Ona, aytgin,
koʻplik qilmasmi
shuncha tashvish yolgʻiz boshingga,
koʻnikkandek kunlarga asta
biz koʻnikib qoldik yoshingga.
Qadogʻ koʻzing,
qadogʻ qoʻllaring
bir daqiqa boʻlsa ham tinmas,
mehring daryo kabi ulugʻdir,
metin kabi bardoshing sinmas.
Ona, qachon koʻrganding gulni,
eslaysanmi shodlikning rangin,
osmonlarga boqqanding qachon
sochlaringni durrada tangʻib.
Ona, qachon yashading aytgin
yashayotgan bizlarmiz, ona,
hayratlansin bolalarim deb
sen yashamay qoʻygansan, ona.
Shavkat RAHMON
https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-aytgin/