Oqsoqollar ittifoqi

Jek LONDON

 

Kazarma binosida hayot-mamot masalasi hal boʻlayotgan bir odamni sud qilishardi. Bu – Oqbaliq daryosi sohillaridan kelgan chol edi. Cholning koʻrilayotgan ishi butun Dousonni oyoqqa turgʻizdi, nafaqat Dousonni, balki oqim boʻylab ikkala tomonga minglab chaqirimlarga choʻzilgan Yukon oʻlkasini-da junbushga keltirdi. Dengizda qaroqchilar, quruqlikda talonchilar ayshini surayotgan bir zamonda anglosakslar allaqachonlar itoatkor xalqlar hayotiga qonunni singdirib boʻlishgandi va bu qonun shafqatsiz edi. Lekin Imberning ishiga kelganda qonun ilk dafʼa muruvvatli boʻlib koʻrindi. Bu qonun oddiy hisob-kitob nuqtai nazaridan qaralganda mutlaq jinoyat bilan tenglasha oladigan bunaqangi jazoni moʻljallamagandi. Jinoyatchi oliy jazoga mahkum, bunda ikkilanishga oʻrin yoʻq aslo; biroq jazo qatl bilan yakunlansa-da Imber bor-yoʻgʻi oʻzining boshini kundaga qoʻya olardi, xolos; boʻynida esa koʻplarning hayoti qarz boʻlib qolayotgandi.

Aslida Imberning qoʻli shu qadar qonga botgandiki, uning qurbonlari sanoqsiz edi. Oʻlka aholisi qoʻnalgʻada toʻxtab yoki pechka yonida yalqovlanib, mundshtuk burqsitgancha bu chol tushmagur nechtasining yostigʻini quritganini choʻtga solib chamalashardi. Baxtiqaro qurbonlarning barchasi hech bir mubolagʻasiz oq tanlilar edi; ular yakka-yakka, juft-juft va toʻdalashib halok boʻlishdi. Qotilliklar shunchalik maʼnosiz va asossiz ediki, uzoq vaqt mobaynida Qirollik otliq politsiyasi bu jumboqning tagiga yetolmadi. Hatto daryo boʻyida oltin qazilib, dominion hukumati aholidan oʻz boyliklari uchun soliq yigʻishtirib olgani gubernatorni joʻnatganda ham yopigʻliq qozon yopiqligicha qoldi.

Biroq eng katta jumboq shu boʻldiki, Imberning oʻzi Dousonga – odil sud hukmiga bosh egib keldi. Bahorning oxirrogʻida, Yukon oʻzining muz kishanlarini yechishga urinib hayqirib-boʻkirganda moʻysafid hindu muz ustidagi yoʻlidan burildi-da, qirgʻoq tepaligidan amal-taqal oʻtdi va sarosima ichida shohkoʻchada toʻxtadi. Cholga koʻzi tushganlarning bari payqashdiki, u anchayin kuchdan qolgan. U gandiraklab yogʻoch uyumiga yetib bordi-da, choʻkdi. Yon-veridan oʻtib ketayotgan oq tanlilarning adoqsiz oqimiga razm solgancha uzzukun shu yerda oʻtirdi. Koʻpchilik unga qarash uchun bot-bot oʻgirilishar, gʻalati aft-angorli bu keksa sivash baʼzilarni oʻyga toldirardi. Keyinchalik oʻnlab kishilar hinduning gʻayriqiyofasi ularni hayratga solganini eslab, kun boʻyi ziyrakliklaridan gerdayib yurishdi.

Shunday esa-da asl qahramon Mitti Dikkensen boʻldi. Mitti Dikkensen bu yurtlarda ezgu umidlar-u choʻntagida bir dasta dollar bilan hozir boʻlgandi, ammo choʻntakdagi aqcha ila umid ham havoga uchdi. Shtatlarga qaytishga mablagʻ yigʻish uchun u “Xolbruk va Meyson” dallollik idorasida hisobchi kursisini egalladi. Ayni “Xolbruk va Meyson” idorasining roʻparasida Imber joylashib olgan yogʻochlar uyumi yotardi. Dikkensen uni nonushtadan avval derazadan koʻrib qoldi, nonushtadan soʻng qaytib kelib yana derazadan moʻraladi: keksa sivash haligacha oʻsha yerda oʻtirardi.

Dikkensen tez-tez derazadan nazar tashlab turdi; keyinroq u ham ziyrakligidan faxrlanib yurdi. Mitti Dikkensen sal xayolparastroq edi, shungami, u qoʻzgʻalmay oʻtirgan keksa majusiyda sivash xalqining timsolini, anglosaks bosqinchilariga boqib turgan tushuniksiz xotirjamlikni koʻrdi.

Soatlar bir-birini quvalashar, Imber esa qilt etmay oʻsha holatda oʻtirardi. Dikkensen bir paytlar shohkoʻcha oʻrtasida chana kelib toʻxtaganini, ustida shunday harakatsiz oʻtirgan kimsani esladi; uning tegrasida oʻtkinchilar uymalanishar, hamma uni dam olyapti, deb oʻylar, keyin esa unga qoʻl tekkizib koʻrishganda murdaga aylanganligi maʼlum boʻldi – sovuqda tarashaday qotib qolgandi. Jasadni toʻgʻrilash uchun – yoʻqsa tobutga sigʻmasdi – uni gulxan yoniga keltirib, muzini tushirishga majbur boʻlishgandi. Dikkensenning bu oʻylardan eti jimirlab ketdi.

Bir ozdan soʻng Dikkensen sigara chekib, shamollagani koʻchaga chiqdi. Daqiqa oʻtib Emili Trevis paydo boʻldi. Emili Trevis latofatli, noziknihol oyimtilla edi, London yoinki Klondaykda boʻlishidan qatʼi nazar millionlarga ega togʻ muhandisining arzandasidek kiyinardi. Mitti Dikkensen sigarasini deraza tokchasiga tashlab, shlyapasini andak koʻtarib qoʻydi.

