Opera sanʼatining islohotchisi

1873 yil 13 fevralda buyuk opera xonandasi Fyodor Ivanovich Shalyapin dunyoga keldi.

Buyuk rus tanqidchisi V. Stasov Fyodor Shalyapin isteʼdodiga tahsinlar oʻqib: “Samodan boshimizga ulugʻ baxt yogʻildi. Yangi buyuk talant bunyodga keldi!” deb xitob qilgandi. Darhaqiqat, Shalyapin sanʼat osmonida yorqin yulduz boʻlib porladi. U rus sanʼatining shuhrat va dovrugʻini butun olamga koʻz-koʻz qildi.

Shalyapin yetuk sanʼatkor boʻlib yetishguncha juda ogʻir, mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan. Hayot toʻsiqlari, muhtojlik yosh Fyodorni niyatidan qaytarolmaydi, chunki u sanʼatni butun qalbi bilan sevar, usiz hayotini tasavvur etolmas edi. U oʻz yoshlik yillarini “Hayotim sahifalari” kitobida shunday xotirlaydi: “Men birinchi bor teatrga tushganimda oʻn ikki yoshda edim. Bir kuni bir doʻstim mendan, teatrga borasanmi, deb soʻrab qoldi. Ortiqcha bileti borligini aytdi… Men koʻzimni sahnadan uzmasdim. Sahnada oy shuʼla sochardi. Bolalari bilan qochayotgan Medeya iztirob chekardi, goʻzal Yazon oʻzini u yoq-bu yoqqa urardi. Ogʻzim ochilib angrayib qoldim. Ogʻzimdan soʻlaklarim oqayotganini payqadim. Juda xijolat boʻldim… Parda koʻtarilishi bilan lablarim beixtiyor ochilib ketdi. Teatr meni sehrlab, butun es-hushimni oʻgʻirladi”.

Shalyapinni sanʼat sehri butunlay oʻziga maftun etgandi. Otasidan u teatrga borsam maylimi, deb soʻrasa: “Teatrga balo bormi, qorovul boʻlib ishlagin, Laylak! Usta boʻlishni istamadingmi, qorovul boʻlib ishlab, noningni topib yeysan”, degan dagʻdagʻali javobni oladi. Oʻsha paytlari ular yashaydigan joyga opera teatri jamoasi kelgan edi. Bu teatr Shalyapinni hayratga soladi. Chunki u toʻqqiz yoshidanoq cherkov xorida kuylay boshlagan edi-da! “Opera meni hayratga soldi, yoshlikdan ashula aytanim uchun meni ajablantirgan narsa odamlarning ashulasi boʻldi”, − deydi Fyodor. Shundan soʻng u koʻcha-koʻydami, uydami gapirishsa, oddiy kundalik turmushdagi gaplarni ham operaga aylantirib javob qaytarardi. Endi uni teatrda tomoshabin boʻlib oʻtirish qanoatlantirmay qoʻygandi. Sahna ortiga oʻtib, oyni qanday yoritishlarini, odamlari qayoqqa gʻoyib boʻlishlari-yu, shaharni qanday qilib tez qurishlarini, kiyim-kechaklaru, tomoshadan soʻng bu yorqin, goʻzal hayotning qayoqqa gʻoyib boʻlishini juda-juda bilgisi kelardi. Nihoyat, oradan koʻp oʻtmay, spektaklda statist (sahnada gapirmaydigan rol ijro etish) boʻlib ishtirok etdim, − deydi quvonchi ichiga sigʻmay.

