Bir nur yoritadi ming yilki xonam,
Parilar raqs tushgan oltin ostonam.
Bu – onam yuzidan taralgan yogʻdu,
Ravzai jannatim, rizvonim onam.
Bir gul ayozlarda egmaydi boshin,
Bagʻrida asraydi sevgi quyoshin.
Oqshomlar yostiqlar koʻrdi koʻz yoshin,
Behishtdan nur olgan mujgonim, onam.
Bir qoʻl charchamoqni uyat, or bildi,
Mehnatdan oʻzini baxtiyor bildi.
Yetimlarni boqib yigʻladi, kuldi,
“Gul yetim”lar boqqan bogʻbonim, onam.
Bir qush polaponlari oltita otash,
Otasiz qolsa ne, kerak-ku yashash.
Kim topar onadan ortiqroq dilkash,
Allalarda shirin zabonim, onam.
Bir dil dilbandlariga “oʻqinglar”, – dedi,
“Insonlik ilmini uqinglar”, – dedi.
Sirgʻasin kitobga alishgan edi,
Zarlardan voz kechgan urfonim, onam.
Bir yoʻl yaratganga yetib boradir,
Savoblar kitobin bitib boradir.
Onalarni kaftida tutib boradir,
Karvonlar boshida sarbonim, onam.
Zuhriddin ISMOIL
https://saviya.uz/ijod/nazm/onamga-4/