Soʻzini ham, boʻzini ham oʻzgalarga bera kelmagan, oriyatli-orli, oʻrni toʻrlarda borli, oʻz otadosh-ovuldoshlari tugul, butun bir Qoʻshrabot tumaninda izzat-eʼtiborli Omonkeldi oqsoqolning toʻngʻich oʻgʻli toʻngʻiz qavmi qilmagan ishlarni – qimorbozlik, sharobbozlik, kazzoblik, shunga oʻxshagan borliq boz-bozliklarni qilishda, xotin olib, xotin qoʻyishda nom chiqazib otasini toliqtiribdi. Haromzadaligi bilan nom chiqazib, otasining yetti nomusini yerga kiritibdi. Na pandga quloq solibdi, na nasihatga. Bundan kuygan, jonidan toʻygan oqsoqolning qaddi dol, ahvoli aftodahol, egilmagan boshlari xam, taʼbi-tabiati shom boʻla boribdi. Bu gap Ergash boboning ham qulogʻiga yetib, oqin oʻzlik-oʻzicha:
– Nobakor oʻgʻil yovdan-da, dovdan-da, olovdan-da, talovdan-da yomon. Bunday farzand xudoning yuborgan bir balosi. Undan oʻlib ham, tutday toʻkilib ham qutulishning iloji yoʻq. Ota-onaga laʼnat keltirgani keltirgan. Oqsoqol bilan salom-aligimiz bor edi. Chatoq boʻlibdi, – deb shu termalarni bitibdi:
Meni yengganda yov ermas, oʻz loʻkcha, oʻz norim yengdi.
It, itolgʻi, quzgʻun ermas, oʻz lochin, oʻz sorim yengdi.
Qorli, qirovli qish ermas, oʻz bogʻim, bahorim yengdi.
Bozor qaytish qilmay turib[1] sersavdo bozorim yengdi.
Ne maydonlar koʻrib yelkam yerga tekkan emas erdi,
Ovuldosh, otadoshlarim mensiz toʻy toʻylamas erdi,
Meningsiz mingboshi, qozi mashvarat aylamas erdi.
Meni yengganda mendin soʻng karvonni tortarim yengdi.
Men bor yerga yoʻlolmasdi elga esh boʻlmagan zotlar,
Uchsa qaytib qoʻnolmasdi tildan tushmas parizodlar.
Qahrimga dosh berolmasdi ne dilozor, ne bezotlar,
Meni yengganda yogʻiymas oʻz oʻgʻlim, axtarim yengdi.
Uy aylanib… yeb yurganlar[2] oʻzin itmas sher chogʻlaydir,
Koʻz oʻngimda mendin oʻzin chandon ustuvor chogʻlaydir,
Yaloqxoʻrlar oʻzlik-oʻzin xonga jilovdor chogʻlaydir,
Meni yengganda yot ermas oʻrni toʻrda borim yengdi.
Ne koʻrgilik: kundin-kunga oshib borar ohim mening.
El qargʻishin olmagandim, bilmam, ne gunohim mening?
Oʻzing tavfiq ber bu itga, yo Rab, yo Ilohim mening.
Meni yengganda yov ermas oʻz taxti tojdorim yengdi.
Soʻng oqsoqolni aytib kelgani bir otliq yuboribdi. Oqsoqol ham oftob ogʻar-ogʻmas paytda yetib kelibdi. Peshin namozini birga oʻqishib, mayib-majruhlarga sabru qanoat, bemorlarga shifo, safardagilarga oq yoʻl, yetim-yesirlar rizqiga barakot, qizlarga hayo, yigitlarga bahodirlik, savdo-sotiq ahliga insof, farzandlari shaʼniga mehru oqibat, el-ulusga roʻshnolik, mamlakatga osoyishtalik, arkoni davlatga diyonat tilashibdi.
Hol-ahvol soʻrashib boʻlganlaridan soʻng dongdor suxandon oqsoqolni gapga solibdi. U kishi esa yuzida, koʻzida mung alomati boʻlsa ham oqinga dard yora bermabdi. Ota-da.
– Hamma gapdan xabarim bor, – debdi Ergash bobo. – Ot yetmagan yerga gap yetadi. Nima boʻlganda ham bolani qargʻash ota uchun nojoiz. Ota-onaning qargʻishini olgan farzandning kosasi oqarmaydi. Birgina shu emas, ikki dunyosi kuyib ketadi. Paygʻambarimizning sahobalaridan biri – Alqama haqidagi hikoyatni eshitganingiz bordir. Buningsiz ham:
Ilohim, bermading tavfiq azaldin qaqshagan qulman.
Otam bergan nasihatni quloqqa olmagan qulman,
degan baytu bandning oʻziyoq har bir qobil, noqobil farzand uchun ibrat boʻlmogʻi kerak. Yaratgandin oʻzga najot yoʻq. Insof berib qolar, tavfiq berib qolar.
Ergash boboning bu taskin-tasallilaridan oqsoqolning boshi yetti qat koʻkka yetib, koʻngli koʻtarilib debdi:
– Ilohim, aytganingiz kelsin! Biroq yaqin-yaqinlargacha oldimni birov kesib, biron kimsa gapimni ikki qilmagan edi. Endigi kunda qaynasa qoni qoʻshilmas yetti yotlar tugul, oʻz tugʻishganlarim ham gapimni qaytarib, har bir ishimdan qusur topishga, taʼnalar qilishga oʻtib oldi. Yaxshi farzand ota-onani toʻrga, bebaror, benomus zuryod goʻrga boshlar deganlari shu boʻlsa kerak. Toʻngʻichim – toʻgʻnagʻichim, deganlar. Mening ishimni esa toʻngʻichim qildi. U turgan joyda menga ayogʻimdan olishga chogʻlanib turgan ashaddiy dushmanning keragi yoʻq. Ish shu ketishda ketadigan boʻlsa hademay eldan chiqishim aniq. Dovon oshishimga ham…
Oqsoqolning ahvoliga ich-ichidan achinib oʻtirgan otash nafasli dostonnavoz debdi:
– Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Oqqan daryo toʻxtab qolmaydi. Daryoni toʻxtatib ham boʻlmaydi. Bu – bandasining qoʻlidan ham kelmaydi. Siz endi mana bunday qilasiz: dardi-hasratlaringiz bitilgan shu qogʻozni peshayvoningizga kirganda ham, chiqqanda ham koʻzga tashlanib turadigan yeriga yopishtirib qoʻyasiz. Natijasini keyin koʻrarsiz. Biz eshitarmiz.
Oqsoqol oqin nima degan boʻlsa shuni qilibdi. Oradan oylar oʻtibdi. Toʻngʻich oʻgʻli kun-bakun mullo mingan eshakday boʻla boribdi.
Soʻzning sehri yigitning orini keltiribdi. Jismi-joni qiynala borib, nobop-nojoʻya harakatlarining nima bilan tugashi koʻngliga gʻulgʻula solibdi. Bahodir qonsiragan qilichini qayta qiniga solgan misoli bosar-tusarini bilmay yurgan oʻgʻlon xayrli ishlarga bir-bir qoʻl urib, ishbilarmon, tilbilarmon tengqurlarining qatoriga qayta boshdin qoʻshilgan ekan.
Toʻra SULAYMON
1. VII. 90.
“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.
[1] Qazoyi qadarim yetmay turib.
[2] “Itdan it paydo boʻladi, uy aylanib tezak yer” maqoli eslanmoqda.
https://saviya.uz/ijod/nazm/omonkeldi-oqsoqolning-armoni/