Ular oʻn daqiqacha valaqlashdi. Birdan Emili Trevis Dikkensenning yelkasi osha qarab qichqirib yubordi. Dikkensen shoshib oʻgirildiyu, sapchib tushdi. Imber koʻchani kesib oʻtib, qizdan koʻzini uzmay soyaday ularning peshonasida turardi.

– Nima kerak? – jurʼatlandi Mitti Dikkensen ovozi qaltirab.

Imber nimadir deb mingʻillab, Emili Trevisga yaqinroq keldi. U qizni boshdan-oyoq sinchiklab koʻzdan kechirdi. Ayniqsa qizning ipaksimon qoʻngʻir sochlari va ol yonoqlari cholda alohida qiziqish uygʻotdi. U nigohini uzmay qizni aylanib oʻtdi, goʻyo otning boʻy-bastini yoki qayiqni oʻrganayotganday. Nogahon u botayotgan quyoshning nurlari qizning qizgʻish quloqlaridan oʻtib shuʼlalanayotganini payqadiyu, taqqa toʻxtadi. Keyin yana uning yuzlarini “tekshirish”ga tushdi va qizning moviy koʻzlariga uzoq tikilib qoldi. Tagʻin nimanidir toʻngʻillab, bir qoʻli bilan nozikoyimning bilagidan ushlab, ikkinchisi bilan tirsagini bukib koʻrdi. Hinduning yuzida nafrat va hayrat aks etdi, poʻngʻillab Emilining qoʻlini qoʻyib yubordi. Soʻng boʻgʻzidan qanaqadir tovushlar chiqarib, qizga orqa oʻgirdi va Dikkensenga nimadir dedi.

Dikkensen uning soʻzlarini tushunmadi, Emili esa kulgudan oʻzini tiyolmadi. Imber qoshlarini chimirib dam Dikkensenga, dam Emiliga soʻz qotar, ular faqat bosh silkib qoʻyishardi. Endi ulardan nari ketmoqchi boʻlgandi, qiz kimnidir chaqirdi:

– Hey, Jimmi! Bu yoqqa keling!

Jimmi koʻchaning narigi tarafidan yaqinlasha boshladi. Bu oq tanlilar kabi kiyingan, boshiga Eldorado azamatlarining keng soyabonli katta shlyapasini qoʻndirib olgan daroz, besoʻnaqay hindu edi. Tutilib-tutilib Imber bilan gaplashdi. Jimmi sitxadan edi; oʻlkaning ichkarisida yashaydigan qabilalar tilida faqatgina eng oddiy soʻzlarni bilardi.

– U Oqbaliq qabilasidan, – dedi u Emili Trevisga. – Meniki uning tilini yaxshi bilmaydi. U eng katta oq tanlini koʻrmoqchi.

– Gubernatorni, – toʻgʻriladi Dikkensen.

Jimmi Oqbaliq qabilasidan boʻlgan odam bilan yana bir necha soʻz almashdiyu, yuzi taajjub va tashvishli tus oldi.

– Unga kapitan Aleksander kerak, deb oʻylayman, – dedi Jimmi. – Aytishicha, u oq tanli erkakni, ayolni, bolani, koʻpgina-koʻpgina odamni oʻldirgan. Oʻzi ham oʻlishni istaydi.

– Aqldan ozgan, shekilli, – dedi Dikkensen.

– Bu nima degani? – soʻradi Jimmi.

Dikkensen bosh chanogʻini teshmoqchidek barmogʻini chakkasiga tiradi-da aylantirdi.

– Balki, balki, – dedi Jimmi hamon oq tanlilarning kattasini soʻrayotgan Imberga oʻgirilib.

Qirollik otliq politsiyasidan mirshab yetib keldi (Klondaykda ular otsiz yurishadi), u ham Imberning talabini eshitdi. Mirshab keng yagʻrinli, devkor, oyoqlari baquvvat davangir edi; Imber qancha novcha boʻlmasin, mirshab undan yarim kalla baland edi. Koʻzlari sovuq va koʻk, nigohi teran, kelbatidan huv, oʻsha asrlar osha ajdodlardan oʻtib kelayotgan oʻz kuchiga boʻlgan ishonch yogʻilib turardi. Qoyilmaqom jasorati yoshini yashirib turardi – u hali yosh bola edi, silliq yonoqlarida qizillik qizaloqning yuzidagi kabi tezlik-la yugurardi.

Imber endigina mirshabga razm soldi. Yosh mirshabning iyagida shamshir dami qoldirgan chandiqni koʻrib hinduning koʻzlaridan oʻt chaqnadi. Shalviragan qoʻllarini mirshabning soniga olib bordi va uning mushakdor oyoqlarini paypasladi. Barmogʻi bilan gavdasini chertdi, keyin oʻspirinning yelkalarini sovut misol qoplab turgan baquvvat mushaklarni ushlab koʻrdi. Ularning atrofida allaqachon oʻtkinchilar toʻplanishgandi – oltin izlovchilar, togʻ aholisi, yangi yer egalari – barchasi uzun oyoqli, keng yelkali irq farzandlari. Imber goh unisiga, goh bunisiga koʻz tashlab, Oqbaliqlar tilida nimadir dedi.

– Nima deyapti? – soʻradi Dikkensen.

– U aytdiki – bu kishilarning barchasi mirshabga oʻxshagan daroz, bir toifadan ekan, – tarjima qildi Jimmi.

Mitti Dikkensen past boʻyli edi, shu bois Trevis xonim qoshida bunday savol berganiga pushaymon boʻldi. Mirshab buni payqab, gapni boshqa yoqqa burdi.

– Bunda bir gap bor, shekilli. Uni kapitanning huzuriga olib boraman. Unga ayt, Jimmi, men bilan yursin.

