BOGʻIMDA KUZ
Pastlab-pastlab uchmoqda qushlar
Kuzgi osmon ostida sokin.
Yuragimni ajib his xushlar,
Daraxtlardan nur oqar betin.
Bogʻim hali yosh, mevali bogʻ,
Garchand mening sochlarimda oq.
Yastanadi yiroqlarda togʻ,
Yarqiraydi choʻqqilar, biroq.
Kuz oxirlab borar ohista
Xazonrezgi xonishlarida.
Kipriklarim namlanar asta
Quyoshning jim yonishlarida.
Rang oladi borliq shu kuzdan,
Suvlar tiniq, yaproqlar tilla.
Aylanadi qoshingdan, koʻzdan
Qanotlari kumush bu palla.
Umrimda kuz kezadi masrur
Toʻlqinlari jilvagar, erka.
Ildiz otar teraklar chuqur
Bogʻ toʻrida magʻrur va koʻrkam.
Bulutlardan yoyilgan hovur
Shuʼlalansa shafaqda olis
Bolalikdan hozirga dovur
Ulardan hech uzolmayman koʻz.
Kecholmayman orzularimdan
Hamon yoniq, hamon dilobar.
Koʻchayotgan tuygʻularimda
Yeru koʻkning boʻyi barobar.
Suv boʻyida xush boʻy taratib,
Shamol bir zum choʻkdi yonimga.
Yoʻlga tushdi soʻng soz yangratib,
Shirin titroq solib jonimga.
Kuzatamiz kuzni bezavol,
Yuklab ketar bizga koʻp ishlar.
Bu kun goʻzal, damlar betimsol,
Qushlar yana bogʻimda qishlar.
Bogʻimda kuz – oʻyim, umidim
Havolari toza toʻkildi.
Shu bogʻ bilan yomgʻir, qor hidi,
Koʻklam kelar yoʻlga tikildim…
* * *
Yel mayin,
guldan ham nafis dil mayin.
Oqadi beorom borliqda sukut.
Tun bagʻriga kirib borganing sayin
Armonlaring unut, gʻamlaring unut.
Tun tiniq,
barglardan koʻchgan un tiniq.
Tollar tebranadi bogʻ etagida.
Yulduzlar charaqlar munavvar, intiq
Falakning toqida, oy ertagida.
Oy yorugʻ,
oy nuri tushgan soy yorugʻ.
Umrimni oʻlchaydi har bir nafasim.
Yuragimdan unib chiqqan har urugʻ
Cheksiz hayratlarim, tiniq havasim…
* * *
Yoʻlning chetlarini oʻtmang ezgʻilab,
Qoʻshiqchi gullarning qabrlari bor.
Bedor shamollarning sabrlari bor
Shudringlar ohista yerga qoʻyar lab…
Ketmas qovjiragan barglar qoshidan
Tunlari shuʼlasi yulduzning, oyning.
Tonggacha tinmaydi ohlari soyning
Tuproqqa qoʻshilgan gullar boshida…
* * *
Tun. Qalbimga sokinlik yoqar,
Jim kezinar shamollar bedor.
Oy nurlari soylarda oqar
Xotiralar kabi beozor…
Koʻtarila boshlaydi tunning
Qalin-qalin darpardalari.
Silay boshlar yellar zaminning
Muzlab qolgan yaralarini…
Tun bagʻrini tark etmas sira
Yulduzlardan shuʼla koʻchadi.
Aylanadi olis xotira,
Umring boʻyi birga uchadi.
Koʻzlaringda, qalbingda yona
Uzun yillar qoʻshiq bitgali,
Qaytib kelar sen bilan yana
Xotiralar tongni kutgali…
* * *
Namxush havo achchiq va betaʼm,
Xazonlarni supurar farrosh.
Yoʻlak boʻylab ketayapman jim,
Faqat ruhim istaydi otash.
Daraxtlardan ohista uchib,
Kaftlarimga qoʻnadi yaproq.
Onam kabi boradi quchib
Xotiralar va hazin titroq…
* * *
Bu ayolning
Oqib-oqib kelar xayoli,
Qalqib-qalqib ketar oʻylari.
Tarjimoni boʻlmas bunday kuylarning.
Ayniqsa, koʻzlari kulib aytganda,
Ayniqsa, tunlari gʻamlardan ortib,
Quyoshli kunlarga oʻlmay qaytganda…
Bu ayolning
Ortidan uzun tunlar keladi,
Tunlarni ortqilab, unlar keladi.
Tunlarki,
Unlarki, yumushlari koʻp,
Yuklari ogʻir.
Osmonga qaraydi – yulduzli visol.
Bu ayolning
Qoʻllaridan kunlar suv ichar,
Sochlarini yuvgan shudringlar
Shamollarda sochilib ketar.
Rayhon hidi ketmas hovlida
Eshiklarni jim
Ochib kirar – sezmaydi hech kim.
Yolgʻizlikning ashklarini jim
Sochib kirar – sezmaydi hech kim…
Oygul SUYUNDIQOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/oqadi-beorom-borliqda-sukut/