OPERATSIYA (tibbiyotda) — toʻqima va aʼzolardagi kasallik jarayoniga xirurgning aralashuvi. Bunda operatsion jarohat vujudga keltiriladi (qonli Operatsiya), baʼzan maxsus mexanik usullar tatbiq etiladi (qonsiz Operatsiya, mas, chiqqan suyakni solish, singan suyak boʻlaklarini birbiriga toʻgʻrilab qoʻyish). Koʻpincha davolash, baʼzan esa diagnostika maqsadida (mas, biopsiya, punksiya, laparotomiya) qilinadi.
Rejali va kechiktirib boʻlmaydigan (zudlik bilan qilinadigan) Operatsiya tafovut qilinadi. Rejali Operatsiyadan oldin bemor sinchiklab tekshiriladi va Operatsiyaga tayyorlanadi (maye., meʼda yarasi, raki, surunkali appenditsit, kataraktada). Kasallik holati bemorning hayotiga tahdid qilib turganda (meʼda yarasi teshilganda, churra qisilib qolganda, ichak buralganda va b.) kechiktirib boʻlmaydigan Operatsiya qilinadi.
Operatsiya xarakteri jihatdan radikal va palliativ turlargaajratiladi. Radikal Operatsiyada patologik jarayon bartaraf qilinadi (kasallik oʻchogʻi va, hatto, butun organ olib tashlanadi). Patologik jarayon oqibatida kelib chiqqan kasallik simptomini bartaraf qilish palliativ Operatsiyaning vazifasidir. Tiklash Operatsiya lari alohida oʻrin tutadi (q. Plastik xirurgiya).