Jimmi tagʻin keksa hinduni siquvga oldi, Imber bir nima deb toʻngʻilladi, lekin yuzidan mamnuniyatni uqish mumkin edi.

– Undan soʻra-chi, Jimmi, qoʻlimni ushlaganda nimalarni oʻylagan ekan?

– Uning aytishicha, siz qoʻrqoq emassiz.

Bunday javobdan Emili Trevis huzurlanib ketdi.

– Aytdiki, siz skukum emassiz, shunday noziksizki, xuddi murgʻak boladek. U sizni qoʻllari bilan ming boʻlakka boʻlib tashlashi mumkin. Manov mirshabdek azamatni dunyoga keltira olishingizga lol qolyapti.

Emili Trevis koʻzlarini tik qadab turishga oʻzida qatʼiyat topa oldi, ammo yuzlari alvon tus oldi. Mitti Dikkensen esa anorga aylandi, yosh mirshabning yuzi esa lolazorga.

– Hoy, sen, qani, yur-chi, – dedi birdan mirshab olomonni yelkasi bilan tisarib.

Shu tariqa Imber oʻz ixtiyoriga koʻra barcha-barchasiga iqror boʻlgan hamda keyin u yerdan qaytib chiqmagan Kazarmaga kelib qoldi.

Imber qattiq toliqqan koʻrinardi. U qartayib qolgan, umid uchqunlari oʻchgan, bu uning rang-roʻyidan maʼlum edi. U munkayib, koʻzlari nursizlanib qolgandi; sochlari oppoq oqarishi lozim edi, biroq quyosh va yogʻin-sochin sochlarini shunaqangi kuydirgandiki, endi ular tussiz, patakka aylangandi. Atrofidagi hodisalarga unda zigʻircha qiziqish topilmasdi. Xona oltin izlovchilarga, ovchilarga liq toʻlgan, ularning vahimali shovqinlari Imberning quloqlari ostida qirgʻoqqa urilgan dengiz toʻlqinlaridek shovullardi.

U deraza yonida oʻtirar, loqayd nigohi dam-badam koʻz oldida namoyon boʻlgan, yurakni entiktiradigan manzarada toʻxtardi. Koʻkni bulutlar egallagan, chor atrof rutubatga choʻmgan. Yukonda bahorgi toshqin boshlangandi. Muzlar erib, shaharni suv bosgandi. Shohkoʻchadan ikki tarafga hech tinim bilmas kishilar eshkak eshishardi. Goh u, goh bu qayiq koʻcha tomondan Kazarma oldidagi suv bosgan harbiy maydonga qayrilar; yaqinroqqa suzib kelib koʻzdan yoʻqolar, Imber qayiq yogʻoch devorga urilganini sezib turar, eshkakchilar binoga deraza oshib kirar edilar. Keyin esa suv shaloplatishib yuqori qavatga koʻtarilishayotgani eshitilardi. Shlyapalarini yechishib suvga boʻkkan dengizchilar etigida xonaga kirib, sudni kutayotgan olamonga qoʻshilib ketishardi.

Hinduning munosib jazolanishidan mamnun boʻlayotgan bu kishilar unga yovqarash tikilishar ekan, Imber ularning udumlari, mezonlari, Qonuni, qaysiki yaxshi zamonda ham, yomon zamonda ham, toshqinu ochlikda, kulfatni-da oʻlimni pisand qilmay azal-azaldan yashab, asrlar davomida qoʻllanib kelinayotgan Qonun borasida oʻy surardi.

Allakim stolni taqillatdi; gʻala-gʻovur tinib, zal suv quygandek jimib qoldi. Imber stolga mushtlagan nusxaga eʼtibor qaratdi. Bu kimsa hokimlik qudratiga egadek tuyuldi, biroq Imberga boshqasi, sal nariroqda oʻtirgan keng manglayli barchasining ustidan boshliq boʻlib koʻrindi. Stol ortidan yana bittasi turib, qoʻliga anchagina qogʻozlarni oldi-da baland ovozda oʻqiy ketdi. Keyingi sahifaga oʻtishdan avval u barmoqlarini tupuklab, bir tomoq qirib olardi. Imberga uning soʻzlari begona, ammo qolganlar tushunar, qoshlari oʻrtasida chuqurcha paydo boʻlardi. Baʼzan shunday dargʻazab boʻlishardiki, hatto bittasi Imberni haqorat soʻzlar bilan siyladi, ammo stol ortidagi kishi stolga mushtlab, tinglovchining unini oʻchirdi.

Vaʼzxon uzoq javradi. Uning zerikarli maʼruzasi ostida Imberni mudroq bosar, bayonnoma nihoyasiga yetganda qariya allaqachon tush koʻrayotgandi. Kimdir uni oqbaliqliklar tilida ismini aytib chaqirgandi, chol uygʻonib, singlisining oʻgʻli – qachonlardir oʻz qabilasini tashlab, oq tanlilarga qoʻshilib ketgan hindu yigitga koʻzi tushdi.

– Sen, shubhasiz, meni eslolmaysan, – dedi hindu yigit salomni ham nasiya qilib.

– Yoʻq, eslayman, – javob qaytardi Imber. – Sen Xaukansan. Koʻp yillar burun bizni tark etganding. Volidang ham omonatini topshirganiga ancha boʻldi.

– U keksayib qolgandi, – oʻzini oqladi Xaukan.

Imber javobni ham eshitmay pinakka ketdi, biroq Xaukan yelkasidan silkib uygʻotdi.

– Manavi odam nimalar oʻqiganini senga bildirmoqchiman. U sen qilgan barcha jinoyatlarni, qaysiki, o tentak, kapitan Aleksanderga iqror boʻlganlaringni oʻqib eshittirdi. Sen yaxshilab oʻylab koʻrib, shular toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini aytishing darkor. Senga shunday amr etildi.

