* * *
Ona, kelganingizda
Koʻylak olib bermadim…
Pulim yoʻq edi, ona.
Ona, kelganingizda,
Ochilib gaplashmadim…
Vaqtim yoʻq edi, ona.
Ona, kelganingizda
Kulib-kulib yurmadim…
Baxtim yoʻq edi, ona.
Ona, kelganingizda
Yigʻlamadim oʻksinib…
Haqqim yoʻq edi, ona.
Ona, baxtiyor boʻling!
Sizni qoʻllasin taqdir.
Ona, baxt oʻzi nima,
Ona, bebaxtlik nadir?..
ONAMGA MAKTUB
Erta-indin yelar izgʻirin,
Yiqiladi bogʻlarga tuman.
Anglagani yashashning sirin
Soʻzlashaman yomgʻirlar bilan.
Mastu alast, begʻam doʻstu yor,
Toliqtirar qalbimni manim.
Shunda birdan boʻladi oshkor
YolQizlardan yolgʻiz ekanim.
Derazaga hoʻl bagʻrin bosib,
Kuzak tuni surganda xayol –
Men eng goʻzal sheʼrimni yozib,
Sizni eslab yigʻlashim ayon.
ONAMGA TASALLI
Hamma mendan minnatdor
Hamma ochadi quchoq.
Ammo qaydan qadalgan
Yelkamga buncha pichoq?
Pichoq kamaysa boʻldi –
Qaytarib bermayman men…
Ona, xavotir olmang,
Yelkam – osmon kabi keng.
Usmon AZIM
https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-xavotir-olmang/