DO`STLARGA ULASHING:
Yoxud qiz bola tarbiyasiga doir eng kerakli tavsiyalar
Oilaning darz ketishi bilan bog‘liq holatlar tahlil qilinganida ko‘pincha erkak ham, ayol ham o‘z vazifasini to‘la-to‘kis anglamasligi, zimmalaridagi mas’uliyatni chuqur his etmasligi bunga asosiy sabab bo‘ladi. Aslida oila boshlig‘i erkak hisoblanadi, ammo uning topganini ro‘zg‘orga yetkazish ayolning zimmasidagi vazifadir.
Ayol epli va sarishtali bo‘lsa, unda bu oila turmush qiyinchiliklarini mardonavor yengib o‘ta oladi. Toza va saranjom xonadonni ko‘rib, inson ko‘ngli yayraydi. Dasturxonga tortilgan mazali taomlarni ko‘rganda esa oila bekasidan yanada xursand bo‘lasiz. Qiz farzandlarni tarbiyalash va ularda ham ushbu fazilatlarni shakllantirishda onalardan alohida e’tibor va mas’uliyat talab etiladi.
Afsuski, ba’zi xonadonlarda o‘zaro munosabatlarga putur yetib, oila parokandalik yoqasiga borib qolgandagina uni asrab qolish choralari ko‘rila boshlaydi. Aslida esa yoshlarga nikohdan o‘tmaslaridan oldin oilaning muqaddas ekanligi va u orqali inson baxtga erishish mumkinligini ular ongiga chuqur singdirish lozim. Ota-onaning vazifasi farzandni dunyoga keltirishgina emas, balki uning tarbiyasi, kasb-hunarli bo‘lishi hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ham mas’uldir.
Farzand tarbiyalashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida hukumat darajasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, farzand tarbiyasida onaning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Farzandiga mehr tuyg‘usini hech kim onachalik bera olmaydi. Shunday ekan ota-onalar farzandini oilaga tayyorlashda harakatni u turmush qurish yoshiga yetishidan ancha oldin boshlashlari lozim. Ayniqsa, qizlarga bolaligidan ozodalik, sarishtalik va pazandalikka qat’iy amal qilishni uqtirib borish kerak.
Muomala madaniyati
Onalar o‘smir yoshidagi qizlariga balog‘at davrining o‘ziga xosliklari, sir-asrorlarini tushuntirishlari lozim. Qolaversa, ularga yaqin sirdosh bo‘lishlari kerak. Farzandga chiroyli muomala va odamlar bilan o‘zaro munosabatda samimiy bo‘lishni o‘rgatish zarur. Xonadoningizga kelgan kishi ko‘rsatgan iltifotingizdan o‘zgacha taassurot olsin. Doim tilingiz shirin, o‘zingiz mehrli bo‘lishga harakat qiling. Hayotda muvaffaqiyatlarga nafaqat bilim, balki go‘zal odob va chiroyli muomala orqali erishish mumkinligini aslo unutmang.
Orastalik
Orastalik qizlar uchun juda muhim sanaladi. Kiyim va soch turmagingiz o‘zingizga yarashib tursin. Ayniqsa, moda deb ochiq-sochiq kiyimlarni kiyib yurish o‘zbek qizlariga mutlaqo yarashmaydi. Sharqona urf-odat va milliy mentalitetimizga xos kiyimlarni kiyish orqali atrofingizdagilar orasida e’tiborga sazovor bo‘ling. Unutmang, chiroyli va orasta libos kishining ziynati hisoblanadi.
Yana o‘qing: Buyrak-tosh kasalligi bolalarda qanday kechadi?