* * *
Nodonlarga arzim yoʻq mening,
Soʻzdan maʼno termaydi ular.
Nomardlardan qarzim yoʻq mening,
Soʻrasang ham bermaydi ular.
Ona yurtim, senga arzim bor,
Haq soʻz aytsam, boʻlgil men tomon.
Onajonim, sendan qarzim bor,
U – vujudim, tanamdagi jon.
OʻGʻIL
Tob tashlagan yigʻloq eshikni
Astagina oching, ayajon.
Kusaganday mungli qoʻshiqni,
Duoingizni sogʻindim chunon.
Fotihaga qoʻlni ochgan dam,
Tilardingiz menga baxt-fayz.
Der edingiz: “Ulgʻayib, bolam,
Boʻlaqolgin kolxozga rais”.
Afsus, telba koʻngilning mayli
Taslim etdi jussamni jangsiz.
Shoirlikka daʼvom tufayli
Barbod boʻldi “buyuk reja”ngiz.
* * *
Yoʻqlar boʻlsam
Tushib yoʻl,
Boshimdan zar sochilgay.
Bargdek titrab ikki qoʻl,
Fotihaga ochilgay.
Ufurgan choq tanamga
Ezgu soʻzlar sabosi,
Bergim kelar bolamga
Onamning
Bor duosin.
Anvar OBIDJON
https://saviya.uz/ijod/nazm/onajonim-sendan-qarzim-bor/