“Men oʻn yettiga qadam qoʻygandim, Panayev bogʻida operetta qoʻyilardi. Har kuni oʻsha yerda oʻralashib yurardim. Bir kuni qandaydir xorda kuylovchi artist menga Semyonov-Samarskiy Ufa uchun xorga odam yigʻayapti, iltimos qilib koʻr, deb qoldi… Semyonov-Samarskiyning oldiga bordim. U meni iliq kutib oldi-da, repertuardagi xor ijro etuvchilar oladigan ish haqini toʻlay olmayman, deganda, men moyanasiz ham ishlayman, dedim. Bu gapimga hamma xayron qoldi. Nihoyat, mavsum “Palermolik ashulachi” operettasi bilan boshlandi. Shalyapinning hayajon va qoʻrquvdan butun vujudi titrar, u xuddi tush koʻrayotganday his etardi oʻzini. Tomoshabin tinmay uni olqishlar, u endi sahnada oʻzini erkin tuta boshlagan edi. Shundan soʻng, unga kichik-kichik rollar bera boshlashdi. Soʻng unga “Galka” operasidagi dasturxonchi partiyasini ijro etishini taklif etadilar. Shalyapin bu partiyaning katta va masʼuliyatli ekanligini his etib, uni ijro etishga yuragi dov bermaydi, nihoyat, rozi boʻladi. Spektakl boshlangunga qadar sevinchdan oʻzini qayerga qoʻyishini bilmasdi. Parda koʻtarilib, lampa nurlari pirpirab oʻynay boshlagach, oʻzini bir oz yoʻqotib qoʻyadi. Sahnada bir oz chayqalib, gandiraklab rolni ijro eta boshlaydi. Ovozining sehri tomoshabinlarni oʻziga rom etgach, guldiros qarsaklar bilan olqishlaydilar. U ijro etadigan obrazida kreslodan turib opera aytishi, soʻng yana joyiga − kresloga borib oʻtirishi lozim edi. Shalyapin obrazga shu qadar berilib ketganidan kreslo joyidami-yoʻqligiga qaramay, shartta oʻtiradi-yu, bor boʻyicha yiqilib tushadi.

Ashula professori D. A. Usatovdan taʼlim olishimni menga maslahat berdilar, deydi u. Shalyapin: “Ashula aytishni oʻrgansam boʻladimi”, deb unga savol berganda, Usatov: “Oʻrganishingiz shart!”, deydi. Ustozi Usatov Shalyapinni har tomonlama, hatto yurish-turishda, kiyinishda, ovqatlanish madaniyati bilan ham uni tarbiyalaydi.

Bir kuni bosh rejissyor undan Ruslan ariyasini bilasanmi, deb soʻrab qoladi. Oʻsha paytlari yosh artistlarga xos boʻlgan oʻzbilarmonlik kasaliga mubtalo boʻlgan Shalyapin oʻziga ishonib, bu rolni uch haftada, kerak boʻlsa, bir emas, ikkita Ruslan rolini oʻrganishim mumkin, deydi. Naridan-beri ijro etiladigan partiyani oʻrganib, Rus bahodirining kiyimlarini kiyib, yasanib oladi, ichidan paxtali sirma kiyib, sariq soqol yopishtirib sahnaga chiqadi. Birinchi notadanoq yomon kuylayotganini his etadi. Buni sezadi-yu, dovdirab qoladi. Ertasi kuni gazetalar, Shalyapin degan yosh bir artist Ruslan partiyasini rasvo qildi, deb yozishdi. Bu unga katta maktab boʻladi, koʻzi ochilib, sanʼat haqida jiddiy oʻylay boshladi. Undagi oʻzbilarmonlikdan asar ham qolmaydi. Oʻzi ustida tinmay ishlay boshlaydi.

Soʻngra Shalyapinga A. S. Dargomijskiyning “Suv parisi”dagi tegirmonchi rolini topshiradilar. Rejissyor Kondratyev u dastlab oʻynagan rolini Tiflis tomoshabinlari sovuq qarshi olishganini aytib, tegirmonchi xarakteri ochib berila olmayotganini taʼkidlaydi. U shunchaki yengiltak, epchil bir dehqon emas, balki basavlat, jiddiy-vazmin bir erkak ekanligini uqtiradi. Shundan soʻng Fyodor obraz ruhiyatiga kirib, tegirmonchi partiyasini qoyilmaqom qilib ijro etadi. Tomoshabinlar uni uzoq olqishlaydilar. Biroq na spektakl rejissyori, na hamkasblari uni bu muvaffaqiyati bilan qutlaydilar.

Mavsum boshida “Rogneda” operasidagi knyaz Vladimir roli Shalyapinga topshiriladi. Uning koʻproq musiqaviy tomoniga – ritm bilan ijro etishga Shalyapin katta eʼtibor beradi.

Oʻsha davrning yirik teatr tanqidchisi S. Kruglikov spektakl haqida shunday yozgan edi: “Solodovnikov teatrida ajoyib bir artist paydo boʻldi. M. I. Glinkaning “Ivan Susanin”idagi Susanin rolini yangicha, oʻziga xos uslubda ijro etdi, lekin afsuski, tomoshabinlar kam edi”.

Shalyapin teatrda ijro etadigan rollarda kiyadigan liboslar qanday boʻlishi kerakligini oʻrganish uchun rassomlardan koʻproq tanish orttira borardi. U Moskvaga – Mamontov rahbarligidagi teatrga kelgach, sanʼatkorga erkin ijod qilish imkoni beriladi. Ayrim rejissyorlarning lirik lahzani boʻrttirib koʻrsatishga urinishlari operani jonsiz qilib, zaiflashtirib qoʻyar, buni Shalyapin yaxshi anglardi. Darhaqiqat, u opera sanʼatining islohotchisi boʻlgan, desak yanglishmaymiz. Shalyapin erkin ijod qilish imkoniga ega boʻlgach, repertuaridagi Susanin, Mefistofel va boshqa rollarini yanayam mukammallashtirishga kirishadi. “Operani chuqurroq oʻrgana boshlaganimda operada mening anʼana talab qiladigan na ariyam, na duetim, na triom bor edi. Oʻsha vaqtlarda V. I. Klyuchevskiy kabi ajoyib ustozim, oʻqituvchim yoʻq edi. Uning yordamida Boris Godunov rolini oʻrgandim. Rassomlarning koʻrgazmalaridan, yoʻl-yoʻriqlaridan Grozniy xarakterini va oʻsha davrni sinchiklab oʻrgandim”, deydi. Shalyapin endi alohida koʻrinish, alohida figura va qiyofalar yaratibgina qolmay, turli holat-sharoitlardagi butun boshli rollar, yaxlit shaxslar obrazini yarata boshladi. Uning betakror ovozi xilma-xil qalb tugʻyonlarini izhor etish uchun turli ohangda, zoʻr mahorat bilan jaranglardi. Rol ijro etayotgandagi xatti-harakatlarida, yurishlarida qandaydir bir nafosat, joziba namoyon edi. Bularning barchasi uning ijrosida juda tabiiy, hayotiy hamda nihoyatda taʼsirli chiqardi. Uning ijrosida hech bir soxtalik, yasamalik, siyqasi chiqqan eski sahna yondashuvlari koʻzga tashlanmasdi. Peterburgdan Moskvadagi xususiy teatrga kelgach Shalyapin yanayam oʻsib, kamol topib, sanʼat choʻqqilari sari dadil koʻtarilib bormoqda, degan ovozlar bot-bot quloqqa chalina boshladi. Unda ikki Shalyapin mujassam edi, birinchi Shalyapin rol oʻynasa, ikkinchi Shalyapin oʻzini nazorat qilib turardi.

Darhaqiqat, Shalyapin chiroyli, diopazoni keng, nihoyatda oʻzgaruvchan va boʻyoqlarga boy ovoz sohibi edi. Yuqori bas ovozda kuylovchi rus xonandasi boʻlish bilan birga, vokal sanʼatining yirik namoyandasi hisoblanadi. Shalyapin faqat musiqa va aktyorlik faoliyati bilan shugʻullanibgina qolmay, opera rejissyori ham boʻlgan. U rassomlik va haykaltaroshlikdan ham yaxshigina xabardor, adabiyot sohasida ham qalam tebratib, tabiat inʼom etgan aql-zakovati ila kuchli yumorga boy shaxsdir. U hayoti davomida vokal-sahna ijodi qonuniyatini oʻrganishga harakat qilgan. Har qanday ijtimoiy va mafkuraviy muhitda yashab-ijod etgan davrda ham buyuk insoniy gʻoyalarga sodiq qolgan. Sanʼatni bor vujudi bilan sevib, hayotini usiz tasavvur eta olmagan.

 

Nazira JOʻRAYEVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/opera-sanatining-islohotchisi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x