OQIM — 1) suv va havo massasining muayyan yoʻnalishda harakatlanishi, koʻchishi. Yer yuzasining nishabi, bosim, bir tomonga qarab esuvchi shamollar, suv t-rasi hamda shoʻrligidagi tafovut va b. omillar Oqimga sabab boʻlishi mumkin. Dengiz, daryo, boʻgʻoz, yer osti suvi va boshqa Oqimlar boʻladi (q. Dengiz oqimlari);
2) fizikada — nurlanish oqimi, nurlanish quvvati — berilgan sirtdan vaqt birligi ichida oʻtayotgan toʻliq energiya miqdori; magnit oqimi, magnit induksiya oqimi — biror sirtdan oʻtayotgan magnit induksiya vektori oqimi.