(Shu nomdagi turkumdan)
1
Men dunyoga kelgan kundanoq,
Yoʻllarimga boʻldingiz chiroq.
Ulgʻaysin deb chekdingiz firoq,
Onajonim – jonu jahonim,
Duogoʻyim – chin mehribonim.
Yiqilganda suyanch edingiz,
Qoya kabi tayanch edingiz,
Nur edingiz, quvonch edingiz,
Onajonim – dono sarbonim,
Duolari tillo karvonim.
Qadringizni goho bilmadim,
Qoʻlingizga hassa boʻlmadim,
Kulbangizga vassa boʻlmadim,
Onajonim – gavhari jonim,
Duogoʻyim – shirin zabonim.
Uzoq ketsam yoʻlimga qarab,
Oʻltirgansiz zor-zor moʻltirab,
Men goʻl esa yurganman “yayrab”,
Onajonim – chashmi giryonim,
Nigohbonim – sarvari jonim.
Ayting, Sizni qaylardan topay
Kalishingiz gardlarin oʻpay,
Qabringizga koʻz yoshim sepay,
Onajonim – toza vijdonim,
Tomirimda oqqan pok qonim.
Oʻlim-ku haq, hamma oʻtadi,
Lekin ona qolsa, netadi?
Nahotki yer toʻymay ketadi?
Onajonim – koʻzda mujgonim,
Munisginam, obroʻyim, shonim.
Yulduzlarga boqib soʻzlayman,
Izlaringiz bedor izlayman,
Topib ber deb yelga boʻzlayman,
Onajonim – guli rayhonim,
Duogoʻyim, ruhi ravonim.
Siz bagʻrimda botmas oftobim,
Tunlarimda soʻnmas mohtobim,
Dunyolarga bermas kitobim,
Onajonim – gavhari jonim,
Duogoʻyim – nuri Iymonim…
2
Ona, avval eltgan gulim
Bosardingiz bagʻringizga.
Bugun esa uni yigʻlab,
Qoʻyarkanman qabringizga.
Voh, qaltirab ketdi qoʻlim,
Titradilar munis gulim.
Vo darigʻ, deb xayollarim,
Boʻlib ketti tilim-tilim…
Ona, siz ham gul edingiz,
Chiroyli sumbul edingiz.
Xushboʻy-xushboʻy hid taratgan
Rayhonu jambil edingiz.
Essiz, Sizni asrolmadik,
Koʻksimizga bosolmadik.
Mugʻjalaru yaprogʻingiz
Bogʻbon boʻlib, toʻsolmadik.
Urib ketti bandingizdan,
Johil shamol, johil toʻzon.
Uning qotil ekanini
Bilmay qoldik, jon-onajon.
Yoʻqsa, Sizni qalbimizda
Koʻkartirib yurmasmidik.
Posbon boʻlib, osmon boʻlib,
Boshingizda turmasmidik.
Uzr, ona, bugun yana
Gul keltirdim, Siz-chi besas…
Axir, ona qabriga gul
Qoʻymaganlar odam emas…
3
Bugun Sizni yana sogʻindim,
Qabringizga borib sigʻindim.
Yelga dardim aytib, yukindim,
gʻoʻr bolangiz kechiring, ona.
Siz shamchiroq ekansiz, bilsam
Toza buloq ekansiz, bilsam.
Shirin tuproq ekansiz, bilsam,
Shoʻr bolangiz kechiring, ona.
Siz boqsangiz – gul unar ekan,
Siz boqsangiz – gʻam soʻnar ekan,
Hatto loyqa suv tinar ekan,
Koʻr bolangiz kechiring, ona.
Bilsam, hayot Siz bilan koʻrkam,
Turmush ekan Siz bilan bekam.
Yoʻqsa dunyo biri kam ekan,
Goʻl bolangiz kechiring, ona.
Agar Sizni goho intizor –
Etgan boʻlsam yoʻllarimga zor,
Oʻpib dey man xokingiz takror:
Zor bolangiz kechiring, ona.
Nomingizga gar tushirsam dogʻ,
Mehringizni yo etmasam bogʻ,
Yoki soʻnsa Siz yoqqan charogʻ,
Yer – bolangiz kechirmang, ona!
4
Tayanib yashardim Sizga, onajon,
Talpinib yashardim Sizga, onajon,
Tayanchim yoʻq, talpinguvchim yoʻq,
Kuyunib yashayman endi, onajon.
Tayanchi yoʻq odam singan shox ekan,
Quvonchi yoʻq odam kuygan bogʻ ekan,
Tilloga koʻmilib yashasa hamki,
Koʻnglining yarmi sogʻ, yarmi dogʻ ekan.
Bolamga tayanib yashayman endi,
Qalbimga tayanib yashayman endi.
Duo qiling, duo qiling, onam deb
Elimga suyanib yashayman endi…
Duo qiling, duo qiling, onajon…
5
Jiydalarning xushboʻy gulida,
Bolarilar xushhol kuylaydi.
Siz suv sepgan koʻcha yoʻlida,
Bolajonlar shodon oʻynaydi –
Qaydasiz, onam?
Siz oʻstirgan payvandi gilos
Bugun shafaq rangga kiribdi.
Chevarangiz – toʻrt nuri eʼzoz,
Uzib bering, deya turibdi –
Qaydasiz, onam?
Qogʻoz guli gul emas deya
Aytardingiz takror va takror.
Hovlimizda ekkanlaringiz
Turfa gullar sochmoqda ifor –
Qaydasiz, onam?
Bogʻimizda besh tup tok oʻsar,
Besh panjasiga eslatar bizga.
Xol tushibdi yaqinda “qaysar”
“Halili”ning oppoq yuziga –
Qaydasiz, onam?
Ariqchaning boʻyida yalpiz,
Chuchmomalar boʻyin choʻzibdi.
Ular sizni izlashgan chogʻi,
Kiprigidan yoshlar sizibdi –
Qaydasiz, onam?
Idrokimga berib tasalli,
Manglayidan oʻpib koʻklamning.
Taqdir degan nomardga xoli
Aytar soʻzi shudir koʻnglimning –
Tinglang, onajon?
Nafasingiz tekkan gul, nihol
Qurimaydi, soʻlmas to abad.
Umringizday etadi davom
Sizga – Yerga boʻlganda payvand –
Barhayotsiz, onajon!
Toshpoʻlat AHMAD
https://saviya.uz/ijod/nazm/onajonim-gavhari-jonim/