Tahririyat eshigidan kirishim bilan kotiba oldimga yugurib keldi.
– Sizga xat bor. Bir yigit tashlab ketdi.
Qiziq, kim boʻldi ekan? Nega aynan xat? Telefon qilsa ham boʻlardi-ku. Yo biror doʻstim hazillashdimi? Goho, hamsaboq doʻstlar bir-birimizning ishxonamizga shu taxlit maktub yoʻllab hazillashib turamiz. Hoynahoy, qoʻlimdagi ham shunday shoʻxliklar mahsuli boʻlsa kerak.
Xatni olib xonamga kirdim. Shoshib kimdan kelganini oʻqidim. Konvert ustiga gazetamiz nomidan boʻlak hech narsa yozilmagan. Ochdim. Birinchi navbatda imzoga qaradim. Qaradimu qotib qoldim: “Oq ovulning Ozodasi…” Hayotda shunday lahzalar boʻladiki, oʻsha lahza uchun butun hayotingni tiksang arziydi. Yana shunday lahzalar boʻladiki, butun hayoting oʻsha lahza sabab izidan chiqib ketadi.
* * *
Bolalik yakuni yoʻq tushga oʻxshaydi. Bu oltin damlarda koʻngling tusaganini qilasan, xayollar qanotida bearmon uchasan. Birov seni ayblamaydi. Baʼzan yigirma kun oldin yuz bergan biror muhim voqeani tuzuk – quruq eslayolmaydi kishi. Ammo yigirma yil avval sodir boʻlgan gʻira-shira hodisa hamisha xotirasida turadi. Nega? Hoynahoy, biz bolalikdan ketsak-da, u bizdan ayrilishni istamay doimo taʼqib qilib yuradi. Goh quvonchli, goh gʻussali nimasi bilandir oʻzini eslataveradi. Hayotimizning har boʻlagida paydo boʻlaveradi. Mana, bugun mening yuragimning qay bir chetida berkinib yotgan bir ism tilimga qalqib chiqdi. Oq ovulning Ozodasi. U bizning bolalik osmonimizdagi yorugʻ yulduz! Axir, u ilk sevgi, ilk talpinish, ilk iztirob! Aynan shu qiz sharofatidan ilk bor ust-boshimizga eʼtibor beradigan, koʻzguga qarab soch taraydigan boʻlganmiz. Eh, Ozoda!. Unutmabsan-da. Bu odamzor dunyoda odamlar orasida hamon meni eslab yurganing uchun rahmat. Shu kichkinagina maktubing meni ovulga olib ketdi. Oq ovul…
* * *
Moʻylabi endigina sabza ura boshlagan oʻspirinlar edik. Bahor adoqlagan kunlarning birida besh boʻyinsa toqqa oʻtinga chiqdik. Bahaybat archalarning qurigan shox-shabbalarini yigʻib-terib eshakka ortib kelamiz. Bu aslida tinka quritar yumush. Lekin biz bolalar oʻyinqaroqlik bilan hamma mashaqqatlarni yengamiz. Yoʻl-yoʻlakay hatto Oqovulga qoʻnib oʻtishga ham ulguramiz Oq ovul biz oʻtinga boradigan togʻning shundoqqina biqinida. Keng, koʻm-koʻk yaylov. Son-sanoqsiz sigirlar oʻtlab yuradi. Ozodalar har bahorning adoqlarida suruv-suruv sigirlarni haydab kelishadi. Kuz koʻz ochib moʻralay boshlagunga qadar shu yerlarda makon tutishadi. Ozoda qoramagʻizgina, istarasi issiq, biz tengi qiz. Quyosh baland togʻ tepasiga qoʻngan payt ovul oldida paydo boʻlamiz. Xurjunimizda qishloq doʻkonidan olingan pomidoru bodring. Ozoda pomidorni shoshib tishlaydi. Qip-qizil suvi ust-boshiga sachraydi. Biz kulamiz. U ham jilmayadi. Ozodaning onasi choʻntaklarimizni toʻldirib-toʻldirib qurut beradi. Bizning murodimiz hosil boʻlib, rahmat ayta-ayta toqqa chiqib ketamiz. Togʻ boshidan ularning oʻtovi kaftdagidek koʻrinadi. Tevarak yam-yashil. Oʻn ikkita ola-quroq oʻtov. Ana, oʻrtadagisi Ozodalarniki. Qiz qoʻlida kattakon oyina. Biz tomonga tutadi. Ahyon-ahyon koʻzlarimiz ilkis yogʻdudan qamashib ketadi. Biz oyna aksi qayon tushsa oʻsha tomonga yuguramiz. Ozoda buni sezadi chogʻi, oyina tutmay qoʻyadi. Endi bizlar xuddi kelishgandek boltani joʻr boʻlib archaga uramiz. Bir… Ikki… Uch. Zarblar aks – sadosi xuddi “O-zo-da” degandek boʻladi. Ozoza sezadi va yana oynani qoʻliga oladi. Shunday oʻyinlar bilan quyosh botganda pastga bir eshak oʻtinni ortib tushamiz. Ozoda oldimizga yugurib chiqadi. Ovulda undan boshqa yana oʻndan ortiq, yoshlari bizdan katta qizlar bor edi. Ular bizni mensimas, “mittilar” deyishardi. Opalarining atamasidan uyalgandek, Ozoda nigohlari bilan bizdan uzr soʻrardi. Yana choʻntaklarimizni qurutga toʻldirib uyga qaytamiz. Yoʻlda urush-janjal boshlanadi: “Ozoda meni yaxshi koʻradi.” Shu soʻz barchamizni kuchli, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas qilib qoʻyadi.
