DO`STLARGA ULASHING:
Sher oshxona ochibdi
O‘rmonda bugun,
Yovvoyi va xonaki
Hayvonlar uchun.
Pishar turli taomlar
Qozonda «jaz-jaz».
Bo‘rivoy – o‘t qalovchi,
Quyon – bosh oshpaz.
Yumronqoziq masallig‘ –
Tayyorlashda band.
Ho‘kiz bobo – qorovul,
Echki – ofitsiant.
Oshxonaki – hashamdor,
Ko‘rinmaydi gard.
Eshikka xat yozilgan:
«Tuyog‘ingni art!»
Birin-ketin hayvonlar
Keldi har yondan:
Tog‘u qishloq, yaylovdan
Hamda o‘rmondan.
Xo‘randalar behisob,
Zo‘rg‘a yetdi joy.
Kuchuk suyak buyurdi,
Maymun – achchiq choy.
Mushuk dedi: «Keltiring –
Sutga to‘g‘rab non.
Yo‘qmi, sizda, mabodo,
Yangiroq sichqon?»
Tulkivoy der: «Bugun sal
Tashqari sovuq.
Menga – qaynoq kakao
Va tirik tovuq».
Qo‘zi beda so‘radi,
Olmaxon – yong‘oq.
To‘ng‘iz esa buyurdi
Chirik oshqovoq.
Talab qildi Buzoqcha
Kunjara, somon.
Yoqib tushdi Kirpiga
Chag‘ir suvilon.
Ishtahadan nolimay
Suli kavshar Ot.
Ikki lagan baqani
Yedi Begemot.
«Menga hang… ham qarang!” deb
Baqirdi Eshak.
Sekingina dedi Fil:
«Bir tonna xashak!»
Xo‘p yayrashdi hayvonlar
Bo‘lib jamul-jam.
Faqatgina Toshbaqa
Edi bunda kam.
Toshbaqa ham uzoqda
Ko‘rindi, ana.
Afsuski, u kelguncha
Bekdir oshxona.
Anvar Obidjon