Xaukan missionerlar orasida kun koʻrar, yozuv-chizuvni oʻshalardan oʻrgangandi. Ayni damda anov vaʼzxon oʻqigan yupqa qogʻozlarni ushlab turar – ularga Imberning Jimmi koʻmagida kapitan Aleksander huzurida aytgan barcha soʻzlri tushirilgandi. Xaukan oʻqishni boshladi. Imber picha tingladi, yuzida taajjub paydo boʻldi va darhol jiyanining soʻzini boʻldi:

– Bu mening soʻzlarim, Xaukan, ular sening lab-laringdan uchib chiqyapti, quloqlaring esa soʻzlarimni eshitmagan.

Xaukan magʻrurona iljaydi, farqi ochilgan sochlarini silab qoʻydi.

– Yoʻq, o Imber, ular qogʻozdan chiqyapti. Toʻgʻri, quloqlarim ularni eshitmadi. Soʻzlar qogʻozdan chiqib, koʻzim orqali miyamga yetib boradi, soʻngra lablarim ularni senga yetkazadi. Mana, ular qayerdan chiqadi.

– Shunaqa degin. Demak, ular qogʻozda? – shivirlardi Imber va qogʻozni egallagan belgilarga hadiksirab koʻz tashlab, ushlab koʻrdi. – Bu gʻaroyib jodu. Sen, Xaukan, chinakam afsungar ekansan.

– Qoʻysang-chi, – dedi yigit kalondimogʻligini yashirolmay.

Xaukan tavakkaliga bir varaqni tanlab oldi-da, oʻqiy boshladi:

– “Oʻsha yili, muz koʻchishidan ilgari, bola yetaklab olga bir oqsoch chol paydo boʻldi. Ularni ham oʻldirdim, oʻshanda chol joni boricha oʻkirgandi…”

– Bu boʻlgan gap, – dedi Imber hayajonlanib. – U uzoq qichqirdi, qarshilik koʻrsatdi, oʻlishni istamagandi. Biroq sen bularni qayerdan bilasan? Senga oq tanlilar boshligʻi aytgan, chogʻi? Ularni oʻldirganimni hech zogʻ koʻrmagandi, buni faqat oq tanli boshliqqa aytgandim.

Xaukan ranjigansimon bosh chayqadi.

– Bularning bari qogʻozga yozilgan deb aytyapman-ku senga, tentak.

Imber siyohli belgilar toʻla qogʻozga sinchiklab boqdi.

– Ovchi yerga yastangan qorga qaraydi-da aytadi: mana bu yerdan tunov kuni quyon yugurib oʻtgan, anavi yerda, butalar orasida, qulogʻini ding qilgan, keyin esa nimadandir hurkib rasmini chizgan; manavi joydan ortga qayrilib, irgʻishlab-irgʻishlab qochib qolgan, huv, ana u yerda silovsin quyonni dogʻda qoldirgan; shu yerda, oyoqlari chuqur botgan yerda, silovsin uzun-uzun sakrab shalpangquloqni quvib yetgan; qolganiga faqat silovsinning izlari ketgan. Ovchining oʻtkir koʻzlari qordagi izga tushishi bilanoq nima boʻlganini aytib bera oladi, sen ham qogʻozga qarab u yerda unaqa, bu yerda bunaqa boʻlgan va barchasini qariya Imber qilgan, deyapsan.

– Ha, shunday, – javob qildi Xaukan, – endi esa ruxsat berishmaguncha tilingni tiyib, jimgina quloq sol.

Xaukan Imberning koʻrsatmalarini uzoq oʻqidi, chol boʻlsa oʻyga tolgancha, mum tishlab oʻtirdi. Qabiladoshining uni oʻchgach, Imber shunday dedi:

– Bularning bari mening soʻzlarim. Bular – haqiqat, Xaukan. Lekin men anchayin qartayib qoldim. Shunday esa-da anov boshliq bilishi darkor boʻlgan hamda allaqachonlar unutilgan ishlarni yodga olayapman. Eshit. Bir safar Muztogʻ ortidan kimsa keldiki, qoʻllarida makkor temir qopqonlar bor edi; u Oqbaliq daryosi boʻylarida qunduz ovlardi. Uni oʻldirdim. Keyin daryodan oltin izlab uch kishi paydo boʻldi. Ularni ham gumdon qildim. Fayv Fingerda ham odam oʻldirdim – u solda suzib yurar, anchagina goʻsht gʻamlagandi.

Imber xotirasini kavlashtirib jim qolganda Xaukan uning soʻzlarini tarjima qilib turar, klerk ularni yozib olardi. Olomon Imberning choʻpchagi toki mallasoch gʻilay kishi uzoqdan turib kamon bilan mahv etiladigan joyiga yetib kelmaguncha xayollarida mayda koʻngilsizlik boʻlib tuyulgan bu “oddiygina” hikoyaga beparvo boʻlishdi.

– Jin ursin, – oldingi qatordagi tinglovchilardan biri oʻzini tutib turolmadi. Uning nidosida kulfatu nafrat baravar yangradi. – Jin ursin, – takrorladi, – axir bu mening jigarim Bill-ku!

Ahyon-ahyon zalda serzarda “jin ursin” yangrab turdi – na hay-haylashlar, na ogohlantirishlar mallasochni tinchlantira oldi.

Imber tagʻin boshini xam qildi, koʻzlari tevarak-javonibni ilgʻamasdi. Yolgʻizgina keksalik yoshlik, joʻshqinlikning hadsiz besamarligi borasida mulohaza yurita olganidek chol ham oʻy-xayollari sahrosini kezardi.

Xaukan sudlanuvchini yana turtdi.

– Turgil, o Imber. Senga mazkur jinoyatlarga qoʻl urganing hamda bu yoqlarga Qonun izlab kelishing boisini tushuntirib berish buyurildi.

