“Oq togʻlarni izladim, qora togʻlar duch keldi…”

Zomin va Nurota tizma togʻlarini Jizzax yaqinidagi Ilonoʻtdi darasi ajratib turadi. Bu joyni tub aholi Amir Temur darvozasi yoki gʻori deb ham ataydi.

Gʻor pastidan oquvchi Sangzor daryosi ikki togʻ tizmasining tabiiy chegarasi hisoblanadi. Ilonoʻtdi darasidan keyin Nurota togʻ tizmalari Qoʻshrabot tumaniga kelib ikkiga – Oqtov va Qoratovga ajraladi. Oʻsha togʻlarning har ikkalasi tugaydigan (Nurotaga qarab yoʻnalgan) joyidan yaylovlar, Qizilqum sahrosi, Buyuk Turon pasttekisligi boshlanadi.

Jizzax, Samarqand hamda Navoiy vohalari xaritasiga qarasangiz, unda Nurota togʻ tizmalarining bor boʻy-bastini koʻrish mumkin. Toʻshiga bulutlar bosh qoʻygan magʻrur choʻqqilar, qoyalarni yorib oʻtgan daralar, bir-biriga tutash qir-adirlar yastanib yotibdi.

Nurota togʻidagi Zargar choʻqqisi dengiz sathidan 2170 metr, Oqtovdagi Langar choʻqqi esa 2005 metr balandlikda joylashgan. Shu yerlik odamlar ishonadigan afsonaga koʻra, Hazrati Nuh allayhissalom langar tashlagan joy, aynan shu choʻqqi emish.

Qizilqum choʻllari bilan chegaradosh Nurota togʻ tizmasining hayvonot va oʻsimliklar olami juda xilma-xil. Koʻtarilish qiyin boʻlgan qoyalarda, togʻ yonbagʻirlaridagi changalzorlarda qoplonlar yashaydi. Ana shu biologik xilma-xillikni tabiiy holda saqlab qolish, ilmiy asosda oʻrganish va tadqiq etish maqsadida 1975 yilda Forish tumani sarhadlarida davlat tomonidan Nurota qoʻriqxonasi tashkil etilgan. Ammo uning Samarqand, Navoiy viloyatlaridagi qismi bugun qarovsiz holda. Bu yerda minglab dorivor giyoh, dov-daraxt, parranda-yu, darrandalarning noyob turlari uchraydi.

Nurota zaminidan yetishib chiqqan Oqsoqolota, Nurota, Qarnabota, Oqtoʻnliota, Qoʻchqorota, Arslonota, Koʻktoʻnliota haqida koʻpchilik eshitgan, albatta. Bu zotlar maʼnaviy yuksak, jismonan baquvvat, aqlan barkamol insonlar boʻlib, togʻu toshlar, adirlar va qirlarda qoʻnim topishgan. Bu soʻlim goʻshalarda noyob daraxtlarni uchratasiz. Hatto, dunyoning koʻpgina joylarida mutlaqo uchramaydigan savr daraxti ham ana shu togʻlarda oʻsadi. Avliyosifat ajdodlarimizning mana shu yerda yashab qolishiga ana shu omillar sabab boʻlgandir balki. Agar bu joylarni piyoda kezsangiz, taʼriflab boʻlmas goʻzal manzaralar, olam-olam zavq va taassurotlarni tuyushingiz aniq.

Oqtov va Qoratov choʻqqilari va kengliklarini, har bir soʻqmogʻi-yu, darasi, soylarini oʻrganish uchun bir insonning umri kamlik qilishi aniq. Negaki, har bir tosh, har bir gʻor, har bir botiq va buloq haqida batafsil maʼlumot toʻplash talab etiladi. Nurota togʻ tizmalarining Oqtov va Qoratovidagi gersin togʻ burmalanishi bundan million yillar muqaddam shakllangan boʻlib, tekisliklari neogen davrida hozirgi koʻrinishini ola boshlagan.

Bugun odam nafas olishga qiynaladigan ulkan va tigʻiz shaharlar oldida Oqtov va Qoratovlar tom maʼnoda jannatday koʻrinishi, shubhasiz. Zero, shoir bir sheʼrida Oqtov va Qoratovni madh etganidek:

 

Oq togʻlarni izladim,

Qora togʻlar duch keldi.

Qora togʻlar quchogʻini kezdim, yoronlar,

Oq togʻlarga yetguncha.

 

Ulugʻbek JUMAYEV

 

od-press.uz

 

https://saviya.uz/turfa-olam/oq-toglarni-izladim-qora-toglar-duch-keldi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x