Sendan uzr soʻrayman, ona,
Boʻlolmadim sen aytgan oʻgʻil!
Goho qalbim kattarib ketdi,
Goh uzun boʻlib ketdi til.
Koʻkragimdan bosib yotsa ham
Ogʻir-ogʻir armoning qat-qat,
Men mehrimni qimmatroq bilib
Qilolmadim koʻplarga shafqat.
Koʻrmasin deb dunyoni, dilning
Koʻzini koʻr qilib tashladim.
Insonman-ku, goh burchim yedi,
Goho tilni yutib yashadim.
Goh tuproqday xor-zor oʻldim
Haqiqatni bilganim uchun.
Haqiqatni tanimaganlar
Tushunmadi meni, sen tushun.
Ming-ming uzr, yuz oʻgirsang-da,
Oq xayolim, aytay rostini:
Goh koʻrmadim koʻrganlarimni,
Goho magʻiz dedim poʻstini.
Tushunmoqchi boʻldim odamni,
Koʻkragimga mardona urib,
Tanimasdan hali dunyoni,
Hali oʻzni tushunmay turib.
Goh vafolar vafo qilmadi,
Xiyonatga qildim azimat.
Sadoqatni uchratib qoldim,
Bildim, u ham goho omonat.
Koʻksim mening ogʻriqqa toʻldi,
Yuragimning siniqlaridan,
Qonlar sizdi koʻzyoshlariday
Koʻkragimning yoriqlaridan.
Men mehrni sogʻindim bu kun,
Men qadrga bu kun zor boʻldim.
Tan olmadi meni odamlar,
Men-chi, sensiz tiriklay oʻldim…
Sendan uzr soʻrayman, ona,
Tilda salom, dilda arzi hol.
Oʻzing tushun tuqqan oʻgʻlingni!
Yoʻqsa menga yashamoq malol.
Salim ASHUR
https://saviya.uz/ijod/nazm/onamga-maktub/