OQTOʻBA VILOYATI

OQTOʻBA VILOYATI (1992-y. gacha Aktyubinsk viloyati) — Qozogʻiston Respublikasidagi viloyat. 1932-y. 10-martda tashkil etilgan. Respublikaning gʻarbiy qismida. Mayd. 300,6 ming km2. Ahsshisi 718,9 ming kishi (1999), asosan, qozoqlar, shuningdek, rus, ukrain, tatar va b. millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 54%. O. v. da 13 maʼmuriy tuman, 7 shahar, 4 shaharcha bor. Maʼmuriy markazi — Oqtoʻba sh. O. v. gʻarbda Kaspiyboʻyi pasttekisligi, jan. da Ustyurt platosi, jan.-sharqda Turon pasttekisligi va shim. da Ural togʻlarining jan. tarmoklari oraligʻida. Viloyatning katta qismi tekislik (bal. 100—200 m); oʻrta qismida Mugʻojar togʻlari (eng baland joyi 657 m), gʻarbiy qismida Ural yoni platosi, jan,-sharqda Orolboʻyi Qoraqumi, Katta va Kichik Boʻrsiq qumlari, shim.-sharqda Toʻrgʻay platosi bor.

Iklimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa sovuq. Yozda tez-tez garmsel va toʻzon, qishda esa qor boʻronlari boʻlib turadi. Oqtoʻba viloyati shim.gʻarbida iyulning oʻrtacha t-rasi 22,5°, jan.-sharqida 25°, yanv. da shim.-gʻarbida —16° va jan.-sharqida —15,5°. Yiliga shim.-gʻarbida 300 mm ga yaqin, markazi va jan. da 125—200 mm yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri shim.-gʻarbida 175 kun, jan.sharqida 190 kungacha.

Daryolari Kaspiy dengizi va kichikroq koʻllarga quyiladi. Yirik daryolari — Emba, Uralning irmoklaridan — Oʻr, Ilek, shuningdek, Irgʻiz, Uil, Toʻrgʻay va Sagʻiz. Aksari daryolari kam-suv, yozda qurib qoladi. 150 ga yaqin, asosan, shoʻr koʻllar bor. Viloyatning shim.-gʻarbida qoratuproq va kashtan tuproqlar, oʻrta va shim.-sharqida och kashtan va boʻz tuproqlar tarqalgan.

Jan. da shoʻrxoklar ham uchraydi. Viloyatning shim.-gʻarbida xilma-xil dasht oʻsimliklari, jan. da esa chala choʻl va choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Yumronqoziq, qoʻshoyoq, sichqon kabi kemiruvchilar koʻp. Yirtqich hayvonlardan boʻri, qarsak tulki bor, jayran va saygʻoq saklanib qolgan.

Oqtoʻba viloyatida yirik sanoat (asosan, konchilik, kimyo, mashinasozlik va q. x. mahsulotlarini qayta ishlovchi) va q. x. (lalmikor dehqonchilik hamda yaylov qoʻychiligi) rivojlangan. Viloyat energetikasi asosan Qaragʻanda koʻmiriga asoslangan. Xromit, mis, nikel-kobalt rudalari, titan, oltin, shuningdek, fosforit (Oqtoʻba fosforit havzasi), neft va tabiiy gaz boyliklari koʻp. Konchilik, kimyo, ferroqotishma va b. sanoat tarmoklari rivojlangan. Konchilik sanoati korxonalari Mugʻojar togʻlaridadir, viloyatning markaziy va jan. qismida neft va gaz qazib olinadi. Oqtoʻba sh. da ferroqotishma, xrom birikmalar, rentgen apparaturasi, q. x. mashinasozligi, mexanika, avtomobil taʼmirlash z-dlari va yengil hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari, kimyo k-ti bor.

Yerning koʻp qismi yaylov va oʻtloqlar. 1956—58 y. larda 1,6 mln. ga dan ortiq qoʻriq va boʻz yerlar oʻzlashtirilib, gʻallachilik xoʻjaliklari barpo etildi. Gʻalla, texnika ekinlari (asosan, kungaboqar), kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari ekiladi. Qoramol, qoʻy, echki, yilqi, tuya boqiladi. Viloyatning shim.-gʻarbida lalmikor gʻallachilik (bahorgi bugʻdoy, arpa, tariq), goʻsht-sut chorvachiligi, choʻchqachilik va parrandachilik rivojlangan. Viloyatning qurgʻoqchil hududida yaylov chorvachiligi (goʻshtyogʻ va goʻsht-jun) va dehqonchilik bilan shugʻullaniladi. Shalqar koʻlida baliq ovlanadi. T. y. uzunligi 1140 km. Asosiy t. y. lari: Orenburg—Oqtoʻba — Toshkent va Aterov — Qandagʻach — Orsk. Havo yoʻllari Oqtoʻba viloyatini Moskva, Olmaota va viloyatning b. tumanlari bilan bogʻlab turadi. Oqtoʻba viloyatidan Aterov — Orsk neft quvuri oʻtadi. Oqtoʻba viloyatida ped. va tibbiyot in-tlari, kutubxonalar bor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x