Onajonim

Onajonim

 

Gʻamdoshimsiz, onajonim, sirdoshimsiz,

Mehribonim, mushfigʻimsiz, quyoshimsiz.

Bu dunyoning qaygʻusi koʻp, gʻam-anduhi,

Unga qarshi bardoshimsiz, bardoshimsiz.

 

Onajonim, dunyoning past-balandi koʻp,

Erka kiyik, ohularga kamandi koʻp.

Zahru boli, zardobidan oshadim xoʻp,

Yodingizdan panoh topdim, bardoshimsiz.

 

Ushbu dunyo yorugʻ, gohi zindon,

Gohi hakim, gohi jallod, gohi osmon.

Gohi tiyra boʻlsa koʻzga olam-jahon,

Boshginamdan nurlar sochgan quyoshimsiz.

 

Onajonim, bir armonim siz oʻzingiz,

Nega buncha erta yumibsiz koʻzingiz.

Qaygʻu-gʻamga koʻmib ketdingiz qizingiz?

Onajonim, sirdoshimsiz, gʻamdoshimsiz.

 

Onajonim, mehribonim, mushfigʻimsiz,

Jonajonim, quyoshimsiz, quyoshimsiz.

Onajonim…

 

 

Ona

 

Oyogʻimga kirmasin deb xas,

Poylarimga toʻshalgan ona,

Gʻam-qaygʻusi boʻlsin, deb abas,

Boshlarimda boʻlgan parvona.

 

Oq sutingiz iliq taftidan

Murgʻakkina vujudim qoni,

Butun dunyo ona taftidan

Kamol topur, siz uning joni.

 

Koʻzlaringiz nurini sochib

Tun-kechalar tebratib beshik,

Ilk qadamin qoʻyganda shoshib,

Farzand uchun qalbingiz eshik.

 

Mashaqqatlar chekkan, onajon,

Farogʻatlar sizga yot boʻldi.

Yuragimda ulugʻ bir armon,

Orzularim chechagi soʻldi.

 

Bu dunyoni erta tark qilib,

Qalbginamni tigʻlab ketdingiz.

Bogʻimdagi gullarim uzib,

Uni qayga tomon eltdingiz?

 

Onajonim, sizni qilib yod,

Hazin-hazin qoʻshiq kuylarman,

Zora boʻlsa pok ruhingiz shod,

Kecha-kunduz sizni oʻylarman.

 

Sizni oʻylab, sizni kuylarman,

Sizni aytib, sizni soʻylarman…

 

Munavvara QURBONBOYEVA

https://saviya.uz/ijod/nazm/onajonim-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x