Oradan uch kun oʻtib yana oʻtinga chiqdik. Chunki maktabga borgandik. Oʻsha har doimgi vaqtda ovulda paydo boʻldik. Yoshi katta qizlar sigirlarni sogʻar, erkaklar buzoqlarning arqonidan tortqilab qizlarga nimalardir deb turardi. Bizni birinchi boʻlib ovul itlari payqadi. Daralarni boshiga koʻtarib hura ketishdi.
Ozoda katta toshning ustida, bizdan yuzini oʻgirib oʻtirardi. Eshaklarimizni xalalab u tomon yurdik. U oʻrnidan turib oʻtov ichiga kirib ketdi. Biz nima qilarimizni bilmay qotib qolaverdik. Sut sogʻayotgan opalar xandon otib kulishdi. Yonidagi yigitlar ham joʻr boʻlishdi. Biz… karaxt edik. Na ketamiz, na eshakdan tushamiz. Bir mahal oʻtovdan Ozodaning onasi chiqib keldi. Barchamiz salom berdik. U alik olib biz bilan soʻrashdi.
– Nega koʻrinmay ketdinglar? Ozoda ichikib qoldi-ku, – dedi jilmayganicha.
– Ena, unaqa demang – deb ichkaridan Ozoda piqilab yigʻlab chiqdi. – Men bularni yomon koʻraman. Ayting, endi hech qachon kelishmasin.
– Hay-hay, uyat boʻladi-ya, qizim. Mehmonni ham quvadilarmi? – deb onasi Ozodani bagʻriga bosdi. Soʻng bizga yuzlanib kuldi. – Xafa boʻlmanglar, shoʻrlik necha kundan beri, bir etak qurut olib sizlarni poylaydi. Kim oʻtsa, yugurib tosh ustiga chiqadi. Shunga arazlagan. Qani bolalarim, ichkariga kiringlar.
Shu payt boʻsagʻada bir qop-qora yigit paydo boʻldi. Uni birinchi koʻrishimiz edi. U bizlarga yotsirab qarab turardi.
– Abror, akalaringning eshagini bogʻlasang-chi, – dedi Ozodaning onasi, soʻng yana bizga yuzlandi, – Abror kecha keldi. Hali sizlarni tanimaydi. Shunga uyalib turibdi. Oʻzi yaxshi bola. Sizlar kiraveringlar.
– Hozir, xolajon, bir joʻramiz yetib kelsin. Uning eshagi charchab qoldi. Ana, koʻrindi, – dedi doʻstim Olim.
Nogoh Ozoda yugurib tosh ustiga chiqdi-da, ortda qolgan joʻramiz tomon ishoralar qildi, hoynahoy, tezroq kel, demoqchi boʻldi. Joʻramiz eshagini oʻz holicha haydab, ortidan arang piyoda kelardi. Biz u yetib kelguncha kutib turdik. Soʻng hammamiz oʻtovga kirdik. Dasturxon yozilgan ekan. Bir kosadan issiqqina sut ichdik. Keyin katta karsonda qaymoq keltirildi. Rosa maza qildik. Aytgancha, biz ham quruq qoʻl bilan borganimiz yoʻq. Xurjunimizdagi meva-cheva, sabzavotlardan tortiq qildik. Xullas, Ozoda bilan yarashdik. U bizni kechirdi. Tashqariga chiqqanimizda Ozoda dabdurustdan Qaynarga tanbeh berdi.
