Onamga xat

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorugʻ kunlarimga boʻlgandim ilhaq.

 

Yuzimga nafasing urilar iliq,

Ajib yorugʻlikka toʻlmoqda xona.

Suratim qoshida duolar qilib

Tagʻin yigʻladingmi, mushtipar ona?

 

Oʻsha gap, sevganim shu aziz Vatan,

Bu qadar tashvishlar yutmagil, bagʻrim,

Oʻksuk otam kabi hali ham zotan,

Qalqinib-qalqinib turibdi shahrim.

 

Bilaman… sirni boy berishlik yomon,

Oʻgʻlingga bu yoʻlda bardoshlar tila.

Baʼzan topganimni ichib qoʻyaman

Sirni boy bermasdan ulfatlar ila.

 

Biroq eh, bilmayman, goʻyoki zimdan,

Kimdir taʼqib etar meni beomon.

Qandaydir bir kimsa balki haqimda

Xunuk latifalar toʻqiydi, yolgʻon…

 

Ona, kuylanmagan bir kuy istayman

Va lekin aldogʻchi hislar olur jon.

Ehtimol, qalamni bekor qistayman,

Netayin, rostini aytgil, onajon.

 

Yashil daraxtzorni yechintirar kuz,

Poyimda bahorning alvido uni.

Beparvo yoshlikni ilgʻamaydi koʻz,

Qaylardan axtaray, onajon, uni.

 

Bilurman… yoʻlimda gʻichirlar toshlar,

Zaʼfaron kuz yangligʻ xayolim taqir.

Shaharning gʻavgʻoli tinchini tashlab,

Uzoq vaqt yoningga bormadim axir.

 

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorugʻ kunlarimga boʻlgandim ilhaq.

 

Baxtsizlikka oʻxshab ketar bu holim,

Sensiz baxtsizlikka oʻxshaydi qismat,

Sensiz yorishmasdi mening xayolim,

Dunyoning laqabi boʻlurdi hasrat.

 

Rauf PARFI

https://saviya.uz/ijod/nazm/onamga-xat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x