Yaponiyada yuz bergan zilziladan soʻng qutqaruvchilar bir yosh juvonning uyi oldiga keldilar. Xarobalarni tozalab, uning ostida qolganlarga yordam berish kerak edi. Shu uyda yashaydigan ayolning tanasi bir-biriga suyanib qolgan devorlarning yoriq-darzlaridan koʻrinib turardi. U gʻalati bir holatda – xuddi ibodat qilayotganday oldinga egilgan, qoʻllari bilan nimanidir bagʻriga bosib olgandi. Uy qulaganda ayolning yelkasi va bosh qismi jarohatlangan, u allaqachon dunyodan koʻz yumgandi.
Qutqaruvchilar ayol tanasini deyarli koʻmib yotgan turli siniqlar va parchalarni asta-sekin tozalashdi. U guldor yoʻrgakka oʻralgan goʻdakni quchoqlab olgandi. Chaqaloq taxminan uch oylik edi. Uy yiqilgan chogʻda ona oʻz jonini fido qilib, bolasini qutqargan ekan.
Guruh boshligʻi bolakayni qoʻlga olgan payt u hali hech nimadan xabarsiz, tinchgina uxlab yotardi. Goʻdakni tekshirishga kelgan shifokor yoʻrgakni ochib, uning ichida yotgan qoʻl telefonini topib oldi. Telefon ekranida “Omon qolsang, unutma, men seni yaxshi koʻraman, bolam”, degan xat bor edi. Hali tanasidagi issiq jonidan, ongu shuuridan ayrilib ulgurmagan bechora ona qoʻlidagi telefonga bir umrlik vidolashuv va mehr xatini yozib ketibdi. Balki oʻsha oniy lahzalarda u oʻgʻlining chopqillab oʻynab yurganini, bejirim tuflicha va oppoq koʻylakda maktabga borganini, boʻydorgina yigitga aylanib jilmayib turganini xayolidan oʻtkazgandir. Cheksiz onalik mehr-muhabbatini ana shu bir ogʻiz gapga sigʻdirmoqchi boʻlgandir.
Qutqaruvchilar telefonni bir-biriga uzatar, onaizorning soʻnggi soʻzlarini oʻqib, koʻzlarida yosh halqalanardi.
Orif Tolib
“Irfon” taqvimining 2012 yil 4-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/omon-qolsang-unutma/