Imber arang oyoqqa turdi, madorsizlikdan oyoqlari qaltirardi. Yoʻgʻon va biroz titragan ovozda gap boshladi, biroq Xaukan uni toʻxtatib qoʻydi.

– Bu chol aqldan ozibdi, – murojaat qildi yigit inglizchalab kengpeshonaga. – Yosh boladay valdiramoqda.

– Biz uning valdirashlarini eshitmoqchimiz, – dedi kengpeshona. – Biz uni soʻzma-soʻz oxirigacha eshitmoqchimiz. Tushunarlimi?

Imber qahrli qarash qildi – jiyani oq tanli bilan nimalarni gaplashganini fahmlagandi. U yana tazarrusini – qaysiki kelgusi avlod uchun bronzaviy zarvaraqlardan joy olishga loyiq boʻlgan qora tanli fidoyining gʻayrioddiy hikoyasini boshladi. Olomon jodulanganday tosh qotdi, kengpeshonali sudya esa boshini qoʻliga tirab goʻyo hinduning koʻnglini eshitardi. Sukunat aro tilmoch keskin boʻlib turgan Imberning nidosi kezar, vaqti-vaqti bilan mallasochning “jin ursin”i ibodatxona qoʻngʻirogʻiday yangrardi.

– Men kim – Imber, Oqbaliq qabilasidanman, – cholning soʻzlarini Xaukan begona tilga oʻgirardi; Imberning nutqidagi tanish marom hamda qiroat qulogʻiga chalinishi zahoti missionerlik tarbiyasi-la sugʻorilgan taraqqiyot alomatlari toʻzgʻib ketdi va unda odamyovvoyi uygʻondi. – Otam Otsbaok bahodir jangchi edi. Hali goʻdakligimda quyosh nurlarini ayamas, yurak-larimizda shodlik kezardi. Odamlar nomaʼlumlik-lar tomon chopishmas, begona ovozlar quloqqa chalinmas, ajdodlar udumi bizning udumimiz edi. Yigitlar qizlardan koʻz uzishmas, mohporalar-da koʻzlarni quvontirardi. Ayollarimizning etagi toʻla bola-baqra edi. Qabilamiz koʻpayar, erkaklarimiz ham oʻsha zamonlar asl azamatlar edi. Ular urush va tinchlikda ham, ochlik va toʻqlikda ham er kishi edilar.

U zamonlar baliqlar va parrandalar moʻl edi. Itlarimiz boʻri zotli, yunglari qalin, na qahratondan, na boʻrondan hayiqishardi. Ayozu dovullar yuraklarimizga qoʻrquv sololmasdi. Pelli qabilasi yerlarimizga oyoq qoʻyishlari zamon oʻrtada qonli olishuv ketardi. Negaki, biz asl erkaklar edik, Oqbaliq qabilasining qoʻrgʻonlari; ota bobolarimiz pellilar bilan kurashib kelishdi, tuprogʻimiz sarhadlarini himoya qilishdi. Biz ularning ishini davom ettirardik.

Kunlardan bir kuni diyorimizga birinchi oq tanli tashrif buyurdi. U qorda emaklab kelardi – mana bunday qilib. Eti ustixoniga yopishib qolgan, bunaqasini sira koʻrmagandik. Qayerdan, qaysi qabiladan keldi ekan, deya hayron boʻlardik. U norasidadek nimjon edi. Biz mehmonni gulxan yoniga oʻtqizdik. Poʻstinga oʻrab, osh-non berdik.

Kelgindi oʻzi bilan bizning itlarimizga uchta keladigan itni ergashtirib olgandi. Jonivor ham egasi kabi kuchdan qolgan, yunglari kalta, dumi muzlab qolgandi. Bu gʻalati jondorni ham qornini toʻygʻizdik. Gulxan atrofidan joy berib, itlarimizni nari haydadik, yoʻqsa begona itni tilka-pora qilishlari turgan gap edi.

Bugʻu va baliq goʻshtini yeb, kelgindi va iti ancha kuchga kirdi. Jir bitib, kelgindining ovozi koʻtarildi. Qariya va yigitlarimiz ustidan kulib, qizlarimizga koʻz olaytira boshladi. Iti esa biznikilar bilan olishar, yunglari yumshoq va kalta boʻlsa-da, bir marta uchta itimizni gʻajib tashladi.

Bu odamdan qaysi qabiladansan, deb soʻraganimizda u: “Mening ogʻa-inilarim bisyor”, – dedi-da, sovuq iljayib qoʻydi. Nihoyat kuchga toʻlgach, oʻz yurtiga ravona boʻldi. U bilan Noda, sardorimizning qizi ham ketdi. Tez orada bir urgʻochi itimiz bolaladi. Biror marotaba bunday kuchukbachchalarni koʻrmagandik – xumbosh, baquvvat jagʻli, kalta yungli, buning ustiga ojizu nochor. Otam bu notavon kuchuk bolalarini koʻrib figʻoni falakka yetgani hamon yodimda. Otam qoʻliga tosh olib kuchukbachchalarni majaqlab tashladi. Ikki yildan soʻng Noda ham qoʻlida yosh bolasi bilan qaytib keldi.