– Nega doim orqada qolib yurasan? Otangga ayt, senga boshqa zoʻr eshak olib bersin.
Tabiatan kamgap bu oʻrtogʻimiz qulogʻigacha qizarib ketdi. Nima deyishini bilmay eshagini bir kaltak urdi. Onasi Ozodaga qarab “tilingni kesaman” deganday ishora qildi. Ozoda hamon Qaynarning ortidan allanechuk qarab turardi. Biz oʻtovdan yiroqlashdik. Haligi Abror bizni ancha yergacha sovuqqon kuzatib qoʻydi. Biz oʻsha kuni oʻz aqlimizga yarasha nimalarnidir tushungandek boʻldik. Ozoda Qaynarni yomon koʻradi. Ha, boʻlmasa eshagining ustidan kularmidi? Demak, Qaynar oʻyindan chiqdi. Ha, biz shunday qarorga keldik, kimning eshagi zoʻr boʻlsa Ozoda oʻshani yaxshi koʻradi. Ne baxtki mening eshagim barchasining eshagidan kuchli va chopqir edi. Demak, Ozoda meniki! Bolalar nima deyishlarini bilmay qoldi. Biz kelishib oldik. Ozoda! Sen menikisan! Faqat meniki…
* * *
Oradan bir oylar vaqt oʻtdi. Bu orada barcha boʻyinsalarim oʻzlari istamasa-da, Ozodadan umid uzgan boʻlishdi. Ovulga yaqinlashgan paytimiz men magʻrur tarzda oldga oʻtardim, oʻtovga ham birinchi kirardim. Sut ulashish ham mendan boshlanardi. Hatto, Ozoda tutgan oyna yogʻdusi qayoqqa tushsa, bolalar meni oʻsha tomonga yoʻllashardi. Xullas, dorilomon kunlarimiz shunday oʻtardi. Bora-bora bolalar ikkilanib qolishdi: “Ozoda seni sevmaydi. Biror marta ovloqda gaplashganlaringni koʻrmadik.”
Albatta, bu eʼtirozda jon bor edi. Bu kamchilik meni ham anchadan beri qiynab kelardiki, buni birovga aytolmay oʻrtanardim. Rost, u biror marta ham koʻngil moyilligi haqida menga ishora bermagandi-da. Hech boʻlmasa, Qaynarga aytganidek, boshqa eshak ol, demagan. Yoʻq, u menga bir ogʻiz ham gapirgan emas. Buni oʻzim ham sezardim. Baribir xudbinlikmi yoki manmanlikmi, shunga oʻxshash bir tuygʻu mening past kelishimga boʻyin bermasdi. U meniki. Tamom. Ha, u meni sevadi. Faqat aytishga uyaladi. Oʻz-oʻzimni shunday ishontirardim. Lekin joʻralarimni quruq gap bilan ishontirish qiyin. Demak, qandaydir chora-tadbir qilishim kerak. Shundagina barchasining uni oʻchadi. Shu xayollar bilan yurgan kunlarimning birida Olim shundogʻam yonib turgan olovga moy sepdi.
– Qachon isbotlaysan? Boʻl endi. Qani koʻraylik-chi?
– Shu bugun yarim kechasi ovulga ketamiz. Tun yarmidan oʻtganda men oʻtovga kiraman. Va Ozoda bilan chiqaman. Oʻsha katta toshning ustida oʻtiramiz. Shu yetadimi?
– Yetadi.
Olim hamma bolalarni kechasi oʻtinga ketishga koʻndirdi. Biz gapni bir joyga qoʻyib, kech soat oʻnda qishloqdan chiqib ketdik. Ammo Qaynar negadir borishni istamadi. Eshagim tunda yurolmaydi, deb bahona qilganday boʻldi. Uni va albatta eshagini bearmon soʻka-soʻka yoʻlga chiqdik. Ovuldan bir tepa berida toʻxtadik. Eshaklarni bogʻladik. Piyoda boramiz. Eshakni sezib qolishi mumkin. Men yoʻlboshchi. Qanchalik oʻzimni sher bilmay baribir qaltirardim. Ich-ichimdan bu ishim yaxshi emasligini bilib tursam-da, baribir oʻrtoqlarim oldida oʻzimni oqlashim, Ozoda meniki ekanligini isbotlashim kerak edi. Ana, ovul. Oʻtovlar dengizda turgan kemalardek oqarib-boʻzarib koʻzga tashlanadi. Bir zum barchamiz tikilib qoldik. Barcha uyquda. Qiziq, hatto, itlarning sasi chiqmasdi. Ildamladik. Kichkina jilgʻa yonida toʻxtadik. Daryodan oʻtsak boʻldi. Ovulga qadam bosamiz. Toʻxtadim. Olim, yurmaysanmi, degandek biqinimga turtdi. Tumshugʻiga bir tushirmoqchi, hammasiga qoʻl siltab ketmoqchi boʻldimu… lekin… Ozodaning qoʻldan ketishini oʻylab noiloj, tishimni tishimga bosib qadam bosdim. Yuragim qaltirab ketdi. Mana tosh. Shuning ustiga Ozoda oʻtirardi. Biz tosh ortiga berkindik. Panalab turibmiz. Tun osuda. Sukunat. Faqat hashoratlar chirillashi dasht boʻylab taraladi. Olim yana turtdi. Boʻynimga birov arqon solgandek oldinga intildim. Ikki qadam bosdim. Ortga qaradim. Joʻralarim toshning panasida barchasining koʻzi menga tikilgancha, nafas olmay kuzatib turishardi. Yana ikki qadam bosdim. Mana, Ozodaning oʻtovi. Bir tomoni sal ochilgan. Shamol kirishi uchun shunday qilgan boʻlsa kerak. Moʻraladim. Hech kimni koʻrib boʻlmaydi. Qarab turaverdim. Koʻzim qorongʻulikka oʻrgandi. Bir mahal qulogʻim ostida kimningdir nafas olishi eshitildi. Yuragim tovonimga tushib ketdi. Qaradim… it ekan. Meni iskab turardi. Koʻzidan koʻzimni uzmadim. Tanidi shekilli, nari ketdi. Oʻzimni qoʻlga olib yana ichkariga qaradim. Asta-sekin qaysi biri Ozoda ekanligini bilib oldim. Ichkariga kirdim. Endi… Butun vujudim muzlab qolgan, nima ish qilayotganimni idrok qila olmasdim. Miyamda faqat bir xayol oʻrnashib olgandi. Ozodani uygʻotib, tashqariga olib chiqaman. Tosh ustiga borsa boʻldi. Bir lahzagina… Men barchani yenggan boʻlardim. Gʻolibga aylanardim. Qahramonga aylanardim… Ozodaning qoshiga bordim. U tush koʻrayotgan boʻlsa kerak, kulgichlari oʻynab turardi. Tikilib qoldim. Qoragina, qoramagʻizgina qizaloq, juda – juda chiroyli! Yonboshiga agʻdarildi. Baqirib yuborishimga sal qoldi. Qoʻlimni sochiga olib bordim. Siladim. U hech narsani sezmadi. Yuziga qoʻlimni tegizdim. U bir nimani sezgandek, qoshi chimirildi va baqirib yubordi. Xuddi shu lahzada men ham dod deb yubordim. Bilmadim, nima uchun. Qochdim. Shoshganimdan kimnidir bosib ketdim. “Vah” etgan ovoz eshitildi. Ovulda shovqin boshlandi. It izimdan quvib ketdi. Qochyapman. Osmonga oʻq uzildi. Butun ovul oyoqqa qalqqan edi. Ketyapman. Ortimdan odamlar yugurib kelyapti. Kuchuk… buncha quvmasa bu. Nimagadir qoqilib yiqildim. Qolgani esimda yoʻq…
* * *
Koʻzimni ochganimda allaqachon quyosh chiqib ketgandi. Oʻtovda yotibman. Boshim oq latta bilan tangʻib bogʻlangan. Oyoq tomonimda Ozodaning otasi. Bosh tomonimda joʻralarim. Tamom. Endi hammamizni itday otib tashlaydi. Ozoda koʻrinmasdi. Abrorga ham koʻzim tushmadi. Sezdim, kecha meni aynan oʻsha tutib olgan. Onasi oʻtovning bir burchagida bir nuqtaga tikilganicha jim turibdi. Oʻzimga kelganimni koʻrgan otasi tashqariga chiqib ketdi. Hech qancha vaqt oʻtmay qaytib keldi. Qoʻlida kosa. Qatiq. Menga tutqazdi. Oldim. Shu payt kosa ichiga bir siqim qorakuya soldi.
– Oppoq edi-ya. Ha, endi qora boʻldi. Senga topshiriq, qatiqni oʻz holiga keltir!
Qoʻlimda kosa, nima qilarimni bilmay qotib turaverdim. Oʻrnimdan turdim-u, tashqariga otildim. Yugurib ketdim. Boshim loʻqillardi. Qoʻlimda qora qatiq toʻla kosa. Yugurib ketayapman. Nega? Qayoqqa ketyapman, buni oʻzim ham bilmasdim. Lekin yugurayapman. Ketayapman…
* * *
Ozoda! Meni kechir. Mana, bugun xating qoʻlimda turib shuni tushundimki, oʻshanda dunyodagi eng razil odam boʻlgan ekanman. Seni unutganim yoʻq. Faqat eslashdan qoʻrqardim. Xayolimga kelsang, otang menga tutqazgan qop-qora qatiq koʻzimga qadalib qolaveradi. Bildim, seni oʻsha tongda Abrorga qoʻshib shaharga joʻnatishgan ekan. Men seni boshqa koʻrmadim. Seni izlashni, topishni qancha xohlagan boʻlsam, shuncha qoʻrqdim. Oʻzing bilasan. Mening nima maqsadda kirganimni, keyin boʻlsa ham, harnechuk eshitgansan. Olim aytib bergan. Baribir… yaxshi ish boʻlmagandi. Toʻgʻri, bu voqeadan keyin sizlar oʻsha yaylovga boshqa koʻchib bormadingiz. U yerlar qaysidir fermerning mulkiga aylandi. Men ham oʻsha yili poytaxtdagi litseyga ketdim.
* * *
Xonamdan chiquvdim hamki, kotiba jilmaydi.
– Kim u Ozoda?
Indamadim. Tashqariga chiqdim. Tahririyat eshigi oldida bir yigit turgan ekan. Bu Abror. Oʻsha, bir koʻrishdan tanidim. Nazarimda, Ozoda shunga tekkan. Oʻn qadamlar soʻzsiz ketdik.
– Ikki yil oldin ovulga borgandim. Tomosha uchun. Ovulning fayzi qolmabdi, – u shunday deb biroz jimib qoldi. – Ozoda menga ham tegmadi. Uni azaldan yaxshi koʻrardim. U… bilasizmi, kimni yaxshi koʻrardi? Qaynarni!
Ilkis boshimni koʻtardim. Hoziroq boshimga osmon qulaydigandek beixtiyor koʻzlarimni yumib oldim. Butun badanim boʻylab chaqmoq chaqildi.
– Ha, menga buni oʻzi aytdi. Men shuncha gapni bila turib, unga uylanishga harakat qildim. Bilasiz, bu paytda Qaynar ogʻir kasal edi. Lekin to soʻnggi nafasigacha Ozoda undan koʻngil uzmadi. Uning Qaynarning qabri boshida yigʻlaganini eslasam, hamon dunyo koʻzimga tor koʻrinadi. Qaynar yaxshi yigit edi. Afsus, umri qisqa ekan… Ozoda bir choʻpon yigitga tegib ketdi.
Abror qisqagina xayrlashib, qoʻlimni qattiq siqdi-da, mendan uzoqlashdi. Men-chi?! Men yoʻl oʻrtasida, chorrahada qaysi tomonga yurishni bilmay turaverdim. Turaverdim. Nega? Nega? Qaynar vafot etganida, onasi “bechoraginam” deb yigʻlagandi. Yoʻq, Qaynar bechora emas ekan. Ha, u garchi juda erta vafot etgan boʻlsa-da, dunyodagi eng chiroyli qizning yuragida mangu yashamoqda. Zero, sevilgan odam bechora boʻlmaydi… Ozoda hamisha eshagi ortda qoladigan Qaynarni sevar ekan! Nega biz shuni tushunmadik? Axir u ham qadrdon joʻramiz edi-ku. Qaynar, eshityapsanmi? Ozoda seni yaxshi koʻrarkan? Ha, seni…
Men… Boʻldi, boshqa gap yoʻq…
Sanjar TURSUNOV
“Yoshlik”, 2014 yil 3-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/oq-ovulning-ozodasi/