Birinchi xat
Onaginam, bedor boqib yulduz toʻla samolarga,
Sogʻinchimni, salomimni soʻzlamayman sabolarga.
Tong nuriga belangancha yumganda ham tun koʻzini,
Men bedorman, bedorlikda dars bergayman daryolarga.
Quchogʻingda baxting boʻlib toʻlsam degan goʻdagingman,
Koʻzlaring bir toʻysa deyman rangin-rangin jilolarga.
Bagʻri sahro bir sen emas, koʻcha yallo bir men emas,
Onalarning nasibasi – bardosh bermoq jafolarga.
gʻamim chekma, yuragini oʻgʻirlatib qoʻymasa deb,
Muhabbat deb topinmasman men duch kelgan roʻyolarga.
Kelar hali duolarining ijobatga oʻtajak kun,
Nuqta boʻlib borgum albat koʻksingdagi nidolarga.
Salomini yetkazgaysan yuzlariga shamol pardoz,
Paxta gardin surma qilgan barcha nozik adolarga.
Bu notugal qoʻshiq uchun avf aylagin Mashrabingni,
Sogʻinchimu muhabbatim sigʻmas axir hijolarga.
Ikkinchi xat
Yoʻllarimda koʻzlari toʻrt
Koʻzlari toʻrt onajon,
Dorilomon kunlarni kut,
Kunlarni kut, onajon!
Zaqqumlaring pinhona yut,
Pinhona yut, onajon!
Nodoʻstlarni etma xushnud,
Etma xushnud, onajon!
Oʻgʻling bu kun tolibi yurt,
Tolibi yurt, onajon!
Qorni ham toʻq, usti ham but,
Usti ham but, onajon!
Yurar goh hud, goho behud,
Goho behud onajon!
Lov-lov yonar koʻksida oʻt,
Koʻksida oʻt, onajon!
Orzulari koʻkda burgut,
Koʻkda burgut, onajon.
Ushalarmi, yoʻqmi yoxud,
Yoʻqmi yoxud, onajon!
Oʻzbekiston misli yoqut,
Misli yoqut, onajon,
Nigohlarga qalaydi oʻt,
Qalaydi oʻt, onajon!
Unga fido jonu vujud,
Jonu vujud, onajon!
Yoʻqsa harom sen bergan sut,
Sen bergan sut, onajon!
Saf boradi. Saf behudud,
Saf behudud, onajon!
Ulugʻ safda qoʻlimdan tut,
Qoʻlimdan tut, onajon!
Diydorimdan uzma umid,
Uzma umid, onajon!
Armonlaring boʻlar unut,
Boʻlar unut, onajon!
* * *
Yoʻllarimda koʻzlari toʻrt,
Koʻzlari toʻrt, onajon,
Dorilomon kunlarni kut,
Kunlarni kut, onajon!
Mashrab BOBOYEV
https://saviya.uz/ijod/nazm/onamga-xat-lardan/