Hammasi shundan boshlandi. Keyinroq kalta yungli it bilan ikkinchi oq tanli keldi. U ham bizning diyorimizda uzoq turmadi. Ammo itini qoldirdi. Ustiga-ustak eng zoʻr oltita itimizni oʻzi bilan olib ketdi. Ularni Ku-So-Ti – onamning ukasidan ajobtovur toʻpponchaga alishtirib olgandi – olti marta ketma-ket oʻq uzadigan toʻpponcha. Ku-So-Ti yangi quroli bilan gerdayar, oʻq-yoylarimizni xotinlar ovunchogʻi derdi. Ku-So-Ti qoʻlida toʻpponcha bilan ayiq oviga otlandi. Endilikda toʻpponcha bilan ayiq ovlash ahmoqlik ekanini hamma biladi, lekin oʻshanda biz buni qayoqdan bilardik? Ku-So-Ti qayoqdan bilsin edi? U ayiq qoshiga shahd-la bordi-da, toʻpponchasidan olti marta oʻq uzdi. Yirtqich boʻlsa boʻkirib Ku-So-Tini tuxum poʻchogʻiday ezgʻilab tashladi, asalari inidan oqqan asalday Ku-So-Tining miyasi oqib tushdi. U mohir ovchi edi, endi uning oilasini qoramogʻiga oladigan qoʻrgʻon yoʻq. Biz barchamiz chuqur qaygʻuga botib: “Nimaiki oq tanlilar uchun yaxshi boʻlsa, bizni halokatga yetak-laydi”, – degan xulosaga keldik. Chindanam shunday. Oq tanlilar tufayli qavmimiz kamayib ketdi, ular sababli choʻpday ozidik.

Kutilganidek uchinchi oq tanli ham paydo boʻldi. U turli yeguliklar va ajib mollar evaziga yigirmata zotdor itlarimizni ergashtirib ketdi. Ortidan sovgʻalar va vaʼdalarga uchib oʻn nafar ovchi yigitlarimiz ham yoʻlga tushishdi. Ammo qayoqqa – birov bilmaydi. Aytishlaricha, ular Muztogʻda qor ostida qolishgan yoki kurraning bir cheti – odam qadami yetmagan Sukunat Tepaliklarida ajalga yoʻliqqanmish. Nima boʻlgan taqdirda ham oqbaliqliklar itlar va ovchi yigitlarni qaytib koʻrishmadi. Oq tanlilarning qadami yerimizdan uzilmas, sovgʻa-salomlarini unutishmas, yosh yigitlarimizni olib ketishni ham kanda qilishmasdi. Baʼzan yigitlarimiz qaytib kelishar va biz Pelli qabilasining yeri ortidagi qiyinchiliklar hamda xavf-xatar haqida jon qulogʻimiz bilan eshitardik, baʼzan yigitlarimiz ortga qaytishmasdi. Shunda: “Modomiki, oq tanlilarga qoʻrquv begona ekan, bu ularning koʻpligidan. Bizlar oqbaliq qavmi ozchilikmiz. Shunday ekan, yoshlarimiz ortiq bizni tark etishmasin”, deya qaror qildik. Lekin yigitu qizlarimizni ushlab turolmadik.

Toʻgʻri, biz un va tuzlangan choʻchqa goʻshtini tanovvul qilardik, choyxoʻrlikni xush koʻrardik; lek agar bu tansiq yeguliklar yetmay qolsa, tomoshani koʻravering – jahlimiz chiqib, aqlimizni yoʻqotardik. Kelgindilar oldi-berdi qilish uchun olib keladigan matohlarni qoʻmsay boshlardik. Savdo! Savdo! Biz birgina savdo-sotiqni oʻylardik. Bir yili qishda gʻamlab qoʻygan bari ilvasinlarimizni yaroqsiz soat, oʻtmas arra va zanglagan toʻpponchaga almashtirib yubordik. Shundan soʻng ochlik taʼzirimizni berdi, qirqtacha yor-birodarlarimiz bahorga yetmay uzildi.

“Ana endi kuchsizlanib qoldik. Pelli qabilasi yerlarimizni tortib oladi”, deb tahlikaga tushdik. Biroq ofat birgina bizda emaskan – pellilar ham darmonsizlangan, biz bilan jangga kirolmasdilar. Otam Otsbaok u vaqtlar xiyla keksayib qolgan boʻlsa-da, donoligini yoʻqotmagandi. Oʻshanda otam rahnamomizga shunday dedi: “Koʻrib turibsan, itlarimiz hech narsaga yaramay qoldi. Qalin yunglaridan asar qolmadi, oʻz vazifalarini ado etib boʻlishdi, chana ham tortolmaydilar. Yaxshisi, ularni soʻyamiz, faqat boʻri zotli urgʻochilarni oʻrmonga qoʻyib yuboramiz. Balki shunda qalin yungli, baquvvat itlarimiz avlodi yana davom yetar “.

Tez orada otamning bashorati toʻgʻri boʻlib chiqdi. Oqbaliq qabilasi kurraning yeng zoʻr itlari bilan dong taratdi. Itlari bilan – odamlari bilan emas. Yigit-qizlarimiz oq tanlilar ortidan nomaʼlum soʻqmoqlaru daryolar ortiga gʻoyib boʻlishardi. Qizlarimiz ortga qaytishni minbaʼd xayollariga keltirishmas, qaytganlari ham Noda singari dardmand, qarimsiq boʻlardi. Yaqinlari davrasiga qaytgan yigitlarimiz esa xonadonlariga sigʻmasdilar. Sayohatlari davomida qoʻrslik va badfeʼllikdan oʻzgasini oʻrganishmagan, iblis suviga qul boʻlishgan, kunu tun qartadan bosh koʻtarishmasdi; ilk uchragan kelgindi chaqirigʻi bilan yana begona oʻlkalarga oshiqardilar. Kattalarga hurmatni unutishgan, kishini mensishmas, koʻhna urf-odatlarimizni mazax qilishar, sardorimiz va shomonimiz ustidan kulishardi.

Oqbaliq qabilasi tobora kuchini yoʻqotar, zaiflashib borardi. Tamaki, viski, yupun kiyim-kechak oʻrniga moʻyna va poʻstinlarimizni jon-jon deb tutqazardik. Yoʻtal bizga hujum boshlagan, erkagu ayollar birday kasalmand, kechasi surunkasiga yoʻtalib chiqishar, ovchilarimiz oʻrmonga chiqiboq qorga qon tupurishardi. Goh unimiz, goh bunimizning boʻgʻzimizdan qon kelar, oqibat koʻpchilik jon taslim qilardi. Tugʻilish keskin kamaygan, dunyoga kelgan chaqaloqlar ham dardchil edi. Kelgindilar biz hali duch kelmagan boshqa tushunarsiz xastaliklarni olib keldilar. Keyinchalik bilishimcha, bu kasalliklar chechak va qizamiq deb atalarkan – biz kasalliklar “sharofati” bilan kuzda uvildirigʻini tashlagandan soʻng yashashining hojati qolmagan baliq kabi halok boʻlardik.

