Post Views:
249
OQILON (Oqlon) – Ko‘kcha dahasidagi qadimiy mahalla. Bo‘zsuv kanali hamda Ko‘kcha, Jarariq va Darvoza mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, mahalla nomi Shayx Zayniddinbobo nomi bilan bog‘liq. Shayxning zavjalari shu mahallalik Daryo Dilbekach bo‘lib, oqila ayol sifatida tanilgan. Mahalla shu bois «Oqilon», ya’ni oqillar makoni nomini olgan. Mahallaning bir chekkasida shaharning Ko‘kcha darvozasi joylashgan. Mahalla 2 qismga – Birinchi va Ikkinchi Oqilonga bo‘lingan. Mahallada qariyb 500 xonadon yashagan. Aholisi, asosan, o‘zbeklar bo‘lib, ko‘nchilik, hunarmandchilik, baqqollik, shahar tashqarisidagi yerlarida dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Choyxona, turli do‘konlari bo‘lgan (20-asr boshlari).
Oqlon mahallasi (Odil Muxtorov ko‘chasi, 2a-uy) – Shayxontohur tumanidagi hozirgi mahalla. «Islomobod», «Kattahovuz», «Yangishahar» mahallalari bilan chegaradosh. Aholisi 3810 kishi, asosan, o‘zbeklar. Mahalla hududida internat maktabi, o‘rta maktab, 3-shahar qozonxonasi, Respublika milliy kulolchilik maktabi, «Oqlon» jome masjidi, novvoyxona, 3 ta oziq-ovqat do‘koni, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud. Mahallada bir qancha mashhur kishilar, jumladan Toshkentlik mashhur ko‘nchi Sulaymonboy, akademik Hamdam Usmonov, Dolimovlar sulolasi, O‘zbekiston xalq rassomlari Hamidulla Ikromov, Muhitdin Rahimov, yozuvchi Rahmat Fayziy va boshqalar yashab o‘tgan.
OQILON DAHASI – Shayxontohur tumanida, Mannon Uyg‘ur ko‘chasi va Bo‘zsuv kanali oralig‘ida joylashgan. «Kattahovuz», «Islomobod», «Shofayz», Mannon Uyg‘ur nomidagi mahallalar bilan chegaradosh. Daha 1945-50 yillarda tashkil etilgan. Dahada internat maktabi, o‘quv-davolash kolleji, yakka tartibdagi uy-joylar mavjud.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/oqilon-oqlon-2/