlarning bir qismini o‘zi bilan birga janub va janubiy-g‘arb tomonlarga olib ketgan. Bunga misol sifatida Hindiston va Orol bo‘yi hududlaridan topilgan Farg‘onaga xos tirnash uslubi bilan bezalgan sopol idishlarni (I-II asrlar) keltirish mumkin.

Milodiy eraning IV-V asrlariga kelganda O‘rta Osiyo siyosiy xaritasida xionitlar va kidaritlar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan xalqlar uyushmasi paydo bo‘ladi. Ular o‘zbek xalqi tarixida muhim iz qoldirgan.

Milodiy eraning V asr o‘rtasidan O‘rta Osiyo ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi qabilalar uyushmasi hisoblangan eftalitlar xuqmronligi doirasiga o‘tadi. Eftalitlarning janub va janubiy-g‘arb tomon qilgan yurishlari ta’sirida O‘rta Osiyo xalqlari etnogeografiyasida sezilarli o‘zgarish yuz beradi.

YUqorida tilga olinga qabilalar (xalqlar) uyushmalarining etnik sostavi xaqida harxil fikrlar mavjud. Masalan, eftalitlarning kelib chiqishi tili haqida yagona bir fikr yo‘q. Bir guruh olimlar eftalitlarning tili sharqiy eron tillar guruhlariga kirgan desa (Baily, Enoki, Gihrshman), boshqalari (Altheim, Pulleyblank) esa dastlab eftalitlarning tili turkiy bo‘lib, keyinchalik unga sharqiy eron tillarining elementlari ta’sir qilgan deydi. Uchinchi guruh olimlarning fikricha eftalitlar asosan sharqiy eron tillar guruhiga mansub bo‘lib, ba’zi-bir turkiy etnik elementlarni o‘zida mujassamlagan qabilalar uyushmasi hisoblangan (Litvinskiy, Gafurov).

Milodiy eraning VI asr o‘rtalaridan boshlab Markaziy Osiyo jumladan, O‘rta Osiyoda buyuk turk imperiyasining xukmronligi boshlanadi. Bu davrda paydo bo‘lgan siyosiy holat ba’zi bir o‘zgarishlar bilan arablar kelguniga qadar davom etadi. Bu davrda O‘rta Osiyo hududlarida siyosiy barqororlik vujudga kelib, joylarda iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga keng yo‘l ochiladi.

Arablargacha So‘g‘d, Toxaristan, Ustrushona, Choch va Farg‘ona hududlarida mustaqil davlatlar mavjud bo‘lib, siyosiy hokimiyat asosan turkiy xalq vakillari qo‘lida bo‘lgan. Lekin, iqtisodiy va ijtimoiy hayot odamlarning tili, diniy e’tiqodlaridan qat’iy nazar ularning o‘zaro tengligi va hamkorligi asosida tashkil etilgan edi. Xususiy mulkchilik davlat va ijtimoiy mulklar qatorida davlat himoyasida bo‘lgan. Bu esa joylarda iqtisodiy yuksalishni tezlashtiradi va davlatlar qudratini oshiradi. Bu davrda O‘rta Osiyo viloyatlarida asosan ko‘p xudolilik hukm surgan. Bu borada uzoq-yaqindan kelgan elchilar, savdogarlar, sayohatchilar tili va diniy e’tiqodlaridan qat’iy nazar mahalliy xalq yoki davlat tashkilotlari tomonidan hech qanday to‘siqlarga uchramagan. Tarixiy manbalarning habar berishicha, tili va diniy qarashlari har xil bo‘lgan xalqlar bir shaharda yonma-yon yashashi, qiz olib, qiz berishi oddiy bir hol bo‘lgan.

Bu borada Mug‘ tog‘idan topilgan hujjatlar orasida So‘g‘d tilida yozilgan № 3 hamda № 4 raqamli hujjatlar diqqatga sazovordir (Livshits). Bu hujjatlarda So‘g‘d qizi Dugdonachi turk yigiti Utteginga turmushga chiqish holati aks ettirilgan. Bu kelishuv qog‘ozi tenglik va ittifoq asosida yozilgan bo‘lib, agarda ularni turmushi kelajakda buzilsa, unda yigit qizni hech qanday kamsitmagan holda o‘z ota-onasiga qaytarib berishi shart bo‘lgan.

Qadimgi So‘g‘d hududidagi Afrosiyob va Pandjikent harobalaridan topilgan devoriy rasmlar ham bu masalani oydinlashtirishda katta yordam beradi. Afrosiyobdagi VII asrga oid saroy qoldiqlaridan va Pandjikentdagi saroy tipidagi monumental uy qoldiqlaridan topilgan devorga chizilgan rasmlar O‘rta Osiyo xalqlarining etnogeografiyasi xaqida boy materiallar beradi. Bu devoriy rasmlarni habar berishicha VII-VIII asrni boshlarida So‘g‘d hududida turkiy xalqlarning o‘rni va roli sug‘diylardan kam bo‘lmagan. Masalan, Pandjikent devoriy rasmlaridagi turkiy xalqlar qiyofasi so‘g‘diylarga nisbatan ko‘proq foizni tashkil qiladi. Antropologik nuqtai-nazardan qaraganda devoriy rasmlardagi turkiy odamlar Yevropa tipida O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i xalqlari guruhlariga kiradi.

A. Anorbayev (O‘zR FA Arxeologiya instituti)

«O‘ZBEK XALQINING KELIB CHIQISHI: ILMIY-METODOLOGIK YONDASHUVLAR, ETNOGENETIK VA ETNIK TARIX» MAVZUSIDAGI RESPUBLIKA ILMIY-NAZARIY SEMINAR MATERIALLARI

Toshkent shahri 2004 yil 19-20 noyabr

https://shosh.uz/uz/o-rta-osiyo-etnogeografiyasidagi-ba-zi-bir-dolzarb-muammolar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x