Eng achinarlisi, oq tanlilar oʻlim lashkarini boshlab kelishardi, barcha udumlari ajal yoqasiga yetaklardi, nafaslari oʻlim olovini purkar, oʻzlarini esa jin ham urmasdi. Ularda viski, tamaki, kalta yungli itlar bilan birga chechak, qizamiq, yoʻtal ham bor; ular oq tanli va ular qahraton, boʻrondan zir titrashadi; qurollari ham ahmoqona: paydar-pay olti marta oʻq uzadimi-yey. Butun boshli kasalliklariga qaramay ular et olib, kuchayaverishadi, qoʻllari hamma yoqqa yetadi, barchani ezgʻilab-toptaydilar. Ayollari esa sumbatidan noziknihol koʻrinsa-da, aslida sabotlidirlar – alpkelbat erkaklarni dunyoga keltirishardi. Demak, noziktabiatlilik, kasallik, zaiflik kuch-qudrat va hukmronlik qobigʻiga oʻralar ekan. Oq tanlilar yo iloh, yo iblis – bunisini bilmayman. Oqbaliq qabilasidan boʻlgan men, Imberdek chol, nimaniyam bilardim? Faqat bir narsani bilamanki, bu jahongashta oq tanlilarni tushunib boʻlmaydi.

Yuqorida aytganimdek, oʻrmonda qushlar ovozi tinib qoldi. Tan olish kerak – kelgandilar quroli uzoqdagini urib tushiradi, biroq otishga hech vaqo boʻlmasa, quroldan ne naf? Bolaligimda bugʻular har tepalikda uchrar, sanogʻi-da hisobsiz edi. Endi esa oʻn kunlab tepalik oshsang ham birorta bugʻuni uchratmaysan.

Shunday qilib, men, Imber Oqbaliq qabilasining tanazzulini, Pelli qabilasining halokatini, umuman oʻlkaning barcha qavm-qabilasini tugab bitayotganini koʻrib, uzoq oʻy-xayolot dunyosida kezdim. Shomon va dono keksalarimiz bilan musohaba qildim. Odamlar shovqin-suroni oʻylashimga halal bermasin uchun oʻrmon ichkarisiga kirib ketdim, meʼdamga ogʻirlik qilmasligi va koʻz-qulogʻimni zaiflashtirmasligi uchun goʻshtdan voz kechdim. Uyquni unutib, oʻrmonda uzoq vaqt oʻtirdim, koʻzlarim ishora kutar, quloqlarim barchasini bartaraf qilishga imkon beruvchi soʻzni ilib olishga shay edi. Tunlari shamol nola qilayotgan, yomgʻir koʻz yosh toʻkayotgan bir paytda daryo yoqasiga yolgʻiz chiqdim. Allaqachonlar rixlatga ravona boʻlgan dono keksalar va shomonlar sharpasini uchratib, ulardan maslahat olish niyatida edim.

Alaloqibat sharpalar koʻrindi – kalta yungli jirkanch itlar – va nima qilmoq kerakligini darhol angladim. Ovulga qaytib jangchilarimizga shunday dedim: “Oq tanlilar – juda ulkan qabiladirlar. Oʻz yerlarida yemak qolmagach, bizning zaminimizga koʻz olaytirishmoqda. Ular tufayli zaiflashib, halok boʻlmoqdamiz. Ular yeb-toʻymas yuqodirlar. Agarki, biz tirik qolmoqchi ekanmiz, itlariga qanday chora qoʻllagan boʻlsak, oʻzlariga ham shuni qoʻllashimiz darkor”.

Men kurashishni taklif qildim. Oqbaliqliklar menga quloq berishdi, biroq birortasi mard boʻlib oʻrtaga chiqmadi. Yigitlarimiz yuraksizlik qilishdi, lekin lom-mim demay oʻtirgan chollarning koʻzida uchqunni payqadim. Kechqurun, ovul uyquga ketgach, yashirincha qariyalarni oʻrmonga chaqirdim. Uzoq fikr almashib, bir toʻxtamga keldik. Zaminimiz erkin nafas olgan yoshlik onlarimizni, shod va farovon kunlarimizni yodga oldik. Bir-birimizni ogʻa-ini deb atadik, sir-rozimizni fosh etmaslikka hamda tuprogʻimizni yovuz kelgindilardan tozalashga qasamyod etdik. Endi ravshanki, bular axmoqlikdan boshqasi emasdi, ammo oʻsha damlar bizlar, Oqbaliq qabilasining qariyalari buni qayoqdanam bilardik?

Ularga namuna boʻlish va ruhlantirish uchun birinchi boʻlib oʻzim qotillikka qoʻl urdim. Yukon qirgʻogʻiga pisib berkindim-da, oq tanlilar kanoesini kutib turdim. Qayiqda ikki kishi oʻtirardi. Oʻrnimdan turib qoʻlimni koʻtardim. Ular qirgʻoq tomon suzishdi. Qayiq burnida oʻtirgan kishi nima gapligini bilish uchun boshini koʻtargani zamon qoʻlimdagi paykon uchib borib haligining boʻgʻziga qadaldi. Ikkinchisi, qayiq quyrugʻidagisi, qurolini olishga ham ulgurmadi – nayzamni gardaniga sanchib qoʻydim.

“Bu boshlanishi, – dedim qasoskor birodarlarimga. – Biz hali barcha qabilalarning barcha qariyalarini, keyinroq yuragida oʻti boʻlgan yigitlarini ham birlashtiramiz. Ana unda ishimiz jadallashib ketadi”.

Keyin haligi ikki murdani daryoga tashladik. Kanoeni esa – kanoe eng yaxshi qayiqlardan edi – ichidagi buyumlari bilan yoqib yubordik. Lekin avval buyumlarni koʻzdan kechirdik. Teri xaltalarini pichoq bilan yirtib koʻrganimizda ichi toʻla sening oʻqiganlaringga oʻxshagan, o Xaukan, belgilar bilan qoplangan qogʻozlar edi; chandon urinsak-da, belgilarni tushunmadik. Endi esa aqlim kirib, ularni tushuna olaman: bu, sen aytgandek – bani basharning soʻzlari…

Xaukan kanoedagi ikki oq tanlining oʻlimini arang tarjima qilib ulgurdiki, zalda gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir boshlandi.

– Bu toʻqson birinchi yili gʻoyib boʻlgan pochta-ku! – kimningdir ovozi yangradi. – Uni Piter Jeyms va Dileni olib ketishayotgandi. Ikkovini soʻnggi marta La-Barj koʻlida Mettyuz koʻrgandi.

Klerk barchasini shosha-pisha yozarkan, Shimol tarixiga yangi bob qoʻshilardi.

– Bu yogʻi oz qoldi, – soʻzini davom ettirdi Imber. – Nimaiki karomat koʻrsatgan boʻlsak, barchasi qogʻozga tushirilgan. Biz qariyalar oʻsha paytda nima qilayotganimizni bilmasdik. Biz faqat oʻldirardik; biz ustomonlarcha oʻldirardik. Negaki yashab oʻtgan yillarimiz oʻz ishimizni shoshmasdan bitirishga oʻrgatgan edi. Bir kuni oq tanlilar huzurimizda paydo boʻlishdi. Ular bizga gʻazab-la tikilib, haqoratli soʻzlar yogʻdirishdi. Oltita oʻspirinimizni qoʻliga kishan solib, olib ketishdi. Oʻshanda tushunib yetdikki, biz yanada makkorona va koʻproq oʻldirishimiz kerak. Biz daryo boʻylab yuqori va quyiga, begona oʻlkalarga tarqaldik. Bunday tavakkalchilik uchun otning kallasidek yurak boʻlishi talab qilinardi. Qarib-qartayib qoʻrquvni yuraklarimizdan oʻchirib tashlagan boʻlsak-da, uzoq va begona yurtlar oldida hadiksirashimiz tabiiy edi.

Shu tarzda jinoyatlarimizni amalga oshirardik – shoshmasdan, ayyorona. Biz Chilkutda ham, Deltada ham, dovonda ham, qirgʻoqlarda ham – qayerda boʻlmasin, oq tanlining manzilgohi uchrasa yoxud soʻzmoq solgan boʻlsa, bir odamning hayotiga zomin boʻlardik. Ha, oq tanlilar qirilardi, lekin bundan nima naf koʻrdik? Ular togʻ ortidan tushib kelishar, kun sayin koʻpayib borishardi, biz chollarning esa, aksincha, safimiz kamayib borardi. Yodimda, Bugʻu Dovonida bir oq tanli qoʻnalgʻa qurib joylashdi. U pakanagina edi. Uyqudaligida uch nafar qotil-chollar hujum qildi. Ertasi kuni uch qariyaning jasadiga duch keldim. Oq tanli esa hali ham nafas olar, oʻlimi oldidan, hatto meni laʼnatlashga ham irodasi yetgandi.

Bor gap shu. Bugun bir oqsoqolning umri poyoniga yetadi, ertaga boshqasining. Baʼzan talay vaqt oʻtib oʻzimiznikilarning vafoti haqida eshitib qolardik. Oʻzga qabila chollari quyonyurak edilar, bizga madad berishni oʻzlariga ep koʻrishmadi. Shunday qilib, qariyalar birin-ketin toʻkila boshladik – birgina men qoldim. Men kim, Imber, Oqbaliq qabilasidanman. Otam Otsbaok bahodir jangchi edi. Oqbaliq qabilasi tugab bitdi. Men ushbu qabilaning soʻnggi vakiliman. Erkak va ayollar oʻz maskanlarini tark etishdi – kimdir Pelli qabilasiga, kimdir Losos qabilasiga, aksariyati oq tanlilar yurtiga gumdon boʻlishdi. Men anchayin qarib qoldim, juda ham charchadim. Qonunga qarshi behuda kuch sarfladim. Sen haqsan, Xaukan – men bu yerlarga Qonun izlab keldim.

– Sen chinakamiga tentaksan, o Imber, – yakun yasaganday dedi Xaukan.

Biroq Imber xayolot olamiga shoʻngʻib, quloqlari tom bitgandi. Keng manglayli sudya ham chuqur oʻyga tolgandi: koʻz oʻngidan sovut kiygan, qonun oʻrnatuvchi hamda boshqa xalqlar taqdirini belgilovchi butun boshli elati savlat toʻkib oʻtdi. Bu sudya janoblari oʻz elatining qorongʻu oʻrmonlar va sokin dengiz sayhonliklari uzra argʻuvon shuʼlalar ila bosh koʻtargan oʻtmishining subhini koʻz oldiga keltirdi. U tantanavor ravishda yogʻdu sochayotgan kunduz bilan almashib, tepaliklar osha qonga toʻyingan qum misol soya tashlab, tun ortiga yugurgilayotgan shafaqni koʻrdi… Va shularning barchasi ortida adolat tarozisi, qaysiki Uning nomi ila ish koʻradigan yoxud Uning zalvori ostida jon taslim etuvchi haqir inson zotidan-da qudratliroq, qaysiki yuragi shafqat tilayotgan hakamning oʻzidan-da kuchliroq, mutlaq va yovuz Qonun qad koʻtardi.

 

Ruschadan Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/oqsoqollar-